Demografik siyosat o‘tkazish uslublari. Demografik siyosat o‘tkazish uslublarini shartli ravishda uch yo‘nalishga ajratish mumkin.
1. Iqtisodiy.
2. Ma’muriy-xuquqiy.
3. Ijtimoiy-psixologik (tarbiyaviy).
Iqtisodiy uslub asosan tug‘ilish darajasi pasayib ketgan aholi takror barpo bo‘lishi, aholi ko‘payishini ta’minlay olmagan hollarda qo‘llaniladi. Bu uslubda davlat tomonidan homiladaor ayollarga (ma’lum davrda), u farzand ko‘rgandan keyin va farzandi 2-3 yoshga yetkunga qadar maxsus nafaqalar ajratiladi. birinchi, ikkinchi, uchinchi farzandlarga iqtisodiy yordam beriladi. Ko‘p bolali oilalarga ham iqtisodiy yordamlar berib boriladi.
Ijtimoiy ishlab chiqarishda ishtirok etuvchi, yosh bolasi bor ayollarga ish joylaridan ba’zi bir imtiyozlar beriladi, ularga ham farzandlarini tarbiyalab, ham ijtimoiy faoliyatlarini davom ettirish uchun sharoit yaratiladi. Shuningdek, ba’zi davlatlarda kam ta’minlangan oilalarga ham iqtisodiy yordam ajratiladi.
Tug‘ilishni ko‘tarish borasida olib boriladigan iqtisodiy uslubni yana biri-nikohga kirgan yosh oilalarni turar joy bilan ta’minlash borasida davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar.
Shuningdek bolalar kiyimlari, oziq-ovqatlarini arzon narxda sotish, maktabgacha tarbiya muassasalari faoliyatining sifatini yaxshilash, bolalar va onalar salomatligini davlat tomonidan muhofaza etilishi, aholiga maishiy xizmat tizimini rivojlanishi va sifatli xizmat ko‘rsatish kabilar ham aholi takror barpo bo‘lishiga ijobiy ta’sir etuvchi iqtisodiy omillar hisoblanadi.
Ma’muriy-huquqiy uslubga aholi barpo bo‘lishi, oilalar tashkil topishiga turli qonunlar orqali ta’sir ko‘rsatish kiradi. Masalan, aborot (homilani sun’iy yo‘l bilan yo‘q qilish)larni qonun bilan man etilishi, nikoh yoshlarini ko‘tarilishi, aholi migrasion harakatini cheklash, yoki rivojlantirish, oila buzilganda, er va xotin ajralishganda ona va bola xuquqlarini qonuniy himoyasi, bolani ota-ona oldidagi burchini qonuniy belgilash, homilador ayolni ishga qabul qilishda, yoki ishdan bo‘shatishda ular xuquqlarini qonuniy himoyasi nafaqa ajratishda bolalar sonini hisobga olish kabi jarayonlardir.
Ijtimoiy-psihologik uslub, yoki aholini “demografik tarbiyalash”. Aholini demografik tarbiyalashda avvalo yosh avlodda oilaga, oilada kutilayotgan farzandlar soniga bo‘lgan munosabatini davlat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga, aholi salomatligiga mos ravishda shakllantirish lozim. Bunda oila asosiy tarbiya o‘chog‘i hisoblanadi. Shuning uchun ham ota-onalarning “demografik savodliligi”ga katta e’tibor berilmog‘i lozim. Demografik tarbiyaning yana bir muhim o‘chog‘i ommaviy axborot orqali demografik mayliga ta’sir etish mumkin.
Demografik siyosat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ajralmas qismi bo‘lmog‘i lozim, shundagina milliy iqtisodiyotning taraqqiyoti aholini ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini aks ettirgan holda davom etadi.
Aholining yosh – jinsiy tarkibi haqidagi bashorat, tibbiy xizmat tarkibi haqidagi bashorat tibbiy xizmat ko’rsatish tizimining rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Aholi yosh-jinsiy tarkibi bo’yicha tuzilgan bashorat asosida kelajakda qancha bolalar va ayollar shifokorlari, aholining keksa guruhiga xizmat qiluvchi kardiologlar, onkologlar, nevropotologlar kabi mutaxassislar tayyorlash rejalashtiriladi. Kelajakda, yangi ish o’rinlarini tayyorlash xalq xo’jaligi sohalarini rivojlantirish istiqbollarini aniqlashda esa mehnat yoshidagi aholi haqidagi bashorat ilmiy asos bo’lib xizmat qiladi. Umuman, iqtisodiyot va aholini ijtimoiy hayotining barcha qirralari istiqbolini rejalashtirishda shu ijtimoiy jarayonlarning qatnashchilari, iste’molchilar va yaratuvchilari bo’lishi aholi guruhlari haqidagi demografik bashorat zarurdir. Aks holda kelajak uchun rejalashtirilgan har qanday ijtimoiy-iqtisodiy jarayon ijobiy natija bermaydi. Demografik, bashorat demografiya fani va demografik tadqiqotlarning asosiy vazifalaridan biri hosoblanadi. Demografik bashorat bashorat etilayotgan davrga qarab qisqa muddatli, o’rta muddatli va uzoq muddatli bo’ladi.
Qisqa muddatli-demografik bashorat 5 yilga mo’ljallangan bo’lib, turli xo’jalik va rejalashtirish tashkilotlarida ko’proq qo’llaniladi. Qisqa muddatli bashoratda aniqlik darajasi nisbatan yuqori bo’ladi. Chunki 5 yil davimida aholini o’limi tug’ilishi jarayonida ham keskin o’zgarish ro’y bermaydi. Mehnat resurslari farzand ko’rish yoshidagi aholi guruhi, nafaqa yoshidagi aholi guruhlari haqidagi ma’lumotlar aniq bo’ladi. Asosan tug’iladigan bolalar soni maxsus hisob–kitoblar, uslublar orqali hisoblanadi.
O’rta muddatli – demografik bashoratlar –30 yilgacha bo’lgan davr uchun hisoblanadi. Ushbu bashoratda aholini tug’ilish va o’lim jarayonlari, aholi migratsiyasida sodir bo’lishi mumkin bo’lgan o’zgarishlar ilmiy asosda o’rganiladi va bashorat tuzishda hisobga olinadi.
Uzoq muddatli demografik bashoratlar 30-60 yilda qo’llanadi. Bunday bashoratlar aholi tug’ilishi va o’limining kelajakdagi o’zgarishlari haqidagi gipotezalarga asoslangan. Uzoq muddatli demografik bashoratga aholi migratsiyasini hisobga olish bir muncha murakkabroq kechadi. Chunki aholi migratsiyasi ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar bilan bir qatorda jamiyatda, tabiatda yuz bergan tasodifiy jarayonlar bilan ham bog’liqdir. Shu tufayli uzoq muddatli demografik bashoratlarning aniqlik darajasi nisbatan pastroq bo’lishi mumkin.
MDH mamlakatlari demografik o’sish bo’yicha bir-biridan farq qiladi. Xususan, ularni uchta guruhga ajratib o’rganish maqsadga muvofiq bo’ladi. Birinchi guruhga aholi soni kamayishini boshdan kechirayotgan Rossiya, Ukraina, Berasuya davlatlarini kiritish mumkin. Bu uchala davlatda tug’ilish darajasiga nisbatan o’lim darajasi yuqori hisoblanadi. Mamlakatdagi tashqi migratsiya hududdagi tabiiy o’sishni qoplay olmaganligi sababli respublikalarda aholi sonining pasayishi kuzatiladi. 2014 yil ma’lumotlariga ko’ra Rossiya mamlakat aholisi sonining ko’pligi bilan dunyoda 9-o’rinni egallaydi1. Dunyo aholi soni bo’yicha prognozlar shuni ko’rsatmoqdaki, 2050 yilga kelib Rossiya 117 mln aholi soni bilan 17 o’ringa tushadi. Ammo aholi sonining kamayishi eng avvalo respublikada geosiyosiy muammolar kelib chiqishiga sabab bo’lishi ham mumkin. Chunki aholisi zich joylashgan qo’shni davlatlar albatta, resurslarga va qo’shimcha hududga ehtiyoj sezadi. Shu bilan birga bu o’zgarish mamlakatda mehnat resurslari yetishmasligiga va aholining intensiv qarishiga sabab bo’ladi.
Ikkinchi guruh davlatlariga oxirgi yillarda aholi soni deyarli o’zgarmas natijani ko’rsatayotgan davlatlar, Armaniston, Moldavani kiritishimiz mumkin. So’nggi yillarda Moldova aholi sonida tug’ilishning pastligi va emigratsion oqim sababli uncha yuqori darajada bo’lmagan kamayish kuzatildi. Armanistonda esa emmigratsion oqimga qaramasdan umumiy aholi soni deyarli o’zgarmadi.
Uchinchi guruh davlatlariga aholi son tarkibi o’sib borayotgan davlatlarni kiritishimiz mumkin. Bu eng avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bo’lib, Ozarbayjonni ham bu guruhga kiritishimiz mumkin. 2000-2008 yillarda MDH mamlakatlari orasida O’zbekistonda aholining o’sishi eng yuqori darajani ko’rsatib, ushbu davr mobaynida aholi soni 24,5 mln dan 27,1 mln gacha oshdi va tug’ilish darajasi tug’ish yoshidagi har bitta ayolga 2,5 bola hisobini tashkil etdi. Hozirda aholisi soni eng yuqori darajada o’sib borayotgan davlat bu Tojikiston hisoblanadi. Ushbu davr mobaynida Tojikiston aholisi 6,1 mln dan 7,2 mln kishigacha o’sib, repraduktiv yoshdagi har bir ayolga 3,3 chaqaloq hisobidan to’g’ri keldi2. Qirg’izistonda ham bu ko’rsatkich bo’yicha ijobiy natijalarni ko’rish mumkin.
Birlashgan millatlar tashkiloti keltirgan ma’lumotlariga ko’ra, 11ta davlatni o’zida birlashtirgan Mustaqil Davlat Hamdo’stligida 1995 yilga qadar aholining o’sishi kuzatilib, 278,3 mln kishiga yetdi. Keyinchalik bu ko’rsatkich 2005 yilda 273,9 mln kishini tashkil etdi. 2006 yildan boshlab o’sish tendensiyasi kuzatilgan bo’lsa, 2010 yilga kelib MDH da aholi soni 276,5 mln va 2015 yilda esa 282 mln kishiga yetdi. MDH mamlakatlarida kelgusida aholi sonining o’sishi tug’ilish, o’lim va migratsiya holatlariga bog’liqdir.
Butun MDH mamlakatlari bo’yicha aholi soni 2050 yilga qadar 263,8 mln kishi (2015 yil bilan taqqoslaganda 18,2 mln kishi yoki 6,4 foiz)ga kamayishi mumkin. Shuningdek, mamlakatlarda aholi sonining o’zgarishi asr oxirigacha ham ishlab chiqilgan bo’lib, o’rganilayotgan davrga kelib bu ko’rsatkich 232 mln kishigacha, 2015 yil bilan solishtirganda 50 mln kishiga yoki 17,7 foizgacha kamayishi prognozlari keltirilgan3(2.3.1-rasm).
Prognoz hisob-kitoblari shuni ko’rsatmoqdaki, Rossiya aholisi 2030 yillarda 128,5 million kishini tashkil etadi va u 2050 yilga borib 116 mlngacha qisqarishi mumkin, bu esa MDH mamlakatlari umumiy aholisining 2010 yildagi 51,9% va prognoz qilinayotgan 2030 yil 48,5% dan 45,8% gacha kamayishiga olib keladi. Ukraina aholisi son jihatdan MDH mamlakatlari orasida ikkinchi o’rinda bo’lib, 42 mlndan ortiqni tashkil etadi, ammo tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, u o’z o’rnini uchinchi o’ringa bo’shatib berishi, 2050-yilga borib, 36,4 mln (MDH aholisining 13,8%) aholi sonining tez sur’atlarda o’sishi bilan O’zbekiston ikkinchi o’rinni egallashi mumkin. Tojikiston aholisining tez sur’atlarda o’sishi va 2050 yilga kelib 11 mlnga yetishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |