Qaysi holatlarda mehnat shartnomasini taraflar kelishuviga ko‘ra bekor qilish mumkin emas?
Qonunchilik mehnat shartnomasini uning taraflari xohishi va kelishuviga ko‘ra, shu jumladan, xodimning tashabbusi bilan ham bekor qilinishini cheklovchi holatlarni nazarda tutadi.
1) Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2005 yil 7 iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 23-bandida bitiruvchi uch yil majburiy ishlagandan so‘ng shu ish beruvchida ishni davom ettirish masalasi ish beruvchi va xodimning o‘zaro kelishuviga muvofiq mehnat qonunchiligi asosida hal etilishi belgilab qo‘yilgan.
Agar bitiruvchi uzrsiz sabablarga ko‘ra taqsimlangan joyda ishlashni xohlamasa, unga nisbatan amaldagi qonunchilik asosida choralar ko‘riladi.
Demak, bundan ko‘rinadiki bitiruvchi uch yil majburiy ishlab bermaguncha taraflar kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
2) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 27 iyuldagi 157-son “Muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash tariqasidagi jazolarning ijrosini tashkil etish hamda shartli hukm qilingan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrug‘ining 23-bandida jazolarni ijro etish inspeksiyasi belgilaydigan joylarda jazoni o‘tash muddati mobaynida jazolarni ijro etish inspeksiyasining yozma ruxsatisiz mehnat shartnomasini mahkumning tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanishi belgilangan.
3) Muqobil xizmatni o‘tayotgan fuqarolarga ham mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari tatbiq etiladi. Muqobil xizmatni o‘tayotgan fuqaro uni belgilangan joyda o‘tashi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga, ish joyida amal qiladigan ichki mehnat tartibi qoidalariga, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga rioya etishi shart. Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 martdagi 128-son qarori bilan tasdiqlangan “Muqobil xizmatni tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining uni o‘tashi tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda ish beruvchilar muqobil xizmat qilish uchun kelgan xizmatchilar bilan mehnat shartnomasi tuzishga majburligi belgilangan. Muqobil xizmat xizmatchilarini bo‘shatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |