Rivojlanishi. Urug'langan tuxumdan lichinka (itbaliq) rivojlanib chiqadi (74-rasm). Itbaliqning ko'rinishi mayda ba-liqchaga o'xshaydi. Uning uzun va keng dumi, ikki yonida joylashgan ikki tutam tashqi jabralari bo'ladi. Rivojlangan sayin tashqi jabralar halqum devorida joylashgan ichki jabralar bilan almashinadi. Itbaliqning yuragi ikki kamerali, qon aylanish sistemasi ham bitta doiradan iborat. Tanasining ikki yonida yon chiziqlari bo'ladi.
T uxumdan chiqqan itbaliq dastlab tuxumdan qolgan oziq moddalar hisobiga yashaydi. Keyinroq u mayda suv o'tlari, bir hujayrali hayvonlar va suv o'tlari sirtiga yopishgan turli mikro-organizmlar bilan oziqlana boshlaydi. Rivojlanish davomida dastlab uning orqa oyoqlari, so'ngra oldingi oyoqlari paydo bo'ladi; jabrasi o'pka bilan almashinadi. Qon aylanish sistemasi organlari ham qayta quriladi. Yosh baqa suv yuzasiga ko'tarilib, atmosfera havosi bilan nafas ola boshlaydi. Dumi asta-sekin yo'qolib ketishi bilan itbaliq yosh baqaga aylanadi va quruqlikka chiqadi. Yosh baqalar uch yildan keyingina voyaga yetadi va urchiy boshlaydi.
Xilma-xilligi. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarga 4 000 dan ortiq tur kiradi. Ular dumsizlar (baqalar, qurbaqalar) va dumlilar (tritonlar, salamandralar) turkumlariga ajratiladi. Dumlilar O'rta Osiyoda uchramaydi. Ulardan eng yirigi Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan gigant salamandraning uzunligi 1,7 metrga yetadi. O'zbekiston hududida dumsizlardan ko'l baqasi va yashil qurbaqa keng tarqalgan.
Yashil qurbaqa baqaga nisbatan ancha yirik, rangi och yashil yoki kulrang, terisida sassiq oqish zaharli suyuqlik ishlab chiqa-radigan bezlari bo'ladi. U kunduzi kemiruvchilar inida, daraxt-lar ildizi va to'nkalar ostida, yerto'lalarda bekinib yotadi. Faqat kechqurunlari ovga chiqadi. Uning orqa oyoqlari nisbatan kuchsiz bo'lganidan o'rmalab yoki qisqa-qisqa sakrab yuradi. Qurbaqa -ning terisi dag'alroq, o'pkasi nisbatan yaxshi rivojlangan. U kechqurunlari qurillab sayraydi. Qurbaqa faqat ko'payish davrida suvga tushadi. U ko'lmak suvlar va hovuzlarga marjon shodasiga o'xshab tizilgan tuxumlarini qo'yadi.
Ahamiyati. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar — foydali hayvonlar. Qurbaqa o'simliklarga ziyon yetkazadigan hasharotlarni qirib, katta foyda keltiradi. Qurbaqa bir kechada 100 tagacha, 9 oy davomida uch mingtagacha hasharotni yeydi. Baqa zararkunanda hasharotlar (chivinlar)ning suvdagi lichinkalarini va suv bo'yidagi hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Baqaning o'zi ham turli hayvonlar uchun oziq bo'ladi. Baqadan tibbiyot va biologi-yada laboratoriya hayvonlari sifatida ham foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |