Xalqaro mehnat tashkiloti va mehnatni xalqaro huquqiy tartibga solinishida uning o`rni. Xalqaro Mehnat Tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan muassasasi sifatida 170 davlatni o`zida birlashtiradi. Uning tashkiliy tuzilishi, vakolatlari va ish olib borish shakllari o`z Ustavida belgilab qo`yilgan. Xalqaro Mehnat Tashkilotining oliy organi bo`lib har yili bir marta uning barcha a`zo davlatlaridan iborat tarkibda chaqiriladigan xalqaro mehnat konferensiyasi hisoblanadi. Ushbu konferensiya faoliyatida har bir a`zo davlat 4 delegatdan (2 ta hukumatdan, 1 ta tadbirkorlardan, 1 ta xodimlardan) iborat tarkibda qatnashadi.
Xalqaro mehnat konferensiyasi 56 kishidan iborat (28 kishi hukumatlardan, 14 tadan tadbirkorlar va xodimlardan) ma`muriy kengashni tashkil etadi. Xalqaro mehnat byurosi Xalqaro Mehnat Tashkilotining doimiy kotibiyati sanalib, kundalik ijroiya faoliyati bilan shug`ullanadi, Bosh direktor tomonidan shakllantiriladi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti tarixiga nazar tashlansa, uning barpo etilishida AqSh kasaba uyushmalari, Amerika Mehnat Federasiyasi muhim rol o`ynaganligini ko`rish mumkin. 1910-yildan boshlab Amerika Mehnat Federasiyasi raisi Samyuel Gomiers boshchiligida Amerika kasaba uyushmalari bir necha yil davomida xalqaro miqyosida mehnatkashlarni himoya qilishning xalqaro tizimlarini yaratishga intilib keldi. 1919-yilda AQSh Prezidenti Vudro Vil`son «Millatlar hamjamiyati»ni yaratish tashabbusini olg`a surdi. Ushbu ikki g`oya boshqa davlatlar xalqlari tomonidan ham qo`llab-quvvatlandi va 1919-yil yanvar oyida bo`lib o`tgan Versal konferensiyasida muhokama qilinib, 1919-yil 25- yanvarida xalqaro mehnat qonunchiligi bilan shug`ullanuvchi 15 kishidan iborat komissiya tuzildi.
Komissiya Buyuk Britaniya taqdim etgan loyiha bo`yicha yangi (bo`lajak XMT) muassasa vakolatlari, unda hukumatlar, ish beruvchilar va xodimlar vakillarining ishtiroki, konvensiyalar ishlab chiqish, qabul qilish, ratifikatsiyalashni tashkil etish, ijro etilishini nazorat qilish mexanizmlari muhokama etildi. 1919 yili Millatlar Ligasi va Xalqaro Mehnat Tashkiloti tuzish to`g`risida Versal bitimi qabul qilindi.
Xalqaro Millatlar Ligasi maqsad va vazifalari faoliyat prinsiplari va shakllari uning Ustavida, Ustav tarkibiga kiritilgan Filadel`fiya Deklarasiyasida mustahkamlab qo`yilgan.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti o`z faoliyatini quyidagi tamoyillarga asoslangan holda yuritadi:
chet elda ishlayotgan mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish;
bir xil qiymatdagi mehnat uchun teng haq to`lash;
tashkilotga birlashish erkinligi tamoyilning tan olinishi;
kasb-hunar ta`limini tashkil etish va boshqalar.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustaviga muvofiq norma ijod qilish, ya`ni mehnat sohasida xalqaro huquqiy andozalarni yaratish uning asosiy faoliyat yo`nalishlaridan bo`lib hisoblanadi. Shuni aytish kifoyaki, 1997-yil iyun oyigacha bo`lgan davrga kelib Xalqaro Mehnat Tashkiloti qabul qilgan xalqaro huquqiy hujjatlar soni 364 taga yetdi. Ulardan 180 tasi konvensiya, 184 tasi tavsiyalardan iborat.
Mustaqillikka erishganimizdan keyingi yillar davomida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Xalqaro Mehnat Tashkilotining 11 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Bular:
Ish vaqtini 40 soatgacha qisqartirish haqidagi 40-konvensiya;
Yillik haq to`lanadigan ta`tillar haqidagi 52-konvensiya;
Onalikni muhofaza qilish haqidagi 103-konvensiya;
Mehnat va ish bilan ta`minlash sohasida kamsitishlar to`g`risidagi 111-konvensiya;
Majburiy mehnatni bekor qilish haqidagi 105-konvensiya;
Bir xil qiymatdagi mehnat uchun erkak va ayollarni teng taqdirlash haqidagi 100-konvensiya;
Kuch ishlatish yoki majburlash yo`li bilan mehnat qildirishni ta’qiqlovchi 29-konvensiya;
Korxonalardagi mehnatkashlar vakillari huquqlarini himoya qilish va ularga beriladigan imkoniyatlar haqidagi 135-konvensiya;
Jamoaviy muzokaralarni tashkil etish va olib borish huquqi tamoyillarini qo`llash to`g`risidagi 98-konvensiya;
Jamoaviy muzokaralarga ko`maklashish to`g`risidagi 154-konvensiya;
Ish bilan ta`minlash sohasidagi siyosatga oid 122-konvensiya kabilardan iborat.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti konvensiyalari va tavsiyalari Xalqaro Mehnat Konferensiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va qabul qilinadi. Xalqaro Mehnat Konferensiyasi qabul qilgan konvensiya Xalqaro Mehnat Tashkiloti a`zosi bo`lgan kamida ikki davlat tomonidan ratifikatsiya qilinishi bilan ko`p tomonlama xalqaro bitimga aylanadi va uni ratifikatsiya qilgan davlatlar uchun ham, ratifikatsiya qilmagan davlatlar uchun ham majburiyatlar yuklaydi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti tavsiyalari xalqaro shartnoma hisoblanmaydi va shu tufayli ularni ratifikatsiyalash talab etilmaydi, ammo barcha a`zo davlatlar unga amal qilishlari, o`z milliy qonunchiligiga tegishli o`zgartirishlar kiritishlari lozim bo`ladi.