Bitiruv malakaviy ishining tadqiqot metodlari: nazariy tahlil, kuzatish, suhbat, anketa, savol-javob;
Bitiruv malakaviy ishining nazariy va amaliy ahamiyati:
Pedagogika fani o’quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda bolalar ijtimoiy tashkilotlari imkoniyatlaridan foydalanish haqidagi g’oyalar, qarashlar bilan boyitildi. Shu g’oya va qarashlardan boshlang’ich sinf o’qituvchilari, kadrlar malakasini oshirish tizimi xodimlari foydalanishlari mumkin.
Bitiruv malakaviy ishimiz kirish, ikki bob, beshta paragraf, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat.
I. BOB. O’QUVCHILARINI MA’NAVIY VA AXLOQIY TARBIYALASHNING NAZARIY ASOSLARI.
I.1. ma’naviy-axloqiy tarbiyalash pedagogik muammo sifatida.
O’zbekiston mustaqil davlatga aylangan bir sharoitda ma’naviy-axloqiy tarbiya qator omillar ta’sirida amalga oshirilmoqda. Bu eng avvalo shaxsni umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirish maqsadida ish olib borishda ko’rinadi.
Ma’naviyat tarbiyaning eng ta’sirchan quroli ekan, undan oqilona foydalanish, farzandlarimizni vatanparvarlik, rostgo’ylik, xalqparvarlikka o’rgatish kerak bo’ladi. Aslini olganda, axloq - ma’naviyatning o’zagi.
Insonning insonligi – birinchi navbatda uning ma’naviy-axloqiy jihatdan barkamolligi, pokligi bilan belgilanadi.
Mustaqillik qo’lga kiritilgan dastlabki kunlardanoq ajdodlarimiz tomonidan ko’p asrlar mobaynida yaratib kelingan bebaho ma’naviyat va madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklash davlat siyosatining muhim yo’nalishiga aylandi.
Jamiyat taraqqiyoti va shaxs kamoloti uchun zarur bo’lgan ma’naviy va axloqiy tarbiya o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi. Bu o’rinda boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida aqliy tarbiya yetakchi tarkibiy qism bo’lib, o’quvchi yoshlarni tabiat va jamiyat, kishi tafakkuri haqidagi bilimlar tizimini ilg’ab olishi, fan asoslaridan xabardor qilish, tafakkur va nutq qobiliyatlarini o’stirishni maqsad qilib qo’yadi.
Axloq – ijtimoiy ong shakllaridan biri bo’lib, insonlarning o’ziga, oilasiga, do’st – birodarlariga, jamoa a’zolariga va tabiatga bo’lgan munosabatlarini tartibga solib turuvchi xulq, odob qonun – qoidalari majmuasidir. Ana shu xulq, odob qonun – qoidalarini o’quvchilar ongi, hayoti, turmush tarziga singdirish uchun ko’rsatilayotgan ta’sir axloqiy tarbiya deb nomlanadi.
Demak, axloq kishining oilaga, mehnatga va jamiyatga bo’lgan munosabatlarida namoyon bo’ladi.
Axloqiy tarbiyaning maqsadi shaxsni axloqiy shakllantirishdir. Axloqiy tarbiyaning mazmuni, avvalo, o’quvchilarning amaliy faoliyatlarida, o’qish, mehnat, jamoatchilik ishlarida, ularning munosabatlari xarakterida, o’zaro ta’sir ko’rsatish usullari, xulq-atvor me’yorlarini o’zlashtirishlarida namoyon bo’ladi. Axloqiy sifat shaxsning barcha muhim xususiyatlarini yaxlit holga keltiradi.
O’quvchining ma’naviy kamolotida axloqiy fazilatlarining ahamiyati benihoya kattadir. Axloqiy fazilat o’quvchining ko’p qirrali faoliyati davomida shakllanib va takomillashib boradi.
Axloqiy xislatlar faoliyat jarayoniga ma’naviy fazilatlar bilan birgalikda o’quvchi ongi va xulqiga ta’sir etadi. Biz ma’naviy tushunchalar haqida gapirganda, avvalo, ma’naviyat haqida aytib o’tishimiz lozim. «Ma’naviyat tushunchasining ilmiy, falsafiy, adabiy yoki oddiy tilda ifodalanadigan ko’plab ta’riflarini keltirish mumkin. Shuning uchun ham bu masala bo’yicha ilmiy adabiyotlarda, kundalik matbuotda bir-biridan farq qiladigan fikr-mulohazalarni uchratganda bundan taajjublanmasdan ularni qaysi muallifning o’ziga xos dunyoqarashi, mushohada tarzi ifodasi sifatida qabul qilish o’rinlidir».
«Ma’naviyat» tushunchasi jamiyat hayotidagi g’oyaviy, mafkuraviy, ma’rifiy, madaniy, diniy va axloqiy qarashlarni o’zida to’la mujassam etadi. Shuning uchun ham bu mavzuda fikr yuritganda, mazkur qarashlarning barchasini umumlashtirib, keng ma’nodagi «ma’naviyat» tushunchasi orqali ifoda etish mumkin.
Ma’naviyat-insonni ruhan poklanish, qalban ulg’ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg’otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir, desak, menimcha, tariximiz va bugungi hayotimizda har tomonlama o’z tasdig’ini topib borayotgan haqiqatni yaqqol ifoda etgan bo’lamiz
Boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida birinchi galda Sharq mutaffakkirlarining ma’naviy meroslari dasturilamal bo’lib xizmat qiladi. Abu Nasr Forobiy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshbandiy, Imom Ismoil Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Farg’oniy, Firdavsiy, Amir Temur, Navoiy va Bobur singari mutaffakkirlarimizning ma’naviy-axloqiy tarbiyaga doir qarashlari shular jumlasidandir.
Qur’oni Karimdagi va Hadisi Sharifdagi axloqqa oid ibratli maslahatlar, hikoyatlar asrlar davomida ma’naviyatimiz durdonalari – Farobiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Sa’diy Sheroziy va boshqa siymolar, olimlar, yozuvchilarning axloq haqidagi fikr – mulohazalari hozir ham o’z qadr – qimmatini yo’qotmagan, o’sha hikmatlar o’quvchilar tarbiyasi uchun muhim ahamiyatga ega.
O’zining o’tmish madaniy merosini chuqur bilmagan va e’zozlamagan odam o’z shajarasini, avlod – ajdodlari bosib o’tgan yo’lni, milliy istiqlolimiz, erkimiz va ozodligimiz yo’lida jasorat ko’rsatgan Shiroq, To’maris, Jaloliddin Manguberdi va boshqa buyuk zotlar, xalq qahramonlarining nomlari, kurashlarining tub mohiyatini ilg’ay olmaydi.
Yuqoridagi fikrlardan ko’rinib turibdiki, yosh avlod, xususan, boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasi– pedagoglarning muqaddas burchidir. Lekin ma’naviy –axloqiy sifatlarni tarbiyalab yetishtirish oddiy ish emas. U kunlab, oylab, yillab va hatto o’n yillab oliy maqsad yo’lida sabr –toqat, chidam va qat’iyatlilik, irodaviy sifatlarni safarbar etishingizni taqozo etadigan insoniy vazifadir.
Jamiyat taraqqiyoti va shaxs kamoloti uchun bo’lgan ma’naviy va axloqiy xislatlar, insoniy fazilatlar o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi. Hammasining zaminida yosh avlodga oilada, umumiy ta’lim maktablarida, xalq ta’limi tizimining boshqa tarmoqlarida beriladigan ta’lim tarbiya yotadi.
Hadis kitoblarida har bir mo’min – musulmon uchun ilmning naqadar zarurligi bayon etilgan. «Beshikdan to qabrgacha ilm izla» degan purma’no hadisi shariflar so’zimiz dalilidir. Demak,islom ta’limotida ilm eng oliy maqsad dunyoni bilish uchun zarurat deb o’qtirilgan. Bilim dunyoni bilish doirasida cheklanmaydi, balki shaxs ma’naviyatini boyitishda ham bosh omil bo’la oladi.
Shuningdek, Hadisi Sharifda: «Ilm olmakka intilish har bir muslim va muslima uchun qarzu farz» deyiladi.
«Qur’on»da insonning ruhiy va ma’naviy kamolga yetishiga to’sqinlik qiluvchi salbiy hislatlardan biri g’azab deb ko’rsatiladi. U ruhiy razolat sifatida talqin etiladi. Chunki g’azab kelganda aql qochadi, inson o’z irodasini idora qila olmay qoladi, o’z manfaati, obro’sini himoya qilaman deb, johillikka yo’l qo’yadi. Hatto, g’azab inson salomatligiga ham zarar yetkazadi. Shuning uchun ham Islom insonni aql va insofga, bosiqlik bilan ish tutishga, o’z hissiyotlarini boshqara olishga chaqiradi. Chunki g’azab kelganda chiqarilgan hukm, amalga oshirilgan hatti-harakat johillik belgisi bo’lib hisoblanadi. Hatto g’azabni bosish bilan birga, g’azabni qo’zg’agan shaxsni kechira olish darajasida o’zini boshqara olish irodasiga ega bo’lish kerakligi ham uqtiriladi.
«Ol-i Imron» surasining 134-oyatida «Yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan g’azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchliklarini) avf etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi», deyiladi. Demak, Islomda inson g’azabi kelganda faqat o’zini boshqara olish quvvatiga ega bo’lishgina emas, kechiruvchan bo’lishga ham chaqiriladi. Ana shunday insongina axloqan barkamol shaxs bo’la oladi.
«Qur’on»da insonning axloqan kamol topishida bekorchi so’zlardan yiroq yurish, mayda va behuda gaplarga vaqt ketkazmaslik, ulardan o’zini chetga olish kabilarga ham e’tibor berilgan. Xususan, «Qasos» surasining 55-oyatida «Qachonki behuda (so’z yo ishni) eshitsalar, undan yuz o’gururlar», deyiladi.
Chunki bunday gaplar insonni foydali ishdan chalg’itsa, boshqa tomondan mayda gap, beburd qilib qo’yadi.
Insonning ma’naviy kamol topishida me’yorni saqlash katta ahamiyat kasb etadi. Ochko’zlik, xasislik esa mol-dunyoga ruju qo’yishga olib keladi.
«Qur’on»da ta’lim berilishicha, mol-dunyo insonni sinash uchun beriladi. Mol-dunyoga erishgan har bir inson uni to’g’ri yo’lda sarflashi kerak,- deyiladi («Anfol» surasi 25-oyat).
Ma’lumki, islom dini insonni ma’naviy kamolot sari yetaklovchi ta’limot. Shu sababli Qur’oni Karimda ham, hadislarda ham yaxshi xulq va odob keng targ’ib etilgan. Shariat talablari bilan bir qatorda, hadislardagi axloqqa doir fikrlar, ayniqsa muhimdir. Bu borada Imom Buxoriy ham 4 jildli «Al Jome’ as-sahih» asarining bir jildida odob haqidagi hadislarni jam etgan. Keyinchalik alloma butun Islom olami odob-axloqi va tarbiyasi masalalariga bag’ishlangan «Al-adab al-mufrad» nomli («Adab durdonalari») maxsus hadislar to’plamini yaratadi. Bu asar 644 bobda bayon etilgan va 1322 hadisdan iborat.
Mashhur muhaddislardan yana biri vatandoshimiz Abu Iso at-Termiziy bo’lib, u 824-yilda Termiz yaqinidagi Bug’ qishlog’ida tug’ilgan. Uning oilasi va ota-onasi haqida ma’lumotlar yo’q. Ba’zi tadqiqotchilar uning otasi asli Marvlik bo’lgan deb qayd etadilar. U bolaligidan ilmga qiziqqan bo’lib, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan.
At-Termiziyning o’ndan ortiq asarlar yaratganligi ma’lum. Bular «Al-Jome’ as-sahih»,(«Ishonchli to’plam»),«Ash-Shamoil an-Nabaviya» («Payg’ambarning alohida fazilatlari»), «Al-ilal fil-hadiys» («Hadislardagi illatlar va og’ishlar haqida») asarlari mashhurdir.
At-Termiziyning yozib qoldirgan asarlaridagi hadislar ham al-Buxoriy hadislari kabi insonni halollik, adolat, e’tiqod, diyonat, poklik, mehnatsevarlik, muruvvatlilik, mehr-shafqat, kattalarga, ota-ona va qarindoshlarga hurmat ruhida tarbiyalashda kata ahamiyatga ega. At-Termiziy 892-yilda o’z vatanida vafot etdi.
Hadislarda insonning kamolga yetishi uchun talab etiladigan insoniy fazilatlar aks ettirilgan bo’lib, bular mehr-oqibat ko’rsatish, saxiylik, ochiq ko’ngillilik, ota-ona va kattalarga, qarindoshlarga g’amxo’rlik, hurmat, faqir-bechoralarga muruvvat, vatanga muhabbat, mehnat va kasb-hunarni ulug’lash, halollik, poklik, o’zaro do’st, tinch-totuv bo’lish va boshqalardan iboratdir. Bundan tashqari, insonning o’zini yomon illatlardan tiyish, yaxshilik sari intilish kerakligi borasidagi pand-nasihatlar ham o’z ifodasini topganki, bularning barchasi Qur’oni Karim ko’rsatmalaridan kelib chiqadi va komil insonni shakllantirish mezoni sanaladi.
Ma’lumki, islomiy tarbiyada eng insoniy xislatlardan biri sifatida ota-onaga g’amxo’rlik, ularni e’zozlash, ota-ona haqqini o’z o’rniga qo’yish, farzand haqqi masalalariga e’tibor beriladi. Hadislarda ham ana shu tarbiya talablari o’z ifodasini topgan. Ayniqsa, ota-onaga yaxshilik qilishga oid hadislarda eng katta gunohlardan to’qqiztasi qayd etiladi.
O’tmish mutaffakkirlarimizdan biri Abu Rayxon Beruniy bilim olishni axloqiy tarbiya bilan bog’laydi. Zero, insonda komillikning muhim mezoni yuksak axloqlilikdir.
Beruniyning inson kamolotida axloqiy tarbiyaning muhim o’rnini ta’kidlashini uning yuqorida qayd etilgan «O’tmish avlodlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston», «Minerologiya», «Kitob as-saydona», «al-Qonuni al-Mas’udiy», «Geodeziya» va boshqa asarlarida ko’ramiz.
Beruniy fikricha, axloqiylik insonning eng asosiy sifati bo’lishi kerak. Bu xislat birdaniga tarkib topmaydi. U kishilarning o’zaro muloqoti, ijtimoiy muhit – jamiyat taraqqiyoti jarayonida tarkib topadi.
Abu Rayxon Beruniy ham axloqiy tarbiyaga musulmon dini talablaridan kelib chiqqan holda ta’rif beradi. Axloqiylik yaxshilik bilan yomonlik o’rtasidagi kurash natijasida namoyon bo’ladi va tarkib topadi deydi,-u. Yaxshilik va yomonlik insonning xulq-atvorini belgilaydigan mezon sifatida qo’llaniladi. U yaxshi xislatlarga to’g’rilik, odillik, o’zini vazmin tutish, insof, kamtarlik sobitqadamlik, ehtiyotkorlik, saxiylik, shirinsuxanlik, rahbarlikda adolatlilik, tadbirkorlik kabilarni kiritadi.
Yomon illatlarga esa hasadgo’ylik, baxillik, nosog’lom raqobat, o’z manfaatini ko’zlash, mansabparastlik va hokazolarni kiritadi.
Beruniy faxrlanishni yaxshi xulq ma’nosida ishlatib, «Yodgorliklar»da shunday deydi: «Faxrlanish – haqiqatda yaxshi xulqlar va oliy fe’llarda oldin ketish, ilmu hikmatni egallash va imkoniyat boricha mavjud pokliklardan tozalanishdir. Kimda shunday sifatlar topilsa, hukm uning foydasiga va kimda bular yetishmasa, hukm uning zarariga bo’ladi » 1.
Demak, Beruniy insonning ma’naviy qiyofasidagi barcha axloqiy xislatlarni yaxshilik va yomonlik kabi ikki turga bo’ladi. Bu insoniyat yaratgan pedagogik fikr taraqqiyotida «qizil ip» bo’lib o’tganidek, shu an’anaga muvofiq Beruniyda ham axloqiy tushunchalar axloqiy barkamollikning muhim tomonlaridir.
Beruniy saxovat (o’zaro yordam, bir-biriga foyda keltirish uchun hamkorlik), muruvvat (odamlarga xayrixoh bo’lish, halollik va haqgo’ylik, o’z mehnati bilan kun ko’rish v. b.)ni insonning axloqiy kamolotini ko’rsatuvchi xislatlar deb biladi.
Mutaffakkir ilgari surgan axloqiy xislatlardan yana biri adolatdir. U jamiyatda adolat o’rnatish, uni yovuzliklardan xalos etish uchun dono, adolatli hukmdor bo’lishi kerak, deydi.
Beruniy kundalik turmush masalalariga ham katta e’tibor bergan. Har bir axloqan barkamol inson o’zining turmush tarzini ham uyg’un, go’zal eta oladi. Uyg’unlik, go’zallik va nafosatning asosi sanaladi. Beruniy insoniy xislatlardan muhimi – ozodalik, tarbiyalilik bo’lsa, insonga eng yaqin narsa uning tabiati, ruhi deydi. Shuning uchun inson tabiatiga yoqadigan ishlarni bajarishi zarur, deb ko’rsatadi. Bunda insonning ichki dunyosi bilan tashqi go’zalligi, turmush tarzidagi go’zallikning uyg’un bo’lishini talab etgan. Bunga inson kiyadigan kiyimidan tortib, kundalik turmushidagi yurish-turishi, so’zi, qalbi, qilgan ishi – hammasining go’zal bo’lishi ta’kidlangan.
Ibn Sino insonning kamolga yetishida uning axloqiy kamoloti muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kilaydi. Ibn Sino axloqqa oid asarlarini «Amaliy hikmat» (donishmandlik amaliyoti) deb ataydi. Olimning fikricha, axloq fani kishilarning o’ziga va boshqalarga nisbatan xatti-harakati me’yorlari va qoidalarini o’rganadi.
Ibn Sino axloqlilikning asosini yaxshlik va yomonlik kabi ikki tushuncha bilan ta’riflaydi
–«Dunyoda mavjud bo’lgan jami narsalar tabiatiga ko’ra kamolot sari intiladi. Kamolot sari intilishning o’zi esa mohiyat e’tibori bilan yaxshilikdir…».
Ibn Sino inson kamolotining muhim axloqiy jihatlarini ham tahlil etadi va har biriga ta’rif beradi: Masalan, adolatni ruhiy lazzatning bosh mezoni sanaydi. Inson qanoat, jasurlik, donolik bilan adolatga ega bo’ladi, yomon illatlardan o’zini tiyib, yaxshilikni mustahkamlaydi, haqiqiy ruhiy lazzat oladi, deydi olim. Insondagi ijobiy axloqiy xislatlarga sahiylik, chidamlilik, kamtarlik, sevgi-muhabbat, mo’tadillik, aqllilik, ehtiyotkorlik, qat’iyatlilik, sadoqat, intilish, uyatchanlik, ijrochilik va boshqalarni kiritadi.
Qanoat va mo’tadillikni insonning hissiy quvvatiga kiritadi, chidamlilik, aqllilikni g’azab quvvatiga, donolik, ehtiyotkorlikni ziyraklikka, sadoqat, uyatchanlik ijrochilik, achinish, sofdillikni tafovut quvvatiga kiritadi.
Olim qanoatni hissiy fazilatlardan sanaydi va inson o’zini ta’magirlikdan tiysa, mo’tadillikka rioya etsa, o’zida hirsning namoyon bo’lishini yengadi, inson yomon illatlarni yengishda o’z imkoniyatlarini ongli sarf etishi lozim,-deydi.
Ibn Sino har bir axloqiy xislatning ta’rifini beradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |