Mavzuning ta`lim maqsadi.
Talabalarni rahbarlikka tegishli ayrim psixologik xususiyatlar, holatlar va jarayonlar bilan tanishtirish. Bu axborotni ularning xotirasida aks ettirish.
Mavzuning tarbiyaviy maqsadi.
Talabalar diqqatini istiqlol mafkurasiga qaratish va ularda istiqlol mafkurasi, milliy g’oyaviylikni o’stirish.
Insonning rahbarlik faoliyati uning psixologik sifat xislatlari bilan chambarchas bog’liq. Uning psixik holatlari undagi psixik jarayonlarining xususiyatlari rahbarning boshqaruv faoliyatida muhim rol o’ynaydi.
Tashkilotchi rahbarning psixologik xususiyatlarini bilmasdan turib, ularning ilmiy asosda tadqiq etmasdan turib uni boshqaruv faoliyatiga tayyorlash mumkin emas. Biz bu ma`ruzamizda rahbarning boshqaruv faoliyatida zarur bo’lgan ayrim psixologik jarayonlar, holatlar va sifatlarni ko’rib chiqamiz. Bu maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalarni hal etishga harakat qilamiz:
1. Rahbarning boshqaruv faoliyatidagi pog’onalarida qaysi sezgi va idrok sifatlari
ishtirok etishini aniqlash;
2. Diqqatning qaysi turlari unga ko’proq yordam berishini aniqlash
3. Uning asab, psixik reaktivligini qo’zg’alish tezligi va harakatga qobiliyatligi xususiyatlarini aniqlash;
4. Uning emotsional barqarorligi sifatlarini aniqlash;
5. Uning intellektual va emotsional holatini birligi xususiyatlarini aniqlash;
6. Boshqaruv faoliyatida rahbarning irodaviy xislat va mijoz sifatlarini ahamiyatini aniqlash.
Har bir inson o’zining sezgi organlari orqali tashqi muhitdan axborot oladi. Agar o’z kuchi va ko’rinishiga ega qo’zg’atuvchi bo’lmasa, sezgi o’z funktsiyasini bajarmaydi. Analizator ishdan chiqqan bo’lsa ham, sezgi paydo bo’lmaydi. Bizning sezgilarimiz, bu ob`ektiv borliqning sub`ekt tomonidan aks etish qobiliyatidir. Sezgilar orqali biz predmet va hodisalarning ayrim xislatlarini idrok etamiz. (ta`m, hid, tovush, suyuqlik, harorat va boshqalar).
Insonning sezgi organlari orqali axborotni idrok etiladi. Idrok sezgiga nisbatan murakkabroq psixik jarayondir, uning davomida xotira taasurotlari va tafakkur ham ishtirok etadi. Qo’zg’atuvchilarning turiga va analizatorga ko’ra quyidagi sezgilar vujudga keladilar: ko’rish, eshitish, ta`m, hid, harorat, taktil, muskul harakat, muvozanat va dard sezgilari. Bu sezgilar yordamida rahbar barcha predmet va hodisalarga xos bo’lgan xususiyatlarini anglab, bilib oladi va o’rganadi ulardan o’z ehtiyojlari uchun foydalanadi. Insonning sezgilari, bilish jarayoni jumlasidan bo’lib, idrok, xotira, xayol, tafakkur kabi boshqa jarayonlarni axborot bilan ta`minlaydi va insonni bu predmet hodisa, holatlarga nisbatan muloqot o’rnatishga, ular bilan ma`lum munosabatda bo’lishiga imkon yaratadi.
Sezgi organlari, retseptorlari, analizatorlari normal funktsiyaga ega rahbar har bir narsa harakatni to’g’ri va ongli idrok etadi va u ularga nisbatan maqsadga muvofiq ish tutadi. Rahbar tashqi muhit haqidagi informatsiyani to’g’ri qabul etishi uchun undagi sezgi turlari eksterotseptorlar, interoretseptorlar yaxshi faoliyat ko’rsatishi lozim.
Rahbarning asosiy sifatlaridan biri uning sezgirligidir. Bu sifat orqali u hamma narsadan vaqtida bexabar bo’ladi, boshqaruv faoliyatida tez va sifatli diagnostik prognostik va korrektsion xulosalar chiqarib, muayyan qarorga keladi. Mamlakatimiz allomasi, buyuk bilimdon Abu Rayhon Beruniy ta`kidlaganidek, sezgilar ko’z bilan ko’rish, quloq bilan eshitish, burun bilan hidlash, til bilan tatish va teri bilan tegib bilishdan iborat bo’lib ilm va ma`rifat faqatgina o’shalar yordamida hosil bo’ladi. Beruniyning aytishlaricha, sezgilar o’z qo’zg’atuvchilari orqali qo’zg’aladi. Agar ular me`yorida bo’lsa, yoqimli va zararsiz, ortiq bo’lsa, zararli va halokatga olib keladi.
Agar sezgilar orqali rahbar narsa hodisalarning ayrim tomonlari ba`zi xususiyatlarini aks etsa, idrok jarayonida u bu narsa va hodisalar obrazini to’la aks etadi. Rahbar faoliyatini samarali boshqarishda uning ihtiyoriy idrok qobiliyati yordam beradi. Bunda rahbar aniq maqsad asosida muayyan ob`ektni idrok etadi va real axborotga ega bo’ladi. Bu jarayonda rahbarning qo’zg’atuvchanlik qobiliyati ishtirok etadi.
Rahbarlik faoliyatda rahbar tomonidan fazoni, vaqtni, harakatni to’g’ri idrok etishi katta ahamiyatga ega. Bu uning kerakli vaqtda, kerakli harakatlar qilishini ta`minlaydi.
Psixofiziologik tadqiqotlar natijasiga ko’ra ishlab chiqarish bilan shug’ullanadigan rahbarlarda qo’shma aralash idrok kuchli rivojlangan. Uning foizi 14,9% eng ko’p tsex boshlig’iga to’gri keladi. Brigadirda 63,4%, direktorda 54, 5%.
Boshqaruv pog’onasining ko’tarilishi bilan ko’rish sezgisinish hissasi kattayadi. TSex boshlig’ida bu sezgi eng kam 13,3%ni direktorda 18,9% ni tashkil etadi. Ularda eshitish sezgilarini hissasi ancha yuqori bo’lib, bu hislat brigadir va masterda juda kam o’z ifodasini topadi – 11,5% va 5,5%.
Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, agar rahbar bajaruvchilarga qancha yaqin bo’lsa shuncha ko’p ko’rish sezgisini ishlatadi. Bu vizual aloqa bilan bog’liq. Uning bevosita aloqalariga bugungi sharoitda (kompyuter, telefon, telealoqa yordamida) ham ko’rish ham eshitish sezgilari ishtirok etadilar.
Hozirgi zamon rahbar shaxsiyatida sezgirlik, kuzatuvchanlik, narsa va hodisalarni to’la va bir-biri bilan bog’langan holda idrok etish qobiliyatini o’stirish boshqaruv psixologiyasining asosiy vazifalaridan biridir.
Rahbar faoliyatiga eng ko’p tasir etuvchi psixik jarayoni bu uning tafakkur etish qobiliyatidir. Istiqlol har bir maxsus yangi tafakkur, yangi ma`naviyat, yangi bilimlar shakllanishida ko’pdan ko’p sharoit yaratdi. Bu sharoitlardan oqilona foydalanish, o’zining bilim, malaka, sifat hislatlarini jahon andozalari mezonlariga asoslab qadriyatli yangilash, rivojlantirish, har bir rahbar, tashkilotning oldida qo’yilgan asosiy maqsadlaridir.
Rahbarlikka tegishli bo’lgan tafakkurning bir xususiyati shundan iboratki, narsa va hodisalar haqidagi idrok, tasavvurlarimiz so’zlar yordamida paydo bo’ladi. Bu jarayonda abstraktsiyalash xususiyati ishga tushib, insonni yangiliklar yaratishga sabab bo’ladi. Rahbarlikda bu sabab va oqibat oralaridagi bog’lanishlarni to’g’ri tushunishga yordam beradi. Bu psixologik qonuniyatga asoslangan boshqaruv faolligi ilmiy asoslangan, amaliy ahamiyatga ega va samarali bo’ladi.
Psixofiziologik tadqiqotlar natijasi shundan dalolat beradiki, rahbarlar tafakkuri jarayonida analiz (tahlil) va sintez (birlashishi) qobiliyati ko’p namoyon bo’ladi. Masalan bu xususiyatlardan tafakkurning analizga yo’nalganligi direktorda yuqori darajada 55,8% tsex boshlig’ida 43,4%, brigadirda 53,9% rivojlangan. Sintez qobiliyati eng ko’p darajada tsex boshlig’ida 56,6% ni eng kam 44,2% direktorda shakllangan.
Rahbarlik va boshqaruv umuman olganda, insonning tafakkuri, hissiyoti va irodasi mahsulidir. Rahbar tafakkuri sifatlaridan (analiz va sintez, taqqoslash, abstraktsiya, umumlashtirish, konkretlashtirish, sistemalashtirish) boshqaruvning natijalariga bog’liqdir. Bu sifatlarni rahbar shaxsining maqsadli shakllantirish, ulardan har tomonlama foydalanish boshqaruv faoliyatini optimallashuviga sabab bo’ladi.
Bu sifatlarning rahbar tafakkurida rivojlanishi uning ijodiy sifat hislatlarini vujudga keltiradi. Rahbar o’z tashkilotida ishchi xodim va jamoa o’rtasida yangi mustaqillik g’oyalari va tushunchalarini targ’ibot etadi va har bir xodim, ishchining yangicha fikr yuritishga mustaqil fikrga ega bo’lishga o’rgatadi. Mustaqillik g’oyalari ongiga singib yangi tafakkurga ega rahbargina boshqalarga o’rnak bo’lib har bir insonning tafakkurida ijobiy o’zgarishlar kiritishga qodir.
Rahbarlikda eng zarur bo’lgan psixik jarayonlardan biri diqqatdir. Diqqat bu inson ongini biron bir narsa hodisaga qaratishdir. Mashhur pedagog-psixolog YAn Amos Kamenskiy diqqatni yorug’lik bilan tenglashtiradi. Uning aytishicha diqqat ruhiy xayotimizning shunday yagona bir eshigidirki, ongimizga kiradigan axborotning barchasi shu eshik orqali o’tib kiradi.
Rahbarlik hamma vaqt rahbarning irodaviy faoliyati bilan bog’liqdir. SHuning uchun rahbar irodaviy diqqatlikka ega bo’lishi zarur. Uning diqqati hamma vaqt asosiy maqsadga qaratilgan bo’lib, shu bilan birga u o’z diqqatini butun faoliyatdagi tizimning har bir bo’limlariga qarata olishi va hamma o’zgarishlardan xabardor bo’lib turishi lozim. Bu holatda rahbarga yangi texnik vositalar (teleaxborot, telefon aloqasi, kompyuter xizmati va boshqalar) yordam beradilar.
Agarda rahbar o’z diqqatini oz seziladigan kichik lekin faoliyat tizimi uchun kerak narsalarga o’z vaqtida qaratib, uni boshqaruv jarayonida hisobga olmasa, u kengayib butun tizim faoliyatini buzadi.
Tadqiqotlar natijasiga ko’ra rahbarning diqqati uning boshqaruv ishlariga tayyorgarligining asosidir. YUzaga kelgan muammolarga diqqatning qaratilishi, o’rganiladigan suhbat ma`nodorligini avvalroq ko’rib chiqilishi, majlisdan oldin ko’rib chiqiladigan savollarni tekshirishi, rahbar diqqatliligini, e`tiborliligini
talab etadi.
Har bir rahbar shaxsiyatida ixtiyoriy, ixtiyorsiz va ixtiyoridan keyingi turdagi diqqat mavjud. Bu turlardan optimal darajada o’z faoliyatida foydalanish - rahbarga ko’p yordam beradi. Bundan tashqari, rahbarning boshqaruv faoliyatida undagi tashqi va ichki diqqat yordam ko’rsatadi.
SHu bilan birga rahbar individual diqqat, guruh diqqati va jamoa diqqati imkoniyatlaridan o’z boshqaruv faoliyatida keng foydalanmog’i zarur.
Bugungi hayotimizning ravnaqini texnikasiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Texnika va axborot, ularni to’g’ri anglash, ularni " inson - inson ", " inson - mashina ", " inson -jamoa " tizimlarida o’z vaqtida, to’g’ri joriy etish - rahbarning individual psixik jarayonlarini, holat, sifatlarining namoyon bo’lish tezligi bilan bog’liq. Rahbar hayotdagi yangi talab, ehtiyoj, texnologiyalarni tezda sezsa, idrok etsa va tezda ularni tahlil etib to’g’ri xulosaga kelsa, tashkilot faoliyat tizimida bu yangiliklar, innovatsialarni tezda joriy etsa - bu rahbar bugungi talablarga javob bera oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |