Har bir mamlakat hukumati daromadlarga turlicha ta’sir ko‘rsatuvchi soliqlar tizimlaridan foydalanib, o‘z soliq siyosatini o‘tkazadi. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da soliq so‘ziga shunday ta’rif berilgan: «Soliq – ma’lum tartibda aholidan davlat foydasiga to‘lanadigan pul, mablag‘».
Majburiy badal sifatida soliqlar tegishli darajadagi byudjetga (yoki byudjetdan tashqari fondlarga) tushadi va ikki xil ko‘rinishga ega:
daromadlar va mulk soliqlari, fuqarolardan olinadigan daromad solig‘i, korxona, firmalar oladigan foydaga solinadigan soliq, mol-mulk va er solig‘i. Ular muayyan jismoniy va yuridik shaxslardan undiriladi va bevosita yoki to‘g‘ri soliqlar deyiladi;
tovarlar va xizmatlarga solinadigan soliqlar: qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksizlar (tovarlar va xizmatlar narxlariga bevosita qo‘shiladigan soliq) er osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va shu kabilar. Bu soliqlarni bilvosita yoki egri soliqlar deyiladi.
Soliqlarni tartibga solish funksiyasi quyidagilardan iborat:
soliq solish tizimini o‘rnatish va o‘zgartirish;
soliq stavkalarini belgilash, ularning differensiatsiyasi;
soliq imtiyozlari berish – iqtisodiy siyosat vazifalariga muvofiq maqsadlarda foydalaniladigan foyda va sarmoyaning bir qismini soliqdan ozod qilish, aholining ayrim guruhlariga (nogironlar, pensionerlar, harbiy xizmatchilar) soliq imtiyozlari berish.
Aholi olish mumkin bo‘lgan daromadlarni shakllantirish nuqtai nazaridan soliqlar daromad solig‘i, mulk solig‘i va ish haqining bir qismini Pensiya fondiga ajratish (keyinchalik uni pensiya sifatida qaytarish) bilan bevosita ta’sir qilsa, firma ish haqi fondidan to‘lanadigan va boshqa soliqlar orqali bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.
differensiatsiyasi aholining daromadlar guruhi bo‘yicha tabaqalanishi zichligiga uzviy bog‘liq.
Hozirgi vaqtda rivojlangan mamlakatlarda davlat byudjetlari daromadining 80-
90 %i soliqlar hisobiga vujudga keladi. O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyot- ning bundan keyingi rivoji ham ko‘p jihatdan soliq tushumlariga bog‘liq. SHu sababli, bozor iqtisodiyoti qonunlariga amal qilib respublika soliq tizimini yangilab borish va uni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Soliqlar makroiqtisodiy rolining keskin o‘sib boruvchi ko‘rsatkichi bo‘lib, ular hissasining yalpi milliy mahsulot hajmidagi hissasi hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichlar qancha yuqori bo‘lsa, davlat shuncha qudratli bo‘ladi.
Ma’muriy buyruqbozlik tizimida soliqlar o‘rniga turli ajratmalar va to‘lovlar joriy etilgandiki, ular o‘sha davrning xo‘jalik yuritish usullariga mos tushar edi. Iqtisodiyotni boshqarishning bozor iqtisodiyotiga asoslangan yangi shakl va usullariga o‘tish bir tomondan korxonalar bilan davlat, boshqa tomondan aholi va davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali va murakkab o‘zaro munosabatlarni yangicha shart- sharoitlariga moslashtirishni talab qilib qo‘ydi.
Soliqqa tortish ishlarini shunday olib borish kerakki, uning natijasida davlat va mahalliy byudjetlar etarli manbaga ega bo‘lishi va undan mamlakat milliy iqtisodiyotining hamma sohalarida foydalanish imkoniyati yaratilishi, mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va xarajatlarni kamaytirishga erishilishi ta’minlanishi lozim.
Soliqqa tortish tizimini soliqlarning iqtisodiy mohiyati bilan bog‘lab o‘rganish va undan oqilona foydalanish respublika iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Soliqlar solish yo‘li bilan iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishning asosiy mohiyati shundaki, iqtisodiy jihatdan rivojlangan korxonalardan soliqlar ko‘proq olinib, boshqa korxonalarga engilliklar yaratib berilishi lozim.
Bulardan tashqari, soliqlar yordamida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tovar ishlab chiqarish va iste’molni ko‘paytirish yoki ba’zi hollarda ayrim tovarlarni ishlab chiqarishni kamaytirish mumkin, ya’ni soliqlar iqtisodiy jarayonlarni tartibga solib turishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Respublikada soliqqa tegishli qonunchilik bazasi yaratilgan bo‘lib, ularda mamlakat hududida amal qiluvchi soliq turlari va stavkalari, soliq sub’ektlari va ob’ektlari, soliqlarni to‘lashning tartib-qoidalari, soliq solish yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan engilliklar, soliq qonunlarini buzganlik uchun javobgarlik hamda soliq to‘lash yuzasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishning umumiy tartib-qoidalari belgilangan bo‘lib, ular bilan iqtisodiyotga ta’sir o‘tkazish quyidagi umumiy qoidalar asosida amalga oshiriladi:
manbalaridan qat’i nazar, barcha olingan daromadlardan soliqlar to‘lashning majburiyligi;
barcha hududiy-ma’muriy pog‘onalar uchun yagona bo‘lgan umumdavlat soliq siyosatini amalga oshirish;
o‘z faoliyati bilan eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ekologik muammoni hal etishga ko‘maklashayotgan samarali ishlovchi korxonalarga soliqlar bo‘yicha engilliklar berish, shuningdek xo‘jalik yuritishning ilg‘or shakl va uslublarini takomillashtirish orqali soliq qonunlarining rag‘batlantiruvchi funksiyasini oshirish;
deklaratsiyalar hamda tanlab o‘tkaziladigan tekshirish va taftishlarni amalga oshirish asosida barcha sub’ektlarning soliq majburiyatlari ustidan moliyaviy nazorat o‘rnatish, soliq qonunlariga rioya qilmaydiganlarga nisbatan ma’muriy yoki iqtisodiy choralar qo‘llash.
Soliq solishdagi muhim mezon soliq stavkasini maqsadga muvofiq belgilashdir. U soliq solish ob’ekti va sharoitlariga qarab o‘zgarib borishi kerak, aks holda ishlab chiqarishni talab darajasida o‘stirish yoki daromadni ko‘paytirib borishni rag‘batlantirishdan iborat funksiyasini bajarmay qo‘yadi, chunki agar soliq stavkasi g‘oyat yuqori bo‘lsa, davlat byudjetining daromad qismi oshib boradi. Lekin bu sharoitda soliq to‘lovchilar daromadlarini ko‘paytirishdan kamroq manfaatdor bo‘ladilar, chunki daromad oshgani sari uning katta qismi soliq tariqasida olib qo‘yiladi va unga qoladigan daromad kamayadi.
Soliqlar takror ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir etib, iqtisodiy faollikni tartibga solib turuvchi vositalardan biriga aylanishi lozim. Bu masalada sanoati rivojlangan mamlakatlarda qo‘llaniladigan «tezlashtirilgan amortizatsiya» deb ataladigan soliq mexanizmining ahamiyatini kuchaytirish kerak. Uning mazmuni shundan iboratki, soliq organlari korxonalarga amortizatsiya fondiga asosiy kapitalning haqiqiy emirilishidan ham ortiqroq summani ajratishga ruxsat beradi. SHu tariqa soliq solinadigan foyda hajmi kamayadi. Tezlashtirilgan amortizatsiya usuli korporativ sektorda kapital mablag‘larni rag‘batlantirish, ayniqsa, fan tarmoqlarini rivojlantirishda keng foydalaniladi.
Soliqlarning iqtisodiy jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solib turishdagi
asosiy hamda eng muhim mexanizmlardan biri ekanligini e’tirof etish lozim. Soliqning har qanday turi korxonalar va aholi daromadlarining bir qismini davlat va mahalliy byudjetlariga undirib olish funksiyasini bajaradi. Vaholanki, bu mablag‘lar ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi sotib olish yoki boshqacha qilib aytganda, ishlab chiqarishni kengaytirish uchun ishlatilishi mumkin. SHunday ekan, soliq solish tizimini takomillashtirish milliy iqtisodiyotni barqarorlashtirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |