Fe’llarda mayl kategoriyasi
Harakatning voqelikka munosabatini ko`rsatuvchi grammatik kategoriya mayl kategoriyasi deyiladi. Mayl kategoriyasi harakatning voqelikka munosabatinigina emas, balki bajaruvchi bilan harakat orasidagi aloqaning voqelikka munosabatini ham ifodalaydi.
O`zbek tilida fe’lning mayl shakllari quyidagi ko`rinishga ega bo`lib, bular ma’no va morfologik ifodalanishi jihatidan bir-biridan farq qiladi:
1. Buyruq-istak mayli
2. Shart mayli
3. Shartli mayl
4. Maqsad mayli
5. Ijro mayli
Buyruq-istak mayli so`zlovchining harakatni bajarishga buyurishini, qistashini, undashini anglatadi va har bir ma’no ottenkasi o`ziga xos ohang bilan xarakterlanadi: Men dekanatga borib kelay. Kuling. Yashang. Qaddingizni uring!
Buyruq-istak mayli fe’l negiziga –gin (gil), -(i)ng, -(i)nglar, -(i)ngiz, -sin, -lar, -y(ay), -in, -lik affiksini qo`shish bilan hosil bo`ladi. Masalan, Hoy qizlar, kelinglar. Ochilsin gullar. Men yozay. Uyga boraylik kabi.
Shart mayli boshqa biror harakat, voqea-hodisaning bajarilishi uchun shart, vosita bo`ladigan, istalgan, faraz, mo`ljal qilingan harakatni bildiradi. Shart mayli shakli fe’l negiziga –sa mayl yasovchisini qo`shish va tuslash bilan hosil qilinadi: Dadam kelsa, pul bersa, tufli olsam...
Shart mayli shakli bir qancha ma’nolarga ega bo`ladi. Agar odam bo`lay desang... (shart bo`lgan harakatni). Sening tiling kelishsa ham, diling kelishmaydi (to`siq bo`la olmagan harakat-holatni). Yursa, ko`chalar to`lsa (orzu-istak). Shu suratingizni menga bersangiz (iltimos). Nahotki to`y bo`lganini eshitmagan bo`lsangiz (hayratlanish, ajablanish). Nazarimda, domla bugun kelmasa kerak
(faraz, gumon, noaniqlik). Bugun uyga ketmasam bo`lmaydi (zaruriyat).
Shartli mayli shakli –(a)r, -mas shakli sifatdosh va edi to`liqsiz fe’lining birikuvidan hosil bo`ladi: ishlar edi, kelar edi, aytmas edi. Bu mayl turi bajarilishining biror sharti bo`lgan, ya’ni bajarilish-bajarilmasligi biron shart bilan bog`langan harakatni anglatadi: Xo`p deganingizda bunchalik qiynalmas edik. Agar imtihonlarni a’loga topshirsam alomat ish bo`lar edi.
Shartli mayl shakliga xos xususiyatlardan yana biri shuki, bu formadagi fe’l bildirgan harakat hamma vaqt bajarilmagan, yuzaga chiqmagan harakat bo`ladi: Ertaroq kelganingda avtobusga ulgurar edik.
Shartli mayl shakli qatnashgan gapda harakat natijasining kimga qaratilganligi, harakat-holatning qaysi zamonga oidligiga bog`liq ravishda suzlovchining orzu-istagi, harakatga da’vat etishi, harakatning bajarilishi haqidagi o`yi va shu kabi ma’nolar ifodalanishi mumkin. Masalan: To`paniso opam bilan birga bo`lsam ish bilar edim, gap bilar edim, tushungan xotin bo`lar edim.
Fe`l bildirgan harakatning bajarilishi, albatta, ma`lum bir vaqtda bo`ladi. Demak, harakat vaqt (zamon) tushunchasi bilan aloqador. Fe`l bildirgan harakat ob`ektiv harakatning tildagi ifodasi bo`lganidek, fe`llardagi zamon ham harakatning bajarilishi bilan aloqador bo`lgan ob`ektiv vaqtning tildagi ifodasidir. Lekin ob`ektiv zamonning tildagi ifodasi grammatik zamon kategoriyasi hisoblanmaydi. Grammatik zamon kategoriyasi harakatning nutq momentiga munosabatini ifodalaydi.
Nutq momenti ham sub`ekt tomonidan belgilanadigan qandaydir vaqt bo`lagi bo`lmay, ob`ektiv zamon vaqtning so`zlovchi gapi, so`zi (nutqi) to`g`ri kelgan bo`lagi. So`zlash, nutq ham harakat hisoblanadi va uning bajarilishi ob`ektiv vaqtning biror qismiga to`g`ri keladi. Harakat bajarilish vaqtining nutq momentiga munosabatiga qarab fe`lning uch xil zamoni farqlanadi; 1) nutq momentigacha bo`lgan harakat – o`tgan zamon; 2) nutq momentida ham davom etayotgan harakat – hozirgi zamon; 3) nutq momentidan keyin bo`ladigan harakat- kelasi zamon. Zamon ma`nolari maxsus formalar orqali ifodalanadi va bu formalar fe`lning zamon formalari deb ataladi.
Ijro maylidagi fe`llarda harakatning nutq momentiga munosabati bevosita ifodalanadi. Bu mayl formasi bildirgan zamon absolyut zamon hisoblanadi. Ayrim fe`l formalari, jumladan, sifatdosh va ravishdosh formalari harakatning nutq momentiga munosabatini bevosita ko`rsata olmaydi. Shuning uchun bulardagi zamon nisbiy bo`ladi. Hozirgi o`zbek tili fe`lning zamon formalariga juda boyligi bilan ham xarakterlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |