,,Eljernonga atalgan gullar’’ning dunyoga kelishi
Romanni yaratish g’oyasi haqida Deniel tibbiyot institutida o’qib yurgan paytlarida o’ylardi. O’sha paytda hali 18 ga ham to’lmagan yigitcha bu sohadagi oliy ta’lim u va ota-onasi o’rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir o’tkazyotganini anglab yetadi.
Romandagi kalitli metaforani Deniel otasi bilan birga o’tkazgan vaqtida o’ylab topgan edi. Eski-tuski buyumlar sotiladigan do’konda ,,kitoblar tog’i” ga duch kelgan Deniel bu xotirani hech qachon yodidan chiqara olmadi va romandagi Charlining intellekt tog’iga aylantirdi.
Roman yaratish uchun g’oya va ilhom izlab yurgan adibning oldiga bosh qahramon prototipi o’z oyoqlari bilan kelgan edi. Aqli ojizlar maktabida ingliz tilidan dars bergan Denielning sinfida ,, J “ harfli futbolka kiyib yuradigan bolakay bo’lgan. Bir kuni u ustozining oldiga kelib shunday degan: ,, Janob Kiz, meni eshiting. Bu aqli pastlar uchun sinf, shundaymi? … Bilaman bu – ahmoqlar uchun maxsus sinf. Sizdan so’ramoqchi bo’lgan narsam, agar men juda qattiq harakat qilsam va semestr oxirida aqlli bo’lib qolsam, meni oddiy odamlar sinfiga o’tkazasizmi? Men aqlli bo’lishni xohlayman.” Bu voqea asardagi bosh qahramon yaratilishiga turtki bo’lgan.
Asardagi Eljernon ismli sichqonning o’rnini dengiz cho’chqachasi egallashi ham mumkin edi. Lekin tibbiyot kollejidagi voqea yuqori intellektli bu jonzot o’rnida sichqonni qoldirish lozimligini taqozo qildi. Deniel tibbiy tajribalar o’tkazgan sichqon halok bo’ladi va u homilador ekanligi va ichida yana 6ta sichqoncha borligi ma’lum bo’ladi. Hayvonlarga mehri yuqori bo’lgan Deniel ulardan birining xotirasini o’z asarida abadiylashtirishga qaror qiladi.
Asar qoralamasini tayyorlash ishlari 1945-yilda boshlanadi. Adib o’z g’oyasi haqida rahbari Sten Li ga aytganida, uni komiks holda chiqarish taklifini olgan edi. Lekin yozuvchi komikslar bu asar g’oyasiga arzimasligini bilgan va uni yengil tirajlarga aylanishini istamagan. Asar dastlab hikoya janrida yoziladi va chop etilish uchun ko’p nashriyotlar yuzini ko’radi. Nashriyot rahbarlari, muharrirlar Denieldan faqat bir narsani iltimos qilishardi: asarni ijobiy tarzda yakunlash. Ammo yozuvchi bunga rozi bo’lmaydi va asar yana chop etilmay qolaveradi.
Va nihoyat, uncha mashhur bo’lmagan nashriyot bir qancha o’zgartirishlar kiritish sharti bilan bu hikoyani qabul qiladi va 1958-yilda ,,Eljernonga atalgan gular”hikoyasi dunyo yuzini ko’radi. Buning uchun esa, yozuvchi asarni 1/3 qismga qisqartirgan va qiyin gaplarni oddiysiga almashtirgan edi. 1966-yilda bu hikoya shu nomdagi romanga aylanadi chunki muallif fikricha, Charli intellektining rivojlanishi bilan birga unda bolalik xotiralari ham uyg’onishi kerak edi.
Roman Charliga hurmat yuzasidan uning nomidan hikoya qilingan. ,,Kitoblar tog’i’’ esa asosiy syujetning fundamenti bo’lib xizmat qilgan. Ko’plarning gapiga quloq solmay, roman yakunini o’z ixtiyoricha qoldirgan muallif to’g’ri ish qilganini butun dunyo anglab yetgan. Xo’sh, Charli aslida kim? Nega Deniel Kiz yakunni o’zgartirmadi? Sichqon uchun gullar nega kerak edi? Bularni spoylerdan maksimal darajada qochishga harakat qilib yozgan quyidagi taqrizim orqali bilib olishingiz mumkin.
#taqriz
Yengilgina fantastika
Birgina tig' va bir chimdim aql orqali istalgan insonni, jonzotni dahoga aylantira olish... Deniel Kizning Eljernonga atalgan gular nomli romanining asliyatini ochib berguvchi kalit aynan mana shudir. O'z dunyosiga ega bo'lgan lekin aqliy jihatdan boshqalarga qaraganda ortda qolgan asosiy personaj Charli Gordon mana shu asliyatning, yengil fantastikaning qurboniga aylandi. Hech kimga biror yomonligi tegmagan, aksincha faqat ezgulikka intilib yashagan (o'zi bilmasada) Charli hayotdagilar tomonidan qabul qilinmadi. Mehr istab uzatilgan qo'llari doimo javobsiz qolib kelgan bo'lsa, operatsiyadan keyin ham shunday bo'ldi. Charlining tog'asi, Janob Donner, Alisa Kinnianlar ham vaziyatni o'zgartira olishmasdi. Birgina hamdard va suyanchiq Eljernon (oddiy, oppoq laboratoriya sichqonchasi) mavjud edi. Eljernon bilan musobaqalashish, u bilan suhbatlashish orqali daholikka qo'yilgan ilk qadamlar u bilan vidolashish ila o'z nihoyasiga yetdi. Orada o'tgan voqealar esa Charlining o'zligini anglashga, hayotda o'z ,,meni"ni topishga bo'lgan behuda urinishlar edi.
Ojiz dahoga haqsizlar
Bu foydasiz urinishlarga yo'l ochib bergan daholar: Doktor Shtraus, Professor Harold Nemur, Bart Seldon bari-barchalari spektaklni chetdan kuzatayotgan rejissyorlardek yo'l tutishdi. Ularning ojizligi ham mana shunda edi. Bir noqisni dahoga aylantirib qo'yib uning keyingi taqdirini o'z yelkalaridan uloqtirishdi. Ular uchun operatsiyadan oldingi mas'uliyat Charlining oldidagi mas'uliyat emas, balki o'z kuchlarini jahonga ko'rsatib qo'yishda qoqilmaslik mas'uliyati edi.
Ojiz dahoning ,,chin" do'stlarichi?! Ha, ha o'sha doimo yordamga shay, Charli hayotini ularsiz tasavvur qila olmaydigan do'stlar. O'z manfaati, ko'ngil xushligi yo'lida beozor yigitdan foydalangan Jo Karp, Frenk Reyli, Jimpilardan-da qabihroq personajlar yo'q edi.
Charli baxtli bo'lishga haqli edi, daho bo'lib qolishiga umid bog'lasak bo'lar edi. Lekin bu dunyo (uning ota-onasi, singlisi, ,,do'stlari", daholigining chegarasi yo‘q doktorlar) unga haqsiz bo'lib qolaverardi. Haqsizlar ichra yashash esa o'lim bilan barobar bo'lur edi. Na seviklisi Alisa Kinnian va na Eljernon uni qutqara olishmasdi.
Bu sizga utopiya emas
Deniel Kiz bo'lganimda roman taqdiri qanday tus olgan bo'lardi? Aniqrog'i sevimli Charliyimning hayoti qay tarafga o'zgarardi? Mutolaa davomida Charli bilan birga bo'lgan Alisaga qanchalar havas qildim, qanchalar ayollik tarovatiga lol qoldim... Ha, sezganingizdek Charli bilan Alisani birlashtirgan bo'lar edim. Mayli, Charli yana ojiz omiga aylangan bo'lsa ham, mayli u daho bo'lgan paytlarni, sevgan-sevilgan chog'larini unutgan bo'lsa ham Kinnian xonim bilan birga bo'lishi kerak edi. Menimcha, Deniel Kiz ham ularni baxtli qila olmagani tufayli undan qanchalar xafa bo'lgan bo'lsam, o'zidan shunchalar nafratlangan bo'lsa kerak. Romandagi asosiy voqealar amalga oshishi ilojsiz fantastika bo'lgani kabi mening ,, yozuvchilik" mahoratim mevasi asnosida dunyoga kelgan yangicha ,, Eljernonga atalgan gullar'' ham o'z muxlisini topmay ,, nobud " bo'lur edi.
Romanni muvaffaqiyatli o'tgan va shundayligicha qolgan operatsiya ila tamomlaganimda nimalar sodir bo'lar edi? Charlidek minglab aqli noqislar dahoga aylangan va ular ko'nikkan olam aslida ,,boshqacharoq" ekanligini bilib qolishardimi? Yoki aynan mana shu ,,boshqacharoq'' , ,,g'alatiroq" dunyoning haqiqatlariga chiday olmay Charlidek yo'l tutisharmidi? Barcha ,,ojizlar'' osonlikcha bir tig'ning tagidan daho bo'lib chiqaveradigan jamiyatda his-tuyg'ularga o'rin qolmasdi. Hayot o'ta mukammallikka va barcha orzu qiladigan borliqqa aylangan bo'lardi. Bir mukammallikki, insonni aqldan ozdiradi, hammasi qanday bo'lgan bo'lsa shu holatiga qaytishni istaydiradigan reallik. Utopiyaga joy yo'q - bu dunyoda ham, garchi g'amli tuyulsa-da Charli Gordon va Eljernon dunyosida ham. Yashasin realizm!
Sarvinoz Shoxalilova
Media va kommunikatsiya fakulteti 3-bosqich talabasi
Do'stlaringiz bilan baham: |