Poezdlar harakatida signalizasiya va aloqa vositalari
257. Avtomatik va yarimavtomatik yo’l blokirovkalari poezdlar harakatida asosiy signalizasiya va aloqa vositalari hisoblanadi.
Bir yo’nalishdagi avtoblokirovka bilan jihozlangan ikki yo’lli va ko’p yo’lli peregonlarda ikki taraflama harakatni tashkil etish poezdlarning qarama-qarshi harakatlanishi (noto’g’ri yo’l bo’ylab) lokomotiv svetofor signallari bo’yicha amalga oshiriladi.
Ayrim uchastkalarda mustaqil signalizasiya va aloqa vositasi sifatida avtomatik lokomotiv signalizasiya qo’llanishi mumkin.
Kam faoliyatli uchastkalarda va shahobcha yo’llarda poezdlar harakatida aloqa vositalari sifatida elektr-jezl tizimi va telefondan foydalanishga yo’l qo’yiladi.
Favqulotda holatlarda DATK tashishlarni tashkil qilish boshqarmasi boshlig’i ko’rsatmasi bo’yicha vaqtni chegaralab poezdlarni jo’natishga yo’l qo’yiladi.
Stansiyalararo peregonning har bir yo’lida bir vaqtning o’zida bitta signalizasiya va aloqa vositasi faoliyat ko’rsatishi mumkin.
Mustaqil signalizasiya va aloqa vositasi sifatida qo’llaniladigan avtomatik lokomotiv signalizasiyasida, lokomotiv svetofor signallari bo’yicha harakat qilishda, elektr-jezl tizimi va telefon aloqa vositalarida poezdlar harakatini tashkil qilish tartibi, shuningdek, vaqtni chegaralab poezdlarni jo’natish tartibi poezdlar harakati va manevr ishlari bo’yicha Yo’riqnomada belgilanadi.
258. Ayrim kam faoliyatli uchastkalarda va shahobcha yo’llarida poezdlar harakati quyidagicha amalga oshiriladi:
poezd radio aloqasi orqali bevosita etakchi lokomotiv mashinistiga uzatiladigan poezd dispetcheri buyrug’i asosida;
bitta jezl vositasi bilan;
bitta lokomotiv vositasida.
Uchastka va shahobcha yo’llarning ro’yxati va ushbu aloqa vositalari yordamida poezdlar harakatini tashkil etish tartibi DATK raisi tomonidan belgilanadi.
259. Avtomatik blokirovkada:
a) poezdning blok-uchastkani egallashiga ruxsat bo’lib, chiqish va o’tish svetoforining ruxsat beruvchi ko’rsatishi xizmat qiladi;
b) mustasno sifatida uzoqqa cho’zilgan ko’tarilishlarda joylashgan o’tish svetoforlarida (kirish svetoforlaridan oldin joylashganlaridan tashqari) har bir alohida vaziyat uchun DATK raisining ruxsati bilan shartli ruxsat signali - T harfi shaklidagi belgi aks etgan shit o’rnatish mumkin.
Bu signal yuk poezdiga svetoforning qizil chirog’i yonib turganda to’xtamasdan o’tib ketishiga ruxsat bo’lib xizmat qiladi.
Bunda mashinist poezdni shunday boshqarishi kerakki, qizil chirog’i yonib turgan svetoforni 20 km/soat tezlik bilan ehtiyotkorlik bilan bosib o’tishi va keyingi harakatiga to’siq uchrab qolganda zudlik bilan poezdni to’xtatishga shay bo’lishi kerak;
v) poezd o’tish svetoforining qizil chirog’ida to’xtaganidan keyin, shuningdek, chirog’i o’chgan yoki noaniq bo’lsa, agarda mashinist oldindagi blok-uchastka boshqa poezd bilan egallanganini ko’rib yoki bilib tursa, blok-uchastka bo’shamaguncha harakatini davom ettirishi man qilinadi. Agarda mashinist oldindagi blok-uchastkada poezd bor-yo’qligini bilmasa, u to’xtatgandan so’ng avtotormozni qo’yib yuborishi kerak, ana shu vaqt ichida svetoforning ruxsat beruvchi chirog’i yonmasa, poezdni keyingi svetoforgacha 20 km/soat tezlik bilan alohida e’tibor bilan boshqarishi va harakatida biron-bir to’siq uchraydigan bo’lsa, poezdni zudlik bilan to’xtatishga shay bo’lib turishi kerak.
Keyingi o’tish svetofori ham shu ahvolda bo’lsa, poezd harakati to’xtagandan keyin yana o’sha tartibda davom ettiriladi.
Belgilangan tartibda man etuvchi ko’rsatkichli o’tish svetofori o’tib bo’lingandan so’ng lokomotiv svetoforida ruxsat ko’rsatkichi paydo bo’lsa, mashinist lokomotiv svetoforining ko’rsatkichiga amal qilib, lekin 40 km/soat tezlikdan oshmagan holda keyingi svetoforgacha borishi mumkin.
Lokomotiv svetoforida ruxsat chiroqlari yonib turganida lokomotiv svetofori ko’rsatkichiga amal qilib o’tish svetoforlarining o’chgan chiroqlarida to’xtamay o’tib ketishga ruxsat etiladi.
260. YArim avtomatik blokirovkada:
poezdning peregonni egallashiga ruxsat bo’lib, chiqish va o’tish svetoforlarining ruxsat beruvchi ko’rsatkichlari xizmat qiladi;
bir yo’lli uchastkalarda chiqish svetoforini ochish uchun poezd jo’natilayotgan qo’shni stansiya navbatchisidan blok-apparat orqali blokirovka rozilik signali olinishi kerak yoki blok-tizimni tegishli harakat yo’nalishiga o’zgartirish kerak.
261. Signalizasiya va aloqaning mustaqil vositasi sifatida qo’llaniladigan avtomatik lokomotiv signalizasiyada: birinchi blok-uchastkani egallashga ruxsat bo’lib, chiqish svetoforining ruxsat ko’rsatkichi xizmat qiladi; lokomotiv svetoforining ruxsat beruvchi ko’rsatkichi keyingi blok-uchastkani egallashga xizmat qiladi.
Signalizasiya va aloqa barcha vositalari ishining tanaffus (to’xtash) paytida poezdlar harakati bir yo’lli uchastkalarda yozma xabarnomalar orqali, ikki yo’lli uchastkalarda - stansiyalar orasidagi peregonda poezdning o’tishiga ketadigan vaqt bilan chegaralash orqali amalga oshiriladi.
Signalizasiya va aloqaning barcha vositalari ishining to’xtagan paytida poezdlar harakatini tashkil qilish tartibi poezdlar harakati va manevr ishlari bo’yicha Yo’riqnoma bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |