Mehnat jarayonining asosiy sharti jamiyatda mehnat potensialining mavjud bo‘lishidir. Iqtisodiy adabiyotlarda hozirgacha jamiyatning mehnat potensiali tushunchasiga turli qarashlar mavjud bo‘lib, bu tushuncha bilan bog‘liq «mehnat resurslari», «ishchi kuchi» tushunchalarini undan farqlash zarurati bo‘lganligi sababli ushbu tushunchalar munozarali masala bo‘lib qolmoqda.
«Potensial» atamasi ilmiy muomalaga bundan 15-20 yil oldin kiritilgan edi. Etimologik jihatdan u «yashirin imkoniyatlar, quvvat, kuch» ma’nosini anglatadi.
«Potensial» tushunchasining ma’nosini keng talqin qilish uni «qandaydir vazifani hal etish yoki muayyan maqsadga erishish uchun xarajatga keltirilgan foydalanilgan imkoniyatlar, mablag‘lar, zaxira manbai; ayrim shaxs, jamiyat, davlatning muayyan sohadagi imkoniyatlaridir», deb qarashdan iboratdir. SHunday qilib, «potensial»,
«potensialli» degan atamalar biron-bir kishida, korxonaning boshlang‘ich mehnat jamoasida, umuman, jamiyatda yashirin, lekin hali o‘z imkoniyatlari yoki qobiliyatlarini ular hayotining tegishli sohalarida namoyon qilmaganligini bildiradi. Agar «mehnat resurslari» va «ishchi kuchi» tushunchalar o‘zida faqatgina miqdoriy xususiyatlarni mujassam etsa, bulardan farqli ravishda mehnat potensiali ham miqdor, ham sifat ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oladi.
Ayrim iqtisodchilar mehnat potensialining miqdor ko‘rsatkichlari bevosita resurslar miqdoriga teng deb qarab, unga mehnat yoshidagi ishga layoqatli aholi, ishlayotgan o‘smirlar va pensionerlarni kiritadilar.
Mehnat potensialining miqdor ko‘rsatkichlari faqatgina resurslarning faol qismi bilan cheklanib qolmaydi. Mazkur miqdorga quyidagi toifa aholi qatlamini ham kiritish mumkin:
-mehnatga layoqatli aholining nofaol qismi;
-ishlash imkoniyati va istagiga ega barcha guruh nogironlari;
-mehnatga layoqatli yoshdagi imtiyozli pensionerlar;
-ishlash xohishini bildirgan o‘smirlar va yoshga doir pensionerlar.
Ushbu aholi qatlamlariga etarli miqdordagi ish haqi va qulay mehnat sharoitlari bilan ta’minlangan ish joylarini taklif etish yoki kasanachilik, uyda o‘tirgan holda pullik ishlar va xizmatlarni bajarish, maishiy xizmat ko‘rsatish (kichik shohobchalarda) kabi faoliyatlarga jalb qilish yo‘li bilan ularni jamiyatning faol va to‘laqonli a’zosiga aylantirish mumkin. Ularning ushbu faoliyatlari esa mamlakatda yalpi milliy mahsulot yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, moddiy resurs va zaxiralar, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda iqtisodiy taraqqiyotga erishishga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. SHu sababli yuqorida sanab o‘tilgan aholi toifalarini mehnat potensialining qo‘shimcha
(zaxira) miqdori sifatida e’tirof etish maqsadga muvofiqdir.
Bundan tashqari, potensialning faol miqdoriga mamlakatimiz hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan norezidentlarni (immigrantlarni) ham kiritish mumkin. Immigrantlarni potensial tarkibiga kiritishning sababi shundaki, ular ham mamlakat ishlab chiqarishida (moddiy va nomoddiy sohalarda) ishtirok etadi, iqtisodiyot tarmoqlarida o‘z ishchi kuchini namoyon qiladi, aqliy va jismoniy salohiyatini safarbar etadi. Garchi, norezidentlar o‘z mehnat faoliyati natijasidan olgan daromadlarining asosiy qismini o‘zlari olsalar-da, lekin mamlakat hududida o‘z ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq xarajatlarni (oziq-ovqat, dam olish, uy-joy ijarasi, kommunal, transport, uy-ro‘zg‘or), daromad solig‘i va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni amalga oshiradilar. Bu esa byudjet tushumlari va naqd pul aylanmasida o‘z aksini topadi.
Biroq, O‘zbekiston iqtisodiyotining bugungi holati uchun mazkur toifa ahlining ishtiroki u qadar sezilarli bo‘lmasa-da, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy elchixona va vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlarning hududiy, mintaqaviy bo‘limlari, qo‘shma korxonalar, xorij firmalari, dilerlik kompaniyalari, xorij korxonasi filial va shu’balari hamda hamkorlik tashkilotlarida norezidentlar mehnat va tadbirkorlik faoliyatlarini amalga oshirmoqdalar. Demak, bugungi kunda mamlakatimizda immigrantlar xizmati asosan xorijiy ulush yoki tegishlilikka ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda kuzatilmokda. SHuningdek, ularning mustaqil tarzda mamlakat mehnat bozorida paydo bo‘lishi va o‘z ishchi kuchini namoyon etishi kam uchraydigan hodisadir.
Iqtisodiyoti jadal rivojlangan, sanoat va ishlab chiqarish keng taraqqiy etgan, iqtisodiy o‘sish sur’ati talabiga nisbatan kam mehnat potensialiga ega mamlakatlarda (AQSH, Kanada, Rossiya, Germaniya, Avstriya, Fransiya, Koreya) immigrantlar alohida ahamiyatga ega. Mazkur davlatlarning iqtisodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish uchun milliy ishchi kuchining o‘zi etarli emas, natijada qo‘shimcha ishchi kuchiga talab paydo bo‘ladi. Bu talab esa o‘z-o‘zidan muhojirlar mehnati orqali qondiriladi. Demak, bir so‘z bilan aytganda, mehnat potensialida immigrantlar ham o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega.
Mehnat potensialining sifat ko‘rsatkichlarini belgilovchi dastlabki omil, inson resurslarining jismoniy holati va sog‘liq darajasihisoblanadi. Xar bir kishi to‘la- to‘kis hayot kechirish va o‘zi tanlagan mehnat faoliyati sohasida ishlay olishi uchun muayyan sog‘liq hamda jismoniy rivojlanish darajasiga ega bo‘lishi kerak. Ushbu ko‘rsatkich shaxsning jismoniy imkoniyatlari, quvvati va salohiyatini belgilaydi. Aynan ushbu imkoniyatlargina ishlab chiqarishni tashkil etish, samarali boshqarish va iqtisodiyotni yuritish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mehnat potensialini tadqiq etishda ularning tegishlilik xususiyatlariga ko‘ra
o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi. CHunki u tegishlilik darajasiga ko‘ra, o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, bir-biridan farqlanuvchi shaxsiy, tarmoq va hududiy ko‘rsatkichlar tizimidan iborat.
Miqdor ko‘rsatkichi xodimlar (asosiy va o‘rindosh) soni, ish kunlari miqdori, ish vaqti davomiyligi hamda xodimlarning ishlagan kun va soatlari miqdorida o‘z aksini topadi. Mazkur ko‘rsatkichlar orqali korxonaning xodimlar bilan ta’minlanganlik darajasi, bajarilgan ish hajmi, bitta xodimning bajargan ishi, mahsulot ishlab chiqarishga ketgan vaqt sarfi va mehnat unumdorligi kabilarni aniqlash mumkin.
Sifat ko‘rsatkichlari xodimlarning yosh, jins, ma’lumot, kasb-malaka, tajriba- ko‘nikma tarkibi bilan ifodalanadi. SHuningdek, xodimlar shtat jadvalining ma’muriy, boshqaruv, maxsus, xizmat ko‘rsatuvchi va yordamchi kabi personallarga bo‘linishini ham ularning sifat ko‘rsatkichlari deb qarash mumkin. Korxona kadrlari tarkibining sifat ko‘rsatkichi qanchalik yuqori bo‘lsa, faoliyati shunchalik darajada rivojlanadi. O‘zida oliy ko‘rsatkichli mehnat potensialiga ega bo‘lgan korxona yuqori raqobatbardoshlikka ega bo‘ladi. CHunki, tashkilot rivojini aynan malakali kadrlar ta’minlaydi. SHu bois bozor iktisodiyoti sharoitida korxonalar ularni ishga olish uchun harakat qiladilar va buning uchun o‘zaro «kurashadi»lar. Mazkur raqobatda ular qulay mehnat sharoiti va yuqori ish haqini asosiy qurol qilib oladilar. Demak, miqdor va sifat ko‘rsatkichlarning o‘zaro uyg‘unligi hamda mutanosibligi korxonada unumdorlik va taraqqiyotning bosh omilidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |