Pedagogik faoliyatning maqsadi asrlar davomida yuksak ma’naviyatli shaxsni shakllantirishning umuminsoniy gʻoyasi sifatida xizmat qilib kelayotgan tarbiyaviy ishni amalga oshirish bilan bogʻliq. Pedagogik faoliyatning asosiy turlari sifatida tarbiyaviy ish va oʻqitish aks etadi. Tarbiyaviy ish – bu tarbiyaning tizimliligi, toʻlaligi, uzviyligi va uzluksizligidir. Tarbiyaviy ish tarbiyalanuvchilarning muayyan faoliyatini tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi shakldir. Tarbiyaviy ishning asosiy xususiyati – zaruriylik, foydalilik va tatbiq etish imkoniyatidan iborat.
Tarbiyaviy ishlar asosida ikkita: faol va majmuaviy yondashuvlar yotadi. Yondashuvlarning birinchisi, faoliyatning bilish, mehnat, ijtimoiy, badiiy, sport va erkin muloqot kabi turli koʻrinishlarini tashkil etishni talab etadi. Ikkinchi majmuaviy yondashuv esa, faoliyatning barcha koʻrinishlarining yagona jarayonga ta’siri bilan tabiiy “qoʻshilib” ketishida namoyon boʻladi. Tarbiyaviy ishlar, ayni paytda, oʻziga axloqiy, estetik, hissiy va aqliy (intellektual) ta’sirlarni qamrab oladi. Faoliyatga oid yondashuv tarbiya yoʻnalishiga ishora qilsa, majmuaviy yondashuv – uning mazmun tabiatini (pedagogik maqsad (vaziyat, tarbiyaviy maqsadning asosiy va bogʻliq tomonlarini shakllantirish)ni rejalashtirish; tashkil etish va tayyorlashni; ishni bevosita amalga oshirishni; erishilgan natijalar tahlilini) belgilaydi.
Oʻqitish – qoʻyilgan maqsadga erishishga yoʻnaltirilgan pedagog bilan oʻquvchilarning tartiblangan oʻzaro harakatidir. Oʻrgatish – oʻqitish maqsadini amalga oshirish boʻyicha pedagogning tartiblangan faoliyatini aks ettirsa, oʻrganish anglash, mashq qilish, va egallangan tajribalar asosida xulq-atvor va faoliyatning yangi shakllarini egallash jarayoni boʻlib, avval egallanganlari oʻzgaradi.
N.V.Kuzmina pedagogik faoliyatning oʻzaro bir-biri bilan aloqador quyidagi uch tarkibiy qismini ajratib koʻrsatadi: konstruktiv, tashkilotchilikka doir va kommunikativ. Konstruktiv faoliyat mazmunli (oʻquv materialini tanlash va tizimlashtirish, pedagogik jarayonni rejalashtirish va tashkil etish), konstruktiv operativ (oʻzining va oʻquvchilarning harakatlarini rejalashtirish); konstruktiv-moddiy (pedagogik jarayonning oʻquv-moddiy bazasini loyihalash) jihatlarni oʻzida aks ettiradi. Tashkilotchilik faoliyati – oʻquvchilarni faoliyatning xilma-xil turlariga jalb etish. Kommunikativ faoliyat – pedagogning ta’lim oluvchilar, oʻqituvchilar jamoasi, jamoatchilik, mahalla va ota-onalar bilan munosabatini yoʻlga qoʻyish.
Do'stlaringiz bilan baham: |