MEHNAT SOTSIOLOGIYASI VA KATEGORIYALARI
REJA:
1. Mehnat sotsiologiyasi haqida tushuncha.
2. Mehnat sotsiologiyasi kategoriyalari.
3. Mehnatning funksiyalari.
4. Foydalanilgan adabiyotlar.
1.«Mehnat sotsiologiyasi» fani mehnatga oid sotsiologik va nosotsiologik yo’nalishdagi fanlar bilan chambarchas bog’liq. Binobarin, ular o’rganadigan soha, aksariyat hollarda, «Mehnat sotsiologiyasi»da o’rganiladigan muammolar bilan muvofiq keladi, chunki ularning ko’plari «Mehnat sotsiologiyasi» doirasida rivoj topadi. Ammo, shuni ham eslatib o’tish kerakki, hozir bu fanlar ushbu fan mavzusiga kiritilmay qo’yilgan muammolarni ko’tarmoqda. Masalan, «Kasblar sotsiologiyasi» doirasida u yoki bu kasbning o’rni va ahamiyati, xodim uchun istiqbolliligi, jamiyatning kasb strukturalari statiklari va dinamiklari, kasb tanlash motivlari, kasblarning nufuzi, kasbiy madaniyat muammolari, turli kasb uyushmalarining o’zaro aloqalari o’rganilayotir. «Sanoat sotsiologiyasi» sanoatning ijtimoiy muammolarini uch bosqichda o’rganadi. Bular umumiy (jamiyatdagi industrial munosabatlar), xususiy yoki tarmoq (sanoatdagi ijtimoiy hodisalar va jarayonlarga yo’naltirilgan) hamda, korxona doirasidagi ijtimoiy hodisalarga (korxona doirasida «insonlararo munosabatlar») oid bosqichlardir. «Tashkilotlar sotsiologiyasi» tashkilotda ishlab chiqarishni boshqarish tuzilmalari, rasmiy va norasmiy guruhlar, boshqarish va ijro etish tizimi, adaptatsiya, yetakchilik, martaba kabilarni o’rganadi. «Mehnat jamoasi sotsiologiyasi» insonlarning hamkorlikdagi mehnat faoliyati qonuniyatlari, mehnat jamoalarining turlari, vazifalari, tuzilmasi, ijtimoiy texnologiyalardan foydalanib, ularning faoliyatini yaxshilash, turli jamoalarda sotsiollashtirish, adaptatsiya, mehnat martabasi sharoitlarini boshqarish usullari va shakllarini o’rganadi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish «Mehnat sotsiologiyasi» o’rganadigan muammolar ko’lamining kengayishiga, hamda, «Tadbirkorlik faoliyati sotsiologiyasi» va «Mehnat bozori sotsiologiyasi» kabi yangi yo’nalishlarning paydo bo’lishiga olib keldi. «Tadbirkorlik faoliyati sotsiologiyasi» tadbirkorlik faoliyatining ijtimoiy-psixologik qonuniyatlarini o’rganadi. Uning vazifalari qatorida tadbirkorlarning, tovarlar va xizmatlar iste’molchilarining mayllari, istaklari, qadriyatlari, manfaatlari va ehtiyojlarini tadqiq etish, biznes-qatlam, asosiy biznes-guruhlar tarkibini aniqlash, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga to’g’anoq bo’layotgan va biznesning kriminallashuviga olib kelayotgan muammolarni o’rganish kabilarni keltirish mumkin. «Mehnat bozori sotsiologiyasi» esa bandlik, ishsizlik va mehnat mobilligini ijtimoiy muammolarini ko’rib chiqish, mehnat bozorining shakllanishi va uning mehnatga talab ish beruvchilarning faoliyati, ish qidirish, mehnat taklifi va yollanma xodimlarning ijtimoiy xulqi muammolari ijtimoiy-demografik guruhlarning motivatsiyasi o’rganish orqali tartibga solish tartibi bo’yicha ijtimoiy tadqiqotlar bilan shug’ullanadi. «Mehnat psixologiyasi» mehnat faoliyatining muayyan shakllari va insonning mehnatga bo’lgan munosabatini shakllantirishning psixologik qonuniyatlarini o’rganadi. «Mehnat iqtisodiyoti» iqtisodiy qonunlarning mehnat sohasida amal qilish mexanizmini, ularning mehnatni ijtimoiy tashkil etishda namoyon bo’lish shallarini o’rganadi. Zero, qiymatni yaratish jarayonining o’zi iqtisodiyotni qiziqtiradi. «Mehnat sotsiologiyasi» ishlovchi inson organizmining funktsional tadqiq qiluvchi «Mehnat fiziologiyasi» bilan mustahkam bog’liqdir. Bu har ikkala yo’nalish mehnatning bir xilligi xos bo’lgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish yo’llarini ishlab chiqadi. Sotsiologlar xodimlarning mehnat adaptatsiyasini boshqarar ekanlar, fiziologlarning mehnat bo’yicha ko’nikmalar, mahorat, bilimlarni shakllantirish qonuniyatlari, xodimlarda kasbiy jihatdan muhim sifatlarni ishlab chiqish charchashni kamaytirish va butun ish vaqti mobaynida mehnat unumdorligini yuqori darajada saqlash to’g’risidagi tavsiyalaridan foydalanadilar. «Mehnat huquqi» mehnat munosabatlarining yuridik tomonini belgilab beradi va mehnat sohasidagi xulq-atvorni nazorat qilish orqali amalga oshiradi.
Mehnat tushunchasi, uning mazmuni va xususiyati. «Mehnat» tushunchasi fiziologik nuqtai nazardan aytilganda-bu organizmda yig’ilib qolgan hayot energiyasi tufayli sodir bo’ladigan asab va mushaklar xarakati, hamda oqsil moddalarning mexanik ishga kirishuv jarayonidir. Ayni vaqtda, mehnat–bu murakkab ijtimoiy–psixologik jarayon bo’lib, u kishilarning yashashi uchun shart bo’lgan abadiy tabiiy zaruriyat.
Mehnat jarayonini tasvirlaydigan bo’lsak, u uchta asosiy tarkibiy qismni o’z ichiga oladi: -xom-ashyo materiali (mehnat predmetlari);
-mehnat vositalari; -jonli mehnat sarflari.
Ana shu uchta tarkibiy qismning o’zaro ta’sir ko’rsatish natijasi mehnat mahsuloti–tabiatning yangi mahsuloti bo’lib, u inson ehtiyojlariga moslashgan bo’ladi. Bular: yig’ib-terib olingan paxta hosili; parvarish qilingan chorva mollari; barpo etilgan uy yoki ko’prik, tikilgan kiyim yoki poyafzallardan tashkil topish mumkin. Hozirgi sharoitda mehnat jarayoni quyidagi xususiyatlar bilan ajralib turadi:
-mehnat jarayonining intellektual potentsiali ortadi, bu esa aqliy mehnat rolining kuchayishida, xodimning o’z faoliyati natijalariga ongli va mas’uliyat bilan munosabatda bo’lishining ortishida namoyon bo’ladi; -mehnat harajatlari moddiy qismining ulushi ortadi. Mehnat vositalari (mashinalar, asbob-uskunalar, mexanizmlar va shu kabilar) bilan bog’liq buyumlashgan mehnat ulushining ko’payishi fan-texnika taraqqiyotining erishgan yutuqlari bilan bog’liq bo’lib, inson cheklangan jismoniy imkoniyatlari sharoitida mehnat unumdorligi va samaradorligining ortishi hal etuvchi omil bo’lib xizmat qiladi; -mehnat jarayoni ijtimoiy jihatning ahamiyati ortadi. Hozirgi vaqtda mehnat unumdorligining o’sish omillari faqat xodim malakasini yoki yoki uning mehnatini mexanizatsiyalash darajasini oshirish bilangina emas, balki inson salomatligining ahvoli, uning kayfiyati, oiladagi, munosabatlar bilan ham bog’liqdir. Mehnat munosabatlarining bu ijtimoiy tomoni mehatning moddiy rag’batlantiruvchi omillarini to’ldiradi va inson hayotida muhim rol o’ynaydi.
Mehatning asosiy kategoriyalariga mehnat mazmuni va xarakteri kiritiladi. Mehnat mazmuni – bu xodimning mehnat predmetlari va vositalari bilan o’zaro munosabatga kirishuvidir. Masalan, tikuvchi tikuv mashinasidan foydalangan holda gazlama bilan ishlaydi, oshpaz taom tayyorlashda oziq-ovqat xom-ashyosi va mahsulotlaridan, shuningdek, o’zi uchun zarur bo’lgan pishirish jihozlaridan, gaz plitasidan foydalanadi.
Mehnat mazmuni quyidagi belgilar bilan xarakterlanadi: 1.Mehnatning murakkabligi. Olimning mehnati chilangar mehnatidan murakkabroqligi, do’kon rahbarining mehnati kassir mehnatidan qiyinroqligi tushunarlidir. Biroq, turli mehnat turlariga haq to’lash o’lchovlarini asoslash uchun ularni taqqoslash kerak bo’ladi. Murakkab va oddiy mehnatni o’lchash uchun «mehnat reduktsiyasi» tushunchasi qo’llaniladi.Mehnat reduktsiyasi - murakkab mehnatni oddiy mehnatga aylantirishdir, bundan maqsad turli murakkablikdagi mehnatga haq to’lash o’lchovlarini aniqlashdir. Jamiyat rivojlanganligi bilan murakkab mehnat ulushi ortib boradi, bunga sabab korxonaning texnika bilan qurollanish darajasining oshganligi, xodimlarning ma’lumoti va rivojlanishiga qo’yiladigan talablarning ortganligidir. Murakkab mehnat oddiy mehnatdan farq qilib, bir qator xususiyatlarga ega bo’ladi: -xodimning harakatlarini rejalashtirish, tahlil qilish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish kabi aqliy mehnat funktsiyalarini bajarish; -xodimning faol fikrlashni bir joyga to’plashi va aniq maqsad bilan intilishi; -qarorlar qabul qilish va harakatlardagi izchillik; -xodim organizmining tashqi ta’sirlarga aniq va to’g’ri aks-sado berishi; -tez, chaqqon va xilma-xil mehnat harakatlari; -mehnat natijalari uchun javobgarlik.
2.Xodimning kasbga yaroqliligi. Uning mehnat natijalariga ta’siri insonning qobiliyatlari, unda genetik iqtidorlarning shakllanishi va rivojlanishi, kasbni to’g’ri tanlash, kadrlarning rivojlanishi va ularni tanlash shartlari bilan bog’liqdir.
3.Xodimning mustaqillik darajasi. U mulkchilik shakli bilan bog’liq tashqi cheklanishlarga ham, shuningdek, ishninng murakkablik miqyosi va darajasi taqozo etuvchi ichki cheklanishlarga ham aloqadordir. Javobgarlik darajasini oshirganda, qarorlar qabul qilishda cheklashlarning kamayishi harakatlarning ko’proq erki bo’lishini, ijodkorlikni va ko’proq muammolarni hal etishga norasmiy yondashish imkoniyatini bildiradi. Har qanday erkinlik kabi mustaqillik darajasining ortishi ham hamma narsani bemalol qilish mumkinligini bildirmaydi. Xodimning mustaqilligi rivojlangan shaxsning o’z-o’zini anglash darajasi mezoni, ish natijalari uchun javobgarlik choralarini anglatadi.
Mehnat mazmunini tahlil qilish vaqtida mehnat jarayoida quyidagi funktsiyalar amalga oshirishi hisobga olinadi:
-zarur mehnat operatsiyalari tizimining maqsadi va uni tayyorlash bilan bog’liq bo’lgan mantiqiy funktsiya;
-ijro etuvchilik funktsiyasi-ishlab chiqaruvchi kuchlarning holatiga bog’liq ravishda mehnat vositalarini turli usullar bilan harakatga keltirish va mehnat predmetlariga bevosita ta’sir ko’rsatish;
-qayd etish va nazorat qilish funktsiyasi-texnologiya jarayonini, belgilangan dasturni bajarishning borishii kuzatish;
-tartibga solish funktsiyasi-berilgan dasturni tuzatish, unga aniqlik kiritish.
Mehnat xarakteri- mehnat to’g’risidagi fanning kategoriyasi sifatida mehnat jarayoni ishtirokchilari o’rtasidagi munosabatlardan iborat bo’lib, ular xodimning mehnatga bo’lgan munosabatiga ham, mehnat unumdorligiga ham ta’sir ko’rsatadi.
Mehnatni tahlil etishning eng muhim metodologik jihatlaridan biri mehnat funktsiyalarini bilib olishdir. Mehat o’zining asosiy ijtimoiy fuktsiyalarida quyidagicha namoyon bo’ladi:
-ehtiyojni qondirish usuli (bu mehnatning birinchi va eng muhim funktsiyasi bo’lib, insonning ijtimoiy turmushi ana shundan boshlanadi);
-ijtimoiy boylining yaratuvchisi (bu shunday faoliyatki, uning yordamida inson o’z ehtiyojlarini qondiradi, o’zi bilan tabiat o’rtasidagi moddalar almashinuvini bevosita ifodalaydi, tartibga soladi, nazorat qiladi);
-jamiyat ijodkori va ijtimoiy taraqqiyot omili (mehnat ehtiyojlarni qondirish va boylik yaratish bilan butun ijtimoiy taraqqiyotiga asos bo’ladi-jamiyatning ijtimoiy qatlamlarini va ularning o’zaro hamjihatligi asoslarini shakllantiradi);
-insonning yaratuvchisi (inson kishilar hayotining barcha boyliklarini yaratib, ijtimoiy taraqqiyot sub’yekti sifatidamaydonga chiqadi, umuma, jamiyatni mehnatga jalb qilib, o’z-o’zini ham rivojlantirib boradi, bilim va kasb malakalarini egallaydi, muomala va o’zaro yordam ko’nikmalarini shakllantiradi);
-insoniyatga ozodlik yo’lini ochib beruvchi kuch (u odamlarga o’z xatti-harakatlarining barcha uzoq tabiiy va ijtimoiy oqibatlarini oldindan hisobga olish imkonini beradi).
4. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1.Abdurahmonov. Q., Bozorov N., Volgin N. va boshqalar. «Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi». Toshkent: «O’qituvchi»-2001 yil, 8-27 betlar.
2.Abdurahmonov Q.H., Xolmo’minov Sh.R. «Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi». Toshkent-2004 yil, 7-16 betlar.
3.Aliqoriev N.S. va boshqalar. «Umumiy sotsiologiya». Toshkent-1999 yil, 127-130 betlar.
4.Dodobaev Yu.T., Xudoyberdiev A. «Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi». Farg’ona-2001 yil, 7-23 betlar.
5.Yelsukov A.N., Babosov Ye.M., Danilov A.N. va boshqalar. «Sotsiologiya». Minsk: «Tetra sistems»-1998 yil, 309-319 betlar.
6.Markovich D. «Sotsiologiya truda». Moskva: «Progress»-1988 yil, 11-167 betlar.
7.Toshenko J. «Sotsiologiya». Moskva: «Prometey»-1999 yil, 92-111 betlar.
8.Shoyusupova N.T. «Mehnat sotsiologiyasi». Toshkent-2004
Do'stlaringiz bilan baham: |