MAVZU: XIX ASRNING IKKINCHI YARMIDA O’ZBEKISTONDA SIYOSIY-HUQUQIY FIKRLAR
I BOB. XIX asrning ikkinchi yarmi O`zbekiston siyosiy-huquqiy tarixida yangi davr
XIX asrning ikkinchi yarmida O’zbekiston taraqqiyotining o`ziga xos xususiyatlari
Ma’rifatparvarlik harakatidagi siyosiy-huquqiy fikrlar
II BOB. Ma`rifatparvarlik harakati namoyondalari tomonidan ilgari surilgan siyosiy-huquqiy fikrlar
2.1. Ahmad Donishning o’z davrdagi siyosiy-ijtimoiy masalalarga munosabati
2.2. Ma’rifatparvar Muqimiy, Zavqiy, Anbar Otin va Avaz O’tar qarashlarida siyosiy-huquqiy masalalarning yoritilganligi
XULOSA
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI
ILOVALAR
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. O’zbekistonning mustaqil rivojlanish yo’liga kirishi uning xalqlari tarixida muhim inqilobiy ahamiyatga ega bo’ldi va ijtimoiy taraqqiyotida katta burilish yasadi. Shu munosabat bilan respublikamizning nafaqat iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotida, balki ma’naviy hayotida ham keskin yangilanish jarayoni ro’y bermoqda. Bu yangilanishda milliylikka, tariximizga, boy madaniy me’rosimizga qiziqish, uni keng, har tomonlama ilmiy va haqqoniy o’rganishga intilishning kuchaya borishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayon ma’naviyatimizning turli sohalari, jumladan ijtimoiy fanlarni o’rganishda ham o’zining yorqin ifodasini topmoqda.
XIX asr O’rta Osiyo hayotida murakkab va keskin burilish davri bo’ldi. Uning murakkabligi, avvalo, Amir Temur imperiyasining parchalanishi bilan bog’liqdir. Doimiy ixtiloflar maydoniga aylanib qolgan Movarounnahr Shayboniyxon lashkarlari tomonidan bosib olinadi. Yurtda egasizlik, boshboshdoqlik hukm suradi. Mana shunday sharoitda haqiqiy ilm o’rnini diniy aqidaviy qarashlar egallaydi. Natijada aniq va tabiiy fanlar quvg’inga uchraydi, ayniqsa, matematika va astronomiya orqada qoladi. Buning oqibatida ilm-fan rivojining darajasi keskin pasayib ketadi. Ayni paytda bu davr oldingi mutafakkirlarning ilg’or g’oyalarining o’zaro faol ta’siri zaiflashuvi bilan xarakterlanadi. Din bevosita davlat siyosatining asosiga, hokimiyat uning rahnamolari qo’lida manfaatlarini niqoblovchi mafkuraga aylanadi. Natijada jamiyatda diniy tazyiq kuchayadi. Har qanday ijodiy hur fikr ta’qibga olinadi. Shunga qaramay O’rta Osiyoda ijtimoiy fikr, falsafa, adabiyot, tarix, musiqa fanlari, me’morchilik, tasviriy san’at rivojlandi, qator madrasa va masjidlar qurildi. Jumladan, Ibn Muhammad Yusuf Al-Qorabog’iy, Muhammad Sharif, Mashrab va So’fi Olloyor, Nodira, Uvaysiy, Dilshod, Komil Xorazmiy, Avaz O’tar, Bedil, Fuzuliy, Ahmad Donish, Muqimiy, Ogahiy, Furqat, Mulla Olim Mahdum Hoji ijodiyotida ilg’or ijtimoiy g’oyalar yaratildi.
Mavjud manbalar milliy davlatchilik tariximizni tanazzulga tortgan siyosiy kurashlar va o’zaro ixtiloflarning sabablarini o’rganish, undan saboqlar chiqarish mavzuning dolzarb jihatlaridan biridir. Ma’lumki, Movarounnahr davlatchilik tarixi va uning taraqqiyotini islom falsafasidan ayri holda ko’ra olmaymiz. Ajdodlarimiz dunyoviy va diniy ilmlarni bevosita uyg’un tarzda olib borishgan. U xoh diniy, xoh dunyoviy yo’nalishda bo’lmasin, uning asosida inson – jamiyat – davlat muammosi yotadi. Faqat biryoqlama diniy mafkuraga asoslangan munosabat, so’ngra mustamlakachilik siyosati adolatli jamiyat qurishga qaratilgan ilg’or, milliy madaniy merosni ta’qib ostiga oladi. Natijada fan va ta’limot o’z zaminidan ayrilgan aqidalar va mavhum g’oyalar ta’siriga tushib qoldi.
Ammo tarixning ana shunday murakkab davrida ham, Vatanimiz hududida hurriyat bilan yo’g’rilgan ijtimoiy-siyosiy qarashlar to’xtagan emas. Aksincha, XIX asrning ikkinchi yarmida Dilshod, Komil Xorazmiy, Avaz O’tar, Bedil, Fuzuliy, Ahmad Donish, Muqimiy, Ogahiy va Furqat singari ma’rifatparvarlarning huquqiy-siyosiy qarashlari umummilliy istiqlol g’oyasining vujudga kelishiga turtki bo’ldi. Ana shunday g’oyalarni ishlab chiqishda XIX asrning ikkinchi yarmida shakllangan ma’rifatparvarlik harakatini alohida o’rganish ushbu mavzuning dolzarbligidan dalolat beradi.
Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev e’tirof etganlaridek, “Xususan, milliy o’zligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini o’rganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha olimlari faoliyatini har tomonlama qo’llab-quvvatlashimiz lozim”1.
Shuning uchun ham milliy davlatchiligimiz asoslarini o’rganish va mustahkamlashda XIX asrning ikkinchi yarmida shakllangan ma’rifatparvarlarning siyosiy-huquqiy qarashlari, bu davrning o’ziga xos xususiyatlari hamda shart-sharoitlarini siyosiy jihatdan tahlil etish ushbu mavzuning dolzarb jihatlaridan yana biri desak adashmagan bo’lamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |