«Mehnat statistikasi» fanining predmeti, uning boshqa fanlar bilan bog’liqligi va asosiy vazifalari
«Statistika» fani hozirgi kunda «Matematik statistika», «Statistikaning umumiy nazariyasi», «Ijtimoiy-iqtisodiy statistika», «Iqtisodiyotning turli tarmoqlari statistikasi», «Milliy hisobchilik va «Mehnat statistikasi» kabi fanlarni o’z ichiga olgan fanlar majmuidir. «Statistika» ijtimoiy-iqtisodiy ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy tomonini aniq makon va zamonda ularning sifati bilan uzviy aloqada o’rganadi.
«Mehnat statistikasi» XIX asr boshlaridan boshlab ortib borayotgan bandlik va ishsizlik muammolari tufayli statistikada o’ta muhim o’rinni egallay boshladi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda aholi sonining sezilarli o’sishi ish joylariga talab qilinayotgan mehnatga layoqatli aholining ko’payishiga olib keldi.
Muttasil o’sib borayotgan mehnat unumdorligi ishchi kuchiga ehtiyoj nisbatan (ba’zida mutlaq) kamayishini keltirib chiqaruvchi omil ham hisoblanadi. SHunga ko’ra mehnat potensiali, uning tuzilmasi, dinamikasi va hozirgi bosqichda undan foydalanishni statistik o’rganish alohida ahamiyat kasb etadi. «Mehnat statistikasi»ning asosiy maqsadi mehnat potensialini shakllantirish zaminlarini miqdoriy ta’riflash, uning tuzilmasini turli belgilar (jins va yosh; ma’muriy va malaka darajasi; hudud bo’yicha taqsimlanishi; ijtimoiy-kasbiy guruhlar bo’yicha va b.)ga ko’ra o’rganish; ishchi kuchi bozorini ta’riflash; ishga yaroqli aholining ijtimoiy, kasbiy va hududiy ko’chuvchanligi (mobilligi)ni o’rganish; ishchi kuchiga sarflar darajasi dinamikasini tahlil qilish hisoblanadi.
«Mehnat statistikasi»ning markaziy vazifalaridan biri – mehnat potensialidan foydalanishni (bandlik va ishsizlik ko’rsatkichlari; ish vaqtidan foydalanish darajasi; mehnat potensialidan etarlicha foydalanmaganlik oqibatida iqtisodiyotdagi yo’qotishlar) ta’riflash. U, shuningdek, «Mehnat statistikasi» ko’rsatkichlarining mamlakat iqtisodiy rivojlanishini ifodalovchi eng muhim ko’rsatkichlar bilan aloqasi va o’zaro bog’liqligini ham aks ettirishi, bundan tashqari, ishchi kuchi turmush darajasini aniqlovchi ko’rsatkichlar – aholining mehnat, turmush va dam olish sharoitlari darajasi va dinamikasiga ham statistik ta’rif berishi kerak.
«Mehnat statistikasi» birinchi navbatda aholining tabiiy tiklanishi va uning migrasiyasi hodisa va jarayonlarini o’rganuvchi demografiya bilan bog’liq. SHunday qilib, u mehnat potensialining shakllanish shart-sharoitlari, uning dinamikasi va undan iqtisodiyotda foydalanishni tadqiq qiladi. «Mehnat statistikasi» demografik statistika ma’lumotlaridan mehnat potensialining barcha miqdoriy ko’rsatkichlarini hisoblash va tahlil qilish metodologiyasini ishlab chiqishda foydalanadi.
«Mehnat statistikasi» «Matematik statistika» va «Umumiy statistika nazariyasi» bilan ham uzviy bog’langan. Demografiya va iqtisodiyotda barcha hodisa hamda jarayonlar ehtimollik хarakteriga (tug’ilish, kasallanish, shikastlanish, o’sish; iqtisodiyotning ko’pgina tarmoqlari faoliyati mavsumiy хarakterdaligi; siyosiy hodisalar va b.) ega bo’lganligi uchun, u «Mehnat statistikasi»da «Matematik statistika» va «Ehtimollik nazariyasi» usullaridan kengroq foydalanishni talab qiladi.