Maxsus korjoma va poyafzallarga qo‘yiladigan talablar Maxsus korjoma ishlovchilarni tashqi muhitning salbiy ta’siridan saqlashga mo‘ljallanadi. Bunda kishi tanasining havo almashish funksiyasi buzilmasligi kerak.
U shunday bichiladiki, unda odam o‘zini qulay his qilishi va ish sharoitida xavfsiz bo‘lishi kerak; u kishini erkin harakatiga to‘sqinlik qilmasligi va aylanib turuvchi qismlarga o‘ralab ketishi mumkin bo‘lgan osilib yoki chiqib turuvchi qismlari bo‘lmasligi kerak. Maxsus korjomalar pishiq, engil tozalanadigan va badanni qichitmaydigan matolardan tikiladi.
To‘qimachilik korxonalarida ish sharoitlariga mos holda tanlangan maxsus korjomalar beriladi.
CHangli sharoitda ishlovchi ishchilarga paxta ipidan to‘qilgan satin xalatlar, o‘ta changli xonalarda ishlovchilar chang o‘tkazmaydigan matodan to‘qilgan kombinzonlar bilan ta’minlanadi.
Harakatlanib turuvchi mexanizmlar yaqinida turib ishlovchilarga (operatorlar, moylovchilar, ta’mirchi chilangarlar va sh.o‘.) paxta ipidan to‘qilgan belbog‘siz ichki cho‘ntakli kombinzonlar beriladi.
Qo‘llarni jarohatlashdan saqlash maqsadida ishchilar qo‘lqop bilan ta’minlanadi. Sochni harakatdagi mexanizlar o‘rab ketmasligi uchun ayollar uchburchak ro‘mol o‘rashlari, erkaklar beretka kiyishlari kerak.
Pardozlash fabrikalarining kislota bilan ishlaydigan ishchilari dag‘al jundan yoki paxta ipidan to‘qilgan kislota ta’siriga qarshi modda shimdirilgan matolardan to‘qilgan shim va kurtkalar bilan ta’minlanadilar. SHu maqsadda dag‘al jun va xlorin tolasi aralashmasidan to‘qilgan kislota ta’siriga chidamli movutdan maxsus korjomalar tikiladi.
Hozirgi paytda kislota va ishqorlar ta’siriga chidamli sintetik tolalar (lavsan, kapron) va jun tolalari bilan aralashtirilib yoki faqat sintetik tolalardan to‘qilgan matolar keng qo‘llaniladi.
Kislota bilan bevosita ishlovchilarga rezina shimdirilgan ko‘krak fartuklari, qo‘llariga kiyish uchun dag‘al jun qo‘lqop beriladi.
Ishqor bilan ishlovchilarga paxta ipidan yoki brezentdan tikilgan kostyum va ko‘krak fartuklari beriladi. SHuni aytish kerakki, ishqorlar jundan to‘qilgan matolarni engil parchalaydi, shuning uchun ularni ishqor bilan ishlashda qo‘llab bo‘lmaydi.
O‘ta nam xonalarda ishlovchi ishchilarga paxta tolasidan to‘qilgan va namiqmaydigan (suvni o‘ziga tortmaydigan) kostyum va ko‘krak fartuklari beriladi, qo‘lga kiyish uchun rezina qo‘lqoplar beriladi.
Maxsus poyafzal ishchining oyoqlarini har xil zararli modda va xavflardan saqlashga mo‘ljallangan.
Ishlab chiqarishdagi zararliklarning harakteriga moslab shaxsiy himoya vositalar tikiladi va materiali tanlanadi.
Agar shovqin 120 dB dan katta bo‘lsa shovqinga qarshi shlemlar ishlatiladi.