Tasviriy san`at – san`at turi bo`lib, rassomlik, grafika, haykaltaroshlik va foto san`ati sohalarini o`z ichiga oladi. Tasviriy san`at real borliqni ko`rgazmali obrazlarda, mavjud predmetlarni ularning tabiiy shakli, o`rni bo`lishini o`ziga o`xshatib, umumlashtirib va tipiklashtirib ifodalaydi.
Amaliy bezakchilik san`ati – tasviriy san`atning eng qadimgi turlaridan biri bo`lib, materialga berilgan bezak texnikasiga qarab farqlanadi. Xalq turmush madaniyatini xarakterlaydi. Amaliy bezak san`ati buyumlarining badiiyligi shu buyumlarning amaliy funksiyasi bilan bog`liq.
Hunarmandchilik – hunarmand, har xil oddiy mehnat qurollari yordamida xomashyodan turli mahsulotlar tayyorlanadigan ishlab chiqarish, shunday mahsulotlar tayorlanadigan kasblarning umumiy nomi. Bora-bora kulolchilik, duradgorlik, temirchilik, misgarlik, zargarlik, binokorlik, haykaltaroshlik, o`ymakorlik, toshtaroshlik, ko`nchilik, pichoqchilik, do`ppichilik va boshqalar ajrala borgan. Demak yuqoridagi ta`riflardan ko`rinib turibdiki, xalq hunarmandchiligining mohiyati, mazmuni, tuzilishi, xususiyati o`ziga xosdir. Respublikamizda mavjud bo`lgan xalq hunarmandchiligining Toshkent, Samarqand Buxoro, Nukus, Xiva, Termiz, Urganch, Namangan, Andijon, Farg`ona, Chust, Shahrisabz va boshqa markazlarining ta`limiy-tarbiyaviy imkoniyatlari beqiyos bo`lib, o`ziga xosligi jihatidan bir-biridan ajralib turadi.
O`zbek xalqining shakllanishi tarixi bilan uyg`unlashib ketgan xalq hunarmandchiligining o`nlab turlari bo`lishiga qaramasdan, hozirgi zamon ta`lim- tarbiya tizimida ulardan deyarli foydalanmasdan kelish hollari ham mavjud, bu esa mehnat va kasbga yo`naltirishda ta`lim tizimining milliy, mahalliy, etnik, tarixiy xususiyatlardan ajralib qolishiga sabab bo`ladi. Shuning uchun ham hozirgi kunda bu o`zbek milliy an`analarimizni qayta tiklash eng muhim vazifalardan biri bo`lib kelmoqda. Dunyoda har qanday hunar bo`lmasin, albatta uning ustalari va uning shogirdlari bo`ladi. Naqqoshlik, ganchkorlik, misgarlik, pichoqchilik, bo`yrachilik, gilamdo`zlik, zardo`zlik, yog`och o`ymakorlik, savatchi, temirchi, suyak o`ymakor, sangtarosh, chilgar, zargar va boshqa hunar ustalari bor. Milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga katta e`tibor berilayotgan hozirgi bir paytda o`zbek milliy an`analarimiz asosida ustozlar shogirdlariga o`z hunarlarini o`rgatib kelmoqdalar.
Har bir hunar qadimdan muqaddas hisoblangan bo`lib, ular hurmatlab, e`zozlab kelingan. Ota-bobolarimiz tomonidan ustoz va shogirdlar uchun o`ziga xos odob- axloq me`yorlari, maxsus tartib-qoidalar, urf-odatlar, muomala madaniyati, irimlar, duolar, milliy an`analar ishlab chiqilgan bo`lib, ularga qat`iy rioya qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |