Demografik siyosat - aholi siyosatining asosiy qismi bo‘lib, jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlari va turli davlatlarda o‘ziga xos xususiyatlarga, yo‘nalishlarga egadir. Aholi siyosati demografik siyosatga qaraganda keng qamrovli bo‘lib, aholini rivojlantirish maqsadida olib boriladigan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat yo‘nalishi hisoblanadi.
Aholi rivojlanishi esa, o‘z navbatida uning ham miqdoriy ham sifatiy jihatlarini o‘zgarib borishida namoyon bo‘ladi. Aholining miqdoriy rivojlanishi deganda, ma’lum davrda, ma’lum hudud aholisi yoki millatning son jihatidan o‘zgarib borishi tushuniladi. Aholining sifatiy rivojlanishi esa, asosan uning salomatligi, o‘rtacha umr ko‘rishi, bilim darajasi va ta’lim tarbiya olishi va komilligida o‘z ifodasini topadi. Aholi rivojlanishi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning uzviy qismi bo‘lib, u o‘z ichiga aholining takror barpo bo‘lish jarayonini ham oladi.
Aholi siyosatining maqsadi davlat tomonidan aholining ham miqdoriy (normal, optimal darajada) ham sifatiy rivojlanishini ta’minlashdir.
Aholi rivojlanishiga ma’lum darajada ta’sir etib borish tarixiy jarayondir. Ushbu jarayon jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichida, shu davrning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitiga mos holda, alohida mazmunga ega bo‘lgan. Jumladan, feodalizm sharoitida aholi rivojlanishining asosiy elementi bo‘lgan ta’lim tizimi, nisbatan kam taraqqiy etgan edi. Masalan, O‘zbekistonda masjidlar, madrasalar qoshida ta’lim tizimi joriy etilgan. Ularni moddiy ta’minlash maqsadida davlat va ayrim mulkdorlar tomonidan vaqf mulklari ajratilgan. Insonni mehnatga tayyorlash, jamiyat a’zosi uchun zarur bo‘lgan bilimlarni axloqiy sifatlarni yosh avlod; asosan oila muhitida olar edi. Keyinchalik sanoat asta-sekin rivojlanib borishi natijasida mehnatga tayyorlashda mahsus bilimlar, mahsus faoliyat zarur bo‘lib qoldi. Bu zarurat davlatda ta’lim tizimini yanada rivojlanishiga, yoshlarga maxsus bilim berib, kasb-xunar o‘rgatishga ehtiyoj yaratadi. Natijada o‘lkamizda ta’lim tizimi tashkil topdi va rivojlandi. Hozirgi davrda O‘zbekistonda aholi siyosatining asosiy maqsadi uning sifatiy rivojlanishini tashkil etishdan iboratdir. Aholining sifatiy rivojlanishi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
-aholi salomatligining holati, bolalar va onalar o‘limi, o‘rtacha umr davri:
-aholining ta’lim darajasi va uning tarkibi;
-aholining kasb-xunarga tayyorgarlik darajasi;
-aholining sotsial mobilligi:
-aholining urbanizatsiyalashganligi;
- aholining hududiy harakati;
- aholining ma’naviy madaniy qadriyatlari va ularni saqlash, e’zozlash.
Respublikada aholi siyosati o‘zaro chambarchas bog‘langan bo‘g‘inlardan tashkil topgan. Ushbu bo‘g‘inlarga demografik siyosat, aholi migratsiyasi, urbanizatsiya va bandlik siyosatlarini kiritish mumkin.
Demografik siyosat aholi siyosatini uzviy qismi bo‘lib, uning asosiy maqsadi aholini miqdoriy rivojlanishini boshqarishdan iboratdir. Demografik siyosatining asosiy ob’ekti aholining takror barpo bo‘lish jarayoni hisoblanadi.
Demografik siyosat orqali kutilgan, istalgan aholi takror barpo bo‘lish turiga erishiladi. Ma’lumki, aholi takror barpo bo‘lishi tug‘ilish, o‘lim, nikoh, ajralish kabi demografik jarayonlar bilan bevosita bog‘liqdir. Shu bois ushbu jarayonlarni siyosat yo‘li bilan jamiyat tomonidan boshqarilishi ham demografik siyosatni vazifalaridandir. Jamiyat taraqqiyotiga nazar tashlasak, demografik jarayonlarni, ayniqsa tug‘ilish, nikohni jamiyat tomonidan boshqarilganligi guvohi bo‘lamiz. Hatto bu xaqida eng qadimgi olimlar Aflotun va Arastu asarlaridan ham uchraydi. Qadimgi Rimda tug‘ilish va nikohni ozod insonlar o‘rtasida qo‘llab-quvvatlovchi, qonunlar qabul qilingan. Feodalistik jamiyatda esa din tomonidan shunday qattiq qonunlar yaratilganki, ularda nikoh, cheklanmagan tug‘ilish va katta oilalar aholini muntazam ko‘payib borishini omili sifatida himoya qilingan, qo‘llab-quvvatlangan. Kapitalistik ishlab chiqarish usulni rivojlanishi esa demografik jarayonlarda yangi muammolarni, yo‘nalishlarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Kapitalizmda sanoatni rivojlantirishi shahar turmush tarzini kengayishiga, ayollarni ijtimoiy ishlab chiqarishda ishtirok etish tufayli, oilada farzandga bo‘lgan talab kamayadi. Ko‘p bolali oilalarda, kapitalistik ishlab chiqarish sharoitida qator iqtisodiy muammolar vujudga keldi. Natijada, tug‘ilish o‘z-o‘zidan kamaya boshladi. Kapitalistik ishlab chiqarish usulida rivojlangan Fransiya va boshqa Yevropa davlatlarida tug‘ilish 19 asrning birinchi o‘n yilligidan boshlab kamaya bordi. Ushbu davlatlarda 20 asrga kelib aholining tabiiy o‘sishi nihoyatda kamayib ketdi. Aholi takror barpo bo‘lishi kengaygan turdan, qisqargan turga o‘tdi. Natijada bu davlatlarda aholini qarish- ya’ni ”demografik qarish” jarayoni sodir bo‘ldi. Bu hol davlat tomonidan maxsus demografik siyosat olib borishni taqazo etdi. 1946 yilda Fransiyada tug‘ilishni ko‘tarish orqali aholini miqdoriy ko‘payishga erishish maqsadida oilalarga birinchi va ikkinchi, ayniqsa uchinchi, farzandlarning tug‘ilishida alohida nafaqa ajratildi. 1960-1970 yillarda tug‘ilishni ko‘tarish maqsadidagi demografik siyosat boshqa rivojlangan kapitalistik davlatlarda ham olib borildi. Lekin ushbu davlatlardagi xususiy mulkchilik formasi tug‘ilishni ko‘paytirish uchun hamma chora-tadbirlarni qo‘lashda ba’zi muammolarni keltirib chiqarar edi. Shu bois Yevropadagi rivojlangan davlatlarda tug‘ilish darajasini ko‘tarib, optimal, normal holga keltirish juda mushkul bo‘lmoqda.
Rivojlanayotgan davlatlarda esa, aksincha 1960-1970 yillarda tug‘ilishning yuqori darajada turganligi va o‘lim hollarining keskin kamayganligi natijasida aholining tabiiy o‘sishi juda yuqori darajada bo‘ldi. Natijada Osiyo, Afrika va Janubiy Amerika joylashgan qator rivojlanan davlatlarda aholi soni birdan ko‘payib ketdi. Bu holni demograf mutaxassislar “demografik portlash”, deb atadilar. Ushbu davlatlarda iqtisodiy imkoniyati cheklangan holda aholisining bunday tez ko‘payishi, tug‘ilishni cheklashga majbur etdi. Natijada ushbu davlatlarda davlat tomonidan “Oilani rejalashtirish” ya’ni “tug‘ilishni nazorat etish” borasida demografik siyosat olib borildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |