KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. O‘zbekiston ko‘p millatli, ko‘p konfessiyali davlatdir. Bunday davlatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik ijtimoiy-siyosiy barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. SHuning uchun davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro hurmatga asoslanishi mamlakatimizda qurilayotgan demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan biridir. Zero, mamlakatimizda 16 diniy konfessiyaning o‘zaro totuvlikda faoliyat ko‘rsatishiga davlat barcha sharoitlarni yaratib bergan.a. O‘tgan qisqa davr ichida mazkur yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirildi va diniy islohotlarga keng zamin yaratildi. O‘zbekistonda qaror topgan davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi demokratik prinsiplarga asoslangan munosabatni o‘rganishning dolzarbligi quyidagi omillar bilan belgilanadi:
Birinchidan, respublikamizda istiqomat qilayotgan turli diniy konfessiyalar faoliyati va ularning davlat bilan munosabatida o‘zaro hurmat, sabr-toqat, bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishda ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda diniy tashkilotlar faoliyati, davlat va din munosabatlarini, diniy bag‘rikenglik, umuman, diniy omilning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotdagi o‘rni va ahamiyatiga bevosita qaratilgan maxsus tadqiqotlarna ehtiyoj saqlanib qolmoqda. Mamlakatimizda tinchlik, barqarorlikni yanada mustahkamlashda turli dindagi konfessiyalarning tarixi, ta’limoti, ularning jamiyat rivojidagi o‘rnini o‘rganish katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, aholining siyosiy, huquqiy, axloqiy madaniyatini takomillashtirishda ba’zi reaksion oqimlarga qarshi kurashni ilmiy-nazariy jihatdan tashkil qilish muammolarining mutaxassislar tomonidan tadqiq qilinishi davr talabiga aylandi. Ana shunday asosda olib borilgan tadqiqotlarning natijalari va xulosalariga tayanadigan ilmiy tavsiyalarga amaliyotning ehtiyoji yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa masalani alohida tadqiqot ob’ekti sifatida tanlab olish uchun eng muhim sabablardan biri sanaladi.
Uchinchidan, milliy va diniy bag‘rikenglik, davlat va diniy tashkilotlarning o‘zaro munosabatida demokratik tamoyillarning qaror topishi xalqimiz madaniyati hamda mentalitetining ajralmas qismiga aylandi. O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik borasida olib borilayotgan siyosat demokratik o‘zgarishlarni va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni tezlashtirishga, boshqa millatlar va madaniyatlarga hurmatsizlik hollaridan, har qanday tajovuzkorlik, ekstremizm va missionerlik shakllaridan xoli haqiqiy demokratik jamiyatni qurish omiliga aylanishiga, jamiyatda millatlararo va dinlararo ahillikning saqlanishiga imkon tug‘dirmoqda. Bu tajribalarni atroflicha tadqiq qilish hamda O‘zbekistonning yutuqlarini jahon hamjamiyati oldida targ‘ib etish mamlakatimiz uchun katta ahamiyat kasb etmoqda.
To‘rtinchidan, millatlararo va konfessiyalararo munosabatlardagi uyg‘unlik xalqlarning ma’naviy boyligi manbai hisoblanadi va davlatlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, qizg‘in o‘zaro xalqaro munosabatlar davrida insoniyatning madaniy, aqliy va ma’naviy jihatdan birligi muammosi amaliy yechimni talab qiladi. Bu esa ko‘p jixatdan davlatning diniy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatiga bog‘liq.
Demak, yuqorilardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchlik va barqarorlik ko‘p jixatdan davlatning diniy tashkilotlar bilan munosabati, turli diniy konfessiyalar va tashkilotlar faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi omili bilan bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |