ФИО автора: Rajabboyeva Gavhar Bahrom qizi
37- IDUM Tarbiya fani o'qituvchisi
Название публикации: «JADID MA'RIFATPARVARLARI QARASHLARIDA INSONPARVARLIK G'OYALARI»
Annotatsiya: Ushbu maqolada insonparvarlik g'oyalari va uning asosini tashkil qiluvchi axloqiy fazilatlar jadid ma'rifatparvarlari tomonidan ularning asarlari asosida yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: jadid, islohot, insonparvarlik,axloq
Har bir davr insoniyat hayotida buyuk o'zgarishlar bo'lishiga olib keladi. Aynan jadidchilik davri insoniyat sivilizatsiyasining tamal toshlaridan biri bo'ldi. Bu davr tarixda "yangilanish davri" deya nom qoldirdi. Tariximizning qaysi davrini olmaylik, yurtimizda ilmu- ma'rifat va ma'naviyatga bo'lgan intilish hech qachon to'xtamagan. Buni Muhtaram Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov o'zining "Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch" asarida to'xtalib, "Chorizm mustamlakasi davrida ma'rifat g'oyasini baland ko'tarib chiqqan jadid bobolarimizning faoliyati bunga yana bir yorqin misol bo'la oladi. Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy , Is'hoqxon Ibrat, Abdurauf fitrat, Abdulla Qodiriy,Abdulhamid Cho'lpon, Usmon Nosir kabi yuzlab ma'rifatparvar, fidoyi insonlarning o'z shaxsiy manfaati,huzur- halovatidan kechib, el- ulus manfaati, yurtimizni taraqqiy toptirish maqsadida amalga oshirgan ezgu ishlari avlodlar xotirasidan aslo o'chmaydi" deya, alohida ta'kidlab o'tganlar [1].49
Jadid ma'rifatparvarlari barcha sohalarda yangiliklar qilishga harakat qildilar.
Negaki, shu sohalarning bari insoniyat uchun xizmat qilmog'i darkor edi.
Jadidchilik dastlab XIX asrning 80- yillarida Kavkazda paydo bo'ldi va uning asoschisi Ismoil Gaspirali o'g'li edi. Turkistonda esa jadidchilik harakatini keng yoyishda Munavvarqori, Mahmudxo'ja Behbudiy, Adulla Avloniy, A.Fitratlar jonbozlik ko'rsatdilar. Turkiston jadidchilik harakatiga chor hukumati ma'murlari hamda mahalliy boylar qarshilik ko'rsatdilar, biroq jadidlarimiz qisqa vaqt ichida o'zlarining harakatlari tufayli xalq hayotida iqtisodiy- ijtimoiy tuzumni o'zgartirib, ilm- u - ma'rifat o'choqlarining yangilanishiga hissa qo'shdilar. Ularning bosh maqsadi,
jamiyatni to'ntarish yo'li bilan emas, islohotlar yo'li bilan rivojlantirish edi [2.192 - 194b].
Jadidchilar harakatlari davomida quyidagi masalalarni hal qilishga harakat qilganlar, diniy taassub va fanatizm, yangi o'zbek adabiy tilini ishlab chiqish, matbuot hurligi uchun kurashish, xalq uchun adabiyot va teatrni yaratish, xotin- qizlarni paranjidan chiqarish va jadid maktablariga qatnashishlarini ta'minlash yo'li bilan ular taqdirini o'zgartirish, mahalliy amaldorlarning chor hukmdorlari tomonidan siquvga olinishiga qarshi kurashib, shu yo'l bilan mustamlakachilik siyosatini isloh qilish edi. XIX asr ikkinchi yarmi - XX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan yirik allomalardan biri Is'hoqxon Ibratdir. U o'zining "Tarixi Farg'ona", Tarixi madaniyat", "Mezon uz - zamon" asarlarida pedagogik - ma'rifatparvarlik qarashlarini ilgari suradi.
Uning ilm- ma'rifatga chorlovchi she'rlarida, xoh publisistik , xoh ilmiy asarlarida va amaliy faoliyatida inson taqdiri birinchi o'ringa olib chiqiladi.
Munavvar qori ijodiy faoliyatida insonning ma'rifatli bo'lib, ko'zi ochilmaguncha vijdon uyg'onmasa na o'zini, na xalqining erkini muhofaza qila olishini o'z asarlarida ifoda etadi. Munavvar qori bolalarni savodxon qilishga qo'yilgan talablari bilan ularni o'qitish orqali tarbiyaviy ta'sirchanlikni "Adibi soni" darsligida tanlagan mavzular orqali amalga oshirishni nazarda tutadi. Darslikning "Ota - ona", "Oila a'zolari" kabi bo'limlarida ota - onani hurmatlash, aka - uka, qarindosh - urug'ni e'zozlash kabi g'oyalar alohida o'rin egallaydi.
Turkiston jadidchilari asoschilaridan biri, buyuk islomshunos, yuksak didli jurnalist Mahmudxo'ja Behbudiy axloq va tarbiyaning asosi - maktab, barcha ilmning boshi va ibtidosi maktab. Saodatning, fozil insonning ma'naviy chashmasi - maktab degan aqidaga amal qilgan. Bu borada "Ehtiyoji millat", "Samarqand usuli jadid maktabi xususida", "Buxoroda usuli jadida" kabi chiqishlaridan o'rin olga maqolalarida yangi usul maktablari, yangi maorif madaniyatini rivojlantirish, komil insonning tarbiyasi haqidagi ma'rifiy fikrlarni o'qish mumkin.
Taniqli o'zbek pedagogi va olimi Abdulla Avloniy "Turkiy guliston yoxud axloq" asarining birinchi sahifasidan to so'ngi sahifasigacha insonparvarlik g'oyalari ifodalangan. Adib asarda sabr, toqat, sabot va matonat masalalariga to'xtalib, " Har bir
ishda sabr ila harakat qilmoq lozimdur. Sabr inbsonlar uchun buyuk bir fazilatdir, maqsadga yetish yo'lidir. Nafsini sabr ila rom qilgan kishi har ishda oshiqmay, ohista harakat qilur. Nafsini halokatdan, g'ururdan saqlar. Sabr shunday bir kuchli narsadurki, shahvatni iffatga, g'azabni shijoatga, shiddatni hilmga, kattalikni tavozuga, yomonlikni yaxshilikka aylandurmoqga quvvati yetar... Sabr shodlig'ning kalitidur..." [3].
Avloniy fikricha , inson butun borliqning ko'rki va sharafidir. Inson o'z go'zalligi va murakkabligi bilan koinotdagi barcha mahluqotlardan afzaldir. Butun mavjudot insonga xizmat qilishi kerak, chunki inson uning sohibidir. Chunki insonning aqli bor. U shu aql yordamida ilm egallaydi, ilm tufayli dunyoni boshqaradi: "Ilm insonlarning madori, hayoti, rahbari najotidir. Agar aqlingni qo'li nafsingni jilovini ushlasa, sani yomon yo'llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko'p bo'lsa, bahosi arzon bo'lur, ammo aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko'paysa, shuncha qimmatbaho bo'lur" [4].
Zullisonayn yozuvchilardan biri Abdurauf Fitrat o'zining "Rahbari najot", "Munozara", "Oq mozor", "Abulfayzxon" maqola hamda asarlarida xalq orasida madaniyat tarqatish va ma'rifatparvarlik g'oyalarini ilgari suradi. Adib kishining har tomonlama barkamol inson bo'lib yetishishida axloqiy tarbiyaning o'rni juda katta ekanligini har bir asarida va tadqiqot ishlarida takror - takror uqtirib o'tadi. Yozuvchi "Rahbari najot" asarida axloqiy tarbiyaning maqsad va vazifasi, uni amalga oshirish yo'llari haqida to'xtalib o'tadi. Uning fikricha: axloqiy tarbiyaning vazifasi " insonni axloqiy barkamollikka yetkazish va uni jamiyatga foydali inson qilib tarbiyalashdan iboratdir. Bu maqsadni amalga oshirish uchun avvalo bolalarni jismoniy va fikriy tarbiyaga da'vat qiling, axloqiy quvvatlarni muhokama orqali tushuntiring, ularni yaxshi ishlarga odat qildiring, yomon ishlardan nafratlantiring" deya, barchani da'vat etadi [ 5].
Fitrat maktablarda bolalarga nisbatan qo'llaniladigan tan jazolarini butunlay qoralaydi, unga qarshi chiqadi. Bolani tayoq zarbi bilan yaxshi inson qilib tarbiyalab bo'lmasligini tushuntirib beradi [2.231b].
Fitrat o'z asarlarida vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, ozodlik, maqsad sari intilish, insonlarga mehr - shafqatli bo'lish, o'z manfaatidan xalq
manfaatini yuqori qo'yish g'oyalarini ulug'laydi. Vijdonsizlik, poraxo'rlik, ikkiyuzlamachilik, xalqqa zulm o'tkazish kabi sifatlarni qoralaydi.
O'zbek xalqining to'ng'ich pedagogi Hamza Hakimzoda Niyoziy axloqiy tarbiya xususidagi qarashlarida yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash ham alohida o'rin egallaydi. Uning fikricha, yoshlardagi insonparvarlik kishilarning qadr - qimmatini anglash, uni hurmat qilish, insoniy huquqlarini himoya etish, ularga hurmat bilan muomala qilishdan iborat bo'lishi kerak.
Yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash ularda o'ziga yaqin bo'lgan kishilarga, avvalo ota - onasiga samimiy muhabbat tuyg'usini rivojlantirishdan boshlanishi kerak. Shu tufayli ham, shoir o'z darsliklariga kiritgan bir qator she'r va hikoyalarida bolalarni o'z ota - onalariga mehribon bo'lishga , ularni qadrlashga va hurmat qilishga chaqiradi.
Hamza Hakimzoda o'zining "Baxil", "Saxiy", "Zolim", "Rahm", "Xiyonat","Sadoqat" hikoyalarida yoshlarni sadoqatli, kishilarga mehribon va g'amxor qilib tarbiyalash, ularda baxillik, zolimlik, zo'ravonlik, xiyonat va xoinlikka nafrat tuyg'ularini tarbiyalash g'oyasini ilgari suradi.
adibning fikricha, bolalarni, sabr - toqatli, sabot va matonatli qilib tarbiyalash kerak. Uning fikricha: "Shitobning ziddi - dushmani - sabrdir. Sabr - chidamli, ya'ni har ishda oshiqmaslik sabrli kishilarda pushaymon va armon bo'lmas sabr kishilarning yuragi bo'lib, dunyodan balo kelsa - da, ko'kragiga yetmay yo'q bo'lib ketar. Sabrli kishilar har yerda izzatlik, har kim qarshisida hurmat va obroli bo'lur. Sabrli kishilarni har kim sevar va chin ko'nglidan do'st tutar, agar sabrga o'zini bilib o'rgatib olgan kishi so'ngra og'irlik pisandiga ham kelmay qolur" degan g'oyalarni ilgari suradi [6].
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, insonparvarlik g'oyalarini turli davrlarda allomalarimiz turfa yo'llar orqali xalq ruhiyatiga singdirishga harakat qilganlar. Ularning qarashlarida va harakatlarida insonparvarlik g'oyalarini targ'ib qilish doimo ufurib turgan. Shuning uchun ham bu g'oyalar hozirda ham insonlar orasida ajdodlardan avlodlarga meros sifatida o'tib kelayotgan bo'lib, ular turli ko'rinishlarda namoyon bo'ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. I.A.Karimov "Yuksak ma'naviyat -yengilmas kuch"T. "Ma'naviyat"2010,49-b.
2.K.Hoshimov, S.Nishonova Pedagogika tarixi II qism darslik A.Navoiy nomidagi O'zb Mil Kut nash T - 2005, 231- b.
3. Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. 228 - 9b.
4. A.Avloniy. "Ikkinchi kitob",17-b.
N.Yo'ldoshev. "Rahbari najot" asarida bola tarbiyasi masalalari, "Xalq maorifi" jurnali, 1993, 3-4- soni, 31-2 b.
H.H.Niyoziy. "Qiroat kitobi", 1915 yil, 29-b
Do'stlaringiz bilan baham: |