Tijorat krediti – kreditning boshqa turlariga nisbatan tarixan juda qadimda paydo bo’lgan. Uning vujudga kelishi bevosita tovarlarni ishlab chiqarish va ularning realizatsiyasi bilan chambarchas bog’liqdir. Tijorat kreditining ob’ekti bo’lib – savdo kapitali hisoblanadi.
Tijorat krediti sotuvchi tomonidan sotib olingan tovarlarning to’lovini ma’lum muddatga kechiktirish orqali amalga oshiriladi. Xalqaro bank amaliyotida ushbu kreditni vekselli kredit sifatida ta’kidlanadi. Veksel tijorat kreditining “quroli” hisoblanib, asosan barcha tijorat kreditlari veksel yordamida amalga oshiriladi. Bunda sotib oluvchi korxona sotuvchidan olgan tovarlar yoki ko’rsatgan xizmatlari uchun unga vekselni taqdim etadi. Veksellar odatda ma’lum muddatlarga (3 oy, 6 oy va 12 oy) sotib oluvchi tomonidan chiqarilgan bo’lib, sotuvchi vekselda ko’rsatilgan muddat etib kelganda uni bankka topshirish asosida asosiy summani va unga hisoblangan qo’shimcha foiz to’lovini olish huquqiga ega bo’ladi.
Ayrim iqtisodiy adabiyotlarda tijorat kreditini xo’jalik krediti sifatida ham yuritishadi. Buning sababi shundaki, tijorat kredit bilan bog’liq iqtisodiy jarayonlar xo’jalik yurituvchi subyektlar o’rtasida amalga oshirilib, ushbu kredit turi kreditor – korxona tomonidan tovar yoki pul ko’rinishida berilishi mumkin. Tijorat kreditida kreditning obyekti tovarlar hisoblanib, tovarlarga to’lovlarni kechiktirish yo’li bilan veksel asosida beriladi. Pul ko’rinishidagisida kreditning obyekti qiymat hisoblanadi, bu kredit korxonaning ixtiyoridagi vaqtinchalik foydalanilmaydigan pul mablag’lari hisobidan beriladi. Tijorat krediti tovar yoki pul ko’rinishida berilishidan qat’iy nazar, bank kreditiga nisbatan juda qisqa muddatlarga beriladi.
Hozirgi kunda tijorat kreditining quyidagi shakllari mavjud:
Veksel usuli;
Ochiq schetlar usuli;
Chegirma berish usuli;
Mavsumiy usul;
Konsegnatsiya usuli;
Davlat krediti. Ushbu kreditning asosiy belgilaridan biri kreditni berish yoki olish jarayonida davlat bevosita ishtirok etadi. Ko’pchilik hollarda esa davlat kreditor sifatida yuridik va jismoniy shaxslarga kreditlar beradi.
Davlat krediti munosabatlari jarayonida uning subyektlari sifatida davlat nomidan markaziy va mahalliy davlat boshqaruv organlari maydonga chiqsa, ikkinchi tomondan yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etadi. Davlat kreditining vujudga kelishida an’anaviy ravishda ko’pchilik hollarda davlat byudjeti taqchilligini qoplash yoki yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida o’z nomidan qimmatli qog’ozlarni muomalaga chiqaradi. Davlat byudjetining taqchilligini qoplashda davlat tomonidan chiqarilgan qimmatli qog’ozlar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinadi. Bunda yuridik va jismoniy shaxslar kreditor sifatida namoyon bo’ladi.
Davlat byudjeti taqchilligini qoplashning boshqa manbalari ham mavjud bo’lib, ularning asosiylari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
amaldagi soliq stavkalari miqdorini oshirish;
muomalaga qo’shimcha pullarni (xazina biletlarini) emissiya qilish;
Markaziy bankdan kredit qarzlarini olish;
xalqaro kredit va moliyaviy yordam so’rash;
davlatning qimmatli – qog’ozlarini muomalaga chiqarish.
Do'stlaringiz bilan baham: |