ishlab chiqarish kooperativi uchun – faoliyat yuritish uchun ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan mulkning qiymat bahosi;
ijara tashkilot uchun – uning mulkdorlari ulushlari miqdori;
mustaqil balans ajratilgan boshqa shakldagi tashkilotlar uchun – to‘liq xo‘jalik yuritish huquqi bilan tashkilotga uning mulkdorlari tomonidan biriktirilgan mulkning qiymat bahosi.
Tashkilotni tashkil qilishda uning ustav kapitaliga ulushlar sifatida pul mablag‘lari, moddiy aktivlar namoyon bo‘ladi. Ustav kapitali mablag‘larni birlamchi investitsiyalashda shakllanadi. Uning miqdori tashkilotni ro‘yxatga olishda e’lon qilinadi, ustav kapitali miqdoriga ixtiyoriy tuzatish kiritishga (qo‘shimcha aksiyalar emissiyasi, aksiyalarning nominal qiymatini pasaytirish, qo‘shimcha ulush kiritish, yangi ishtirokchini qabul qilish, foydaning bir qismini qo‘shib olish va boshqalar) esa amaldagi qonunchilik va ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, moliya organlaridan majburiy ro‘yxatga o‘tgan holda yo‘l qo‘yiladi.
Ustav kapitalini shakllantirish mablag‘larning qo‘shimcha manbasi
–emissiya daromadi yuzaga kelishi bilan birga kuzatilishi mumkin. Aksiyalarni birlamchi emissiya qilish jarayonida ular nominaldan yuqori narxda sotilgan holatda ushbu manba vujudga keladi. Ushbu summa olinganda ular qo‘shimcha kapital hisobiga yoziladi.
Jamiyat faoliyat yuritishi jarayonida ustav kapitali o‘zgarishi mumkin. Foydaning o‘sishi yoki ta’sischilarning qo‘shimcha ulushlari hisobida u ortishi, foyda kamayganda esa – qisqarishi mumkin. Ustav kapitalini o‘zgaritirish faqatgina ko‘pchilikning oddiy ovozi bilan umumiy yig‘in qarori asosida amalga oshiriladi va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiladi. Ustav kapitalining ortishi boshlang‘ich e’lon qilingan miqdori to‘liq to‘langandan so‘nggina amalga oshirilishi mumkin. Bunda agar aksiyadorlik jamiyati moliya yili yakuni bo‘yicha zararga ega bo‘lsa, u holda navbatdagi emissiya hisobiga mablag‘larni jalb qila olmaydi.
Aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalini yangi aksiyalar chiqarish yo‘li bilan oshirishi mumkin. Umumiy yig‘in tomonidan oldingi emissiya natijalari, oldinroq chiqarilgan aksiyalarning haqiqatda sotilishi va sotilmaganlari qaytarilishini taqozo etuvchi ustav kapitaliga o‘zgartirishlar kiritilishi tasdiqlangandan keyingina qo‘shimcha aksiyalar chiqarish mumkin.
Qo‘shimcha aksiyalar chiqarilganda aksiyadorlar ularni sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
Ustav kapitali aksiyalarning nominal qiymatini o‘zgartirish (denominatsiya) yo‘li bilan ham oshirilishi mumkin. Bu holatda aksiyadorlik jamiyati tomonidan chiqarilgan aksiyalar seriyalari va barcha toifalari, shuningdek, ustav kapitalini oshirish haqida qaror qabul qilingunga qadar chiqarilgan optsionlar va konvertirlanadigan obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatlar ham teng nisbatda o‘zgartiriladi.
Bundan tashqari, ustav kapitalini oshirish quyidagi hollarda sodir bo‘lishi mumkin: konvertirlanadigan obligatsiyalarni aksiyalarga ayirboshlash natijasida; sho‘ba jamiyatlarda bo‘lgan, shuningdek, zaxira fonddagi aksiyalarni qaytarish natijasida; qo‘shimcha aksiyalar chiqarish yo‘li bilan yoki chiqarilgan aksiyalarning nominal qiymatini oshirish yordamida asosiy vositalarni qayta baholash oqibatida.
Aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalining kamayishi aksiyalarning nominal qiymati pasayishi yoki ularning bir qismini qaytarish natijasida sodir bo‘ladi. Bunda faqatgina aksiyadorlik jamiyati balansida bo‘lgan, jumladan shu maqsadda aksiyadorlardan sotib olingan aksiyalar qaytarilishi mumkin.
Ustav kapitali xususiy aksiyalarni pul to‘lab qaytarib olish, shuningdek, aksiyadorlarni chetlatish va ularga badallarni qaytarish yordamida, obuna miqdorini aksiyalarning haqiqatda to‘langan qiymatigacha qisqartirish yo‘li bilan kamaytirilishi mumkin. Aksiyalar sho‘ba jamiyatlarga o‘tkazilganda, shuningdek, aksiyalarning bir qismi zaxira fondga yo‘naltirilganda ham ustav kapitali kamayadi.
Foyda – zaxira kapitali (fondi) ni shakllantirishning asosiy manbayi bo‘lib, ko‘zda tutilmagan yo‘qotish va ehtimoliy zararlarni qoplash uchun mo‘ljallangan, ya’ni bu fond o‘z tabiatiga ko‘ra sug‘urta hisoblanadi.
Zaxira fondini shakllantirish tartibi shu turdagi korxonalar faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar, shuningdek, uning ta’sis hujjatlari asosida belgilanadi.
Tashkilotning mablag‘lar manbayi sifatida qo‘shimcha kapital, odatda, asosiy vositalar va boshqa moddiy qimmatliklarni qayta baholash natijasida hosil bo‘ladi. Undan iste’mol maqsadlarida foydalanish me’yoriy hujjatlarga ko‘ra taqiqlanadi.