Messina zilzilasi.
1908-yil 28-dekabr. Sitsiliya orolining shimoli sharqiy qismidagi Messina shahri chuqur uyquda. Erta tongda shahar xalqi qattiq zilziladan uyg‘ondi... Bir necha minut ichida dahshatli zilzila Messina shahrini va uning atrofini vayronaga aylantirdi... Zilzila natijasida dengizda paydo bo‘lgan bahaybat to‘lqin zilziladan nimaiki omon qolgan bo‘lsa, barchasini xarob qildi. Sohilning bir qismi dengizga cho‘kib ketdi. Zilzila ketidan ko‘p joylarda yong‘in chiqib, xarobalami ular tagida qolib ingrashayotgan odamlar bilan birga kuydirib yubordi.
Zilzila vaqtida imorat bosib qolganlarni kovlab olish va ularga yordam berishda ishtirok etgan bir kishi shunday hikoya qiladi: «28-dekabr ertalab soat 5 dan 25 minut o‘tganda katta rus paroxodi Messina bo‘g‘oziga yaqinlashib keldi. Birdaniga paroxod titrab, chayqala boshladi. Bir necha lahza shunday davom etdi. Paroxoddagilar buning sababini tushuna olmadilar. Bo‘g‘ozga kirgach, paroxod to‘xtashga majbur bo‘ldi. Chunki nariroq borishning iloji yo‘q edi: bo‘g‘ozning hamma tomoni yemirilgan; to‘ntarilgan bochkalar, qayiqlar, yog‘och-taxta, mebellar yo‘lni to‘sib qo‘ygan, ular orasida ahyon-ahyonda odamlar ham ko‘rinib qolar, ular yordam so‘rab baqirar va yolvorib iltijo qilardi. Messina tepasidan buralib-buralib osmonga ko‘tarilayotgan alanga tong qorong‘iligida uzoqdan ko‘rinardi.
Men paroxod matroslari bilan qayiqda Messinaga yetib kelganimda tong yorishgan edi. Shaharda bor-yo‘g‘i 30 tacha uy qolgan, ular ham yemirilib, yaroqsiz holga kelgan. Ba’zi joylarda ko‘p qavatli binolarning faqat bitta-yarimta devori qaqqayib qolgan, xolos.
Xarobalar orasidan yurib borar ekanmiz, ilgari qayerda ko‘cha bo‘lganligini ham bilolmasdik. Xullas, ko‘chalar ham yo‘q, uylar ham yo‘q, Messina ham yo‘q!!!
Har tomondan ingragan ovozlar kelardi... Yomg‘ir yog‘ib turibdi. Messina o‘lim talvasasida. Yong‘in o‘chayotgan joylarda baqirgan ovozlar ham, ingrash ham eshitilmasdi... Ingrash va baqirish ovozi kuchayayotgan tomonga qarasak, yemirilgan bino ichidagi kattakon tosh devor bo‘lagi yonida yarim yalang‘och kishilar bir zontik ostida g‘uj bo‘lib o‘tirishibdi. Bu ota-ona va ikki bola — bir oila ekan. «Biz bilan yuringlar, sizlarga kiyim-bosh va ovqat beramiz», degan taklifimizga ona: «Ikkala bolamni bosib qolgan bu uyni tashlab hech qayoqqa ketmaymiz, shu yerda o‘lganimiz ma’qul», deb javob berdi. Onaning ko‘zi ma’nosiz boqar, qayoqqadir tikilar edi. Yarim yalang‘och ota o‘rnidan irg‘ib turdi-da, g‘ayritabiiy ovoz bilan baqirdi: «Qo‘yaber, hamma o‘laversin. Bu yerda mening ikki o‘g‘lim jon berib yotibdi». Biz ularning bolalarini kovlab olishga uringan edik, ota bor kuchi bilan biz tomon tosh otdi, u aqldan ozgan ekan... Musibat ularni shu alfozga solib qo‘yibdi.
Yomg‘ir sekinlashdi. Ingrash ovozlari eshitilayotgan xarobaga kelib, sochilib yotgan og‘ir toshlarni chetga olib tashlay boshladik. Uch soatlik mashaqqatdan so‘ng ikki erkak va bir qizni qutqarib oldik. Ulaming qo‘l-oyoqlari sinibdi. Juda ehtiyotkorlik bilan ularni qayig‘imizga olib bordik.
Xarobalar ostidan kishilarni kovlab olish kechgacha davom etdi. Birinchi kuni matroslar mingga yaqin kishini kovlab oldi. 0‘liklami ko‘mib ulgurib bo‘lmasdi. Biz kovlab olingan murdalarni bir joyga olib borib qo‘yib, vayronalar tagidan tirik kishilarni qutqarishga shoshilar edik. Odamlarga yordam berish o‘rniga qandaydir kishilar vayronalar ichida izg‘ib yurib, qim- matbaho buyum va pul axtarib hammayoqni titishar, murda- larning va turolmay yotgan majruhlamiig yonlarini kovlashar edi.
Ertasi kuni kunduzi shamol turdi. Dengiz to‘lqinlari suvdagi murdalarni qirg‘oqqa uloqtirardi. Qutqarish ishlari davom ettirildi. Majruhlarni paroxodga tashuvchi askarlarning keti uzilmas edi.
To‘satdan bir xaroba ostidan: «Meni kovlab olinglar. Bu yerda anchadan buyon yotibman. 0‘lib qolaman. Tezroq kovlab olinglar», degan bola ovozi eshitilib qoldi. Tezda bolani kovlab oldik. U joyidan irg‘ib turdi-da, u yoq-bu yog'ini qoqib bo‘lgach, ovqat so‘radi va ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Uning hech bir joyi shikastlanmagan: u bir uchi devorga taqalib qolgan taxta tagida bo‘sh joyga to‘g‘ri kelibdi. Bolani paroxodga olib ketdik. Shu kunlari qutqarilgan bir necha ming kishi Italiyaning turli shaharlariga olib ketildi.
Xarobalar tagida qolganlami qutqarish ishi davom ettirilayotgandi. Bir xaroba tagidan go‘yo bolalar talashayotgandek ovozlar eshitildi; darhol shu joyni kovlay boshladik. Kovlayotib to‘ntarilib yotgan shkafga duch keldik... Darhaqiqat, bolalarning ovozi shu shkaf ichidan kelayotgan ekan. Shkafni ochsak, ichida uch va besh yashar — ikkita o‘g‘il bola bilan olti yashar qizchaning oxirgi bir apelsinni talashayotgani ma’lum bo‘ldi. Ularning birontasi ham jarohatlanmabdi.
Messina zilzilasi benihoya ko‘p kishi halok bo‘lgan, beqiyos katta talafot keltirgan dahshatli zilzilalardan biridir. Bu zilzila vaqtida 160 ming kishi halok bo‘lgan.
Chili zilzilasi. 1960-yil 21-may ertalab Chilining Santyago shahridan janubda kuchli zilzila bo‘lib, binolar quladi, yer- lar yorilib ketdi, aloqa simlari uzildi, juda katta yong‘inlar chiqdi.
21-mayda zilzila Chilining butun janubiy viloyatlariga tarqaldi. 25-mayda zilzilaning kuchi 12 ballga yetdi. Zilzila dastidan 100000 kvadrat kilometr joy vayron bo‘ldi. 35 ta shahar va yuzlab aholi punktlari xarobaga aylandi. 150 ming uyni tog‘ yemirilib bosib qoldi, 10 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, 2000000 odam boshpanasiz qoldi.
Zilzila natijasida relyef o‘zgardi, yangi tog‘, yangi daryo, yangi ko‘l, yangi orol va yarimorollar vujudga keldi, eskilari g‘oyib bo‘ldi. Chili janubida yangi vulqon otila boshladi. Portlash natijasida eni 5 kilometr, bo‘yi 45 kilometr keladigan joy 200 metr chuqurlikka o‘pirilib tushdi, dengiz tubi relyefi o‘zgardi, kuchli sunami vujudga kelib, katta talafot yetkazdi.
Peru zilzilasi. 1970-yil 31-mayda Peruda kuchli zilzila ro‘y berdi. Zilzila bir necha kun takrorlanib, juda ko‘p shahar va qishloqlami xarobaga aylantirdi, 40000 kishining yostig‘ini quritdi, 600000 kishi boshpanasiz qoldi. Peruda qurbon va talafotlar ko‘pligidan bir haftalik motam e’lon qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |