Men sevgan adib
Chingiz Aytmatov tom maʼnoda turkiy xalqlar adabiyotida juda katta oʻrin tutuvchi adib hisoblanadi. U haqda gapirganda qirgʻizlar qatori oʻzbeklar-u qozoqlar, qoraqalpoqlar ham faxrlanib, bizning yozuvchi deb aytadi. Zotan, Aytmatov nafaqat turkiy, Oʻrta Osiyo, balki butun basharga daxldor asarlar yaratdi va uning yoziqlari haligacha oʻz qiymatini yoʻqotmay, kerak boʻlsa, oshirib bormoqda.
Chingiz Aytmatov asarlarida yuqorida aytib o‘tganimizdek, umumanbashariy muammolar-u kechmishlar, tuyg‘ular-u taqdirlarni yoritgan va hammani birdek o‘ylantiroladi. Biz uning asarlarini o‘qiganimizda atrofimizda yoki o‘zimizda bo‘lgan voqealar, his etayotgan tuyg‘ularning tajallisini ko‘ramiz. Asarlarda xoh individual, xoh jamiyatga tegishli voqeliklar bo‘lsin, barchasi o‘z ahamiyatini zamon va makon tanlamasdan saqlab qola biladi. Aytmatov asarlari ana shunday universallikka ega ekani bilan ham butun dunyo xalqlarining mehrini qozonib, e’tibordan chetda qolmay kelmoqda.
Uning barcha asarlarida insoniy go‘zallik, ezgulik, hayot falsafasi juda teranlik bilan yoritilgan bo‘lib, borgan sari ahamiyatlilik kasb etib bormoqda. “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar” asarida ma’naviy masalalar juda o‘tkir syujet va mukammal kompozitsiya orqali ko‘rsatib berilgan. “Oq kema” qissasida esa inson hayotida bo‘ladigan ziddiyatlar, ekologik muammolar va go‘zal odamiylik ko‘rsatilgan bo‘lib, bunday katta, salmoqli, keng ko‘lamli mazmunni bir qissaning ichiga sig‘dira olish faqat Aytmatovning qo‘lidan kelsa kerak deb o‘ylab ham qoladi kishi. Umuman olganda, adibning barcha asarlari ana shunday katta ahamiyatga va zalvorga egadir. Mana shuning uchun ham Chingiz Aytmatov asarlari butun dunyo xalqlari uchun birdek tegishli va qadrlidir.
Aytmatov asarlarini mutolaa qilar ekansiz, uning yoziqlariga nisbatan qanchalar “shafqatsiz” ekaniga guvoh bo‘lasiz. Rost, adib o‘z qahramonlari taqdirini yaratishda hech qanday rahm-shafqatga yo‘l qo‘ymaydi. Ayni shuning uchun ham Chingiz Aytmatov asarlari o‘quvchiga inadi. Chunki bu hayot shunday shafqatsizliklardan iborat.
Yozuvchi hech qachon HAYOTIY me’yorlardan chiqib ketmaydi va boricha tasvirlaydi. Xuddiki, hayot bir shaklga ega-yu, Chingiz Aytmatov asarlari shu shakldan juda o‘xshash tarzda nusxa qilib olingandek. U o‘quvchilarini to‘laqonli ramziylikka tushirib ham qo‘ymaydi, asarlarda doim mengzash va taqvqoslash uchun voqeliklar mavjud bo‘ladi.
Chingiz Aytmatov shaxsiyatiga koʻp to‘xtalib o‘tmayotganimga sabab men uni aynan buyuk bir yozuvchi sifatida asarlari orqali taniyman. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. U aynan shu yoziqlari orqali sevimli bo‘ldi, shuning uchun uning qanday yozgani haqida gapirganimiz mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi, albatta. Ammo baribir uning ulkan xizmatlari, ibratli hayot yoʻliga ham bir to‘xtalib o‘tmasak, adolatdan bo‘lmas.
Aytmatovning katta davlat arbobi ekanini ko‘pchiligimiz bilamiz. Uning qachon, qayerlarda qaysi lavozimlarda ishlaganini o‘qiganmiz, eshitganmiz. Ammo men uning aynan O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar bilan aloqalarini, do‘stligini ta’kidlab o‘tishni istayman. Aytmatov O‘zbekiston yozuvchilari bilan juda qadrdon do‘st bo‘lganini ham uning, ham o‘zbek yozuvchi, shoirlarining esdalik asarlaridan bilib olsak bo‘ladi. Erkin Vohidov, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Primqul Qodirov kabi shoir va yozuvchilarimiz Chingiz Aytmatov shaxsiyati haqida juda ko‘p yaxshi gaplar aytishgan...
Chingiz Aytmatov o‘z xotiralarida uning Respublikamiz birinchi prezidenti Islom Karimov bilan ham juda yaxshi aloqada bo‘lganini aytib o‘tgan. O‘rta Osiyodagi ko‘plab muammolar, madaniy-ma’rifiy masalalarda Aytmatov O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda ishlagan. Markaziy Osiyo xalqlari Assambleyasini tuzish va anjuman o‘tkazish g‘oyasi ham Islom Karimov va Chingiz Aytmatovning suhbati davomida tug‘ilgani ma’lum.
Ha, Chingiz Aytmatov ana shunday buyuk adibdir. Biz uni o‘qishimiz, o‘qiganda ham his qilib, tafakkur qilib o‘qishimiz kerak. Zotan, uning bizga aytarlari, bashoratlari, nasihatlari ko‘pdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |