Qo’shimcha tarmoqli va alohida yo’nalishlar bo’yicha qo’llaniladigan svetoforlar
Yo’naltirgich izi tushirilgan qizil, sariq va yashil rangli svetofor ishoralari ham doirasimon shakldagi svetofor ishoralari bilan bir xil vazifani bajaradi. Ular faqat ko’rsatilgan yo’nalishga ta’sir etadi. Agar tegishli yo’l belgisi bilan taqiqlanmagan bo’lsa, chapga burilishga ruxsat beruvchi yo’naltirgich transport vositalariga orqaga qayrilib olishga ham ruxsat beradi. Qo’shimcha tarmoqdagi yashil yo’naltirgich ham xuddi shu vazifani bajaradi. Agar qo’shimcha tarmoqdagi yashil yo’naltirgich svetoforning yashil yoritgichi bilan birga yonsa, transport vositalariga ko’rsatilgan yo’nalishda to’xtamasdan harakatlanishiga ruxsat beriladi.
Svetoforning qizil yoki sariq ishorasi bilan bir vaqtda yongan, qo’shimcha tarmoqning yashil ishorasidagi yo’naltirgich yo’nalishida harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi boshqa yo’nalishlardagi transport vositalariga yo’l berishi kerak. Qo’shimcha tarmoqdagi ishora o’chirilgan bo’lsa, shu tarmoq tartibga solayotgan yo’nalishda transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanganligini bildiradi.
Agar svetoforning asosiy yashil ishorasiga yo’naltirgich izi, ya’ni konturi tushirilgan bo’lsa, u haydovchilarga svetoforning qo’shimcha tarmog’i borligi haqida axborot beradi va shu asosiy tarmoqdagi yo’naltirgichlar yo’nalishida harakatlanishga ruxsat berilganligini ko’rsatadi. Haydovchilarga qorong’ida yoki yetarlicha ko’rinmaslik sharoitlarida svetoforning qo’shimcha tarmog’i ko’rinmay qolishi mumkin. Yo’naltirgich izini tushirishdan ko’zlangan maqsad ham haydovchilarning svetoforni qo’shimcha tarmoqsiz deb o’ylab, burilish yoki qayrilishda xato qilishlarining oldini olishdan iborat.
Reversiv svetoforlar
Qatnov qismdagi harakat yo’nalishi qarama-qarshi tomonga o’zgarishi mumkin bo’lgan yo’l bo’laklarida, transport vositalarining harakatini tartibga solish uchun ikki sektsiyali to’g’ri to’rtburchak shakldagi ikssimon qizil ishorali va pastga yo’naltirilgan yo’naltirgich ko’rinishidagi yashil ishorali reversiv svetoforlar qo’llaniladi. Bu ishoralar qaysi yo’l bo’laklari ustiga o’rnatilgan bo’lsa, unda harakatlanish yo taqiqlanadi, yoki ruxsat beriladi. Ikki tomoni 1.9. chizig’i bilan ajratilgan yo’l bo’lagi bo’yicha harakatlanayotgan transport vositalari reversiv svetoforning yashil ishorasi yonganda, 1.9. chizig’idan o’ng tomonga kesib o’tishlari mumkin. Ikki tomoni 1.9. chizig’i bilan belgilangan yo’l bo’lagi ustiga o’rnatilgan, ishoralari o’chirilgan reversiv svetofor transport vositalarining shu bo’lakka kirishini taqiqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |