Molekulyar mexanika.
Molekulyar mexanika usuli tajribada aniqlangan ma’lumotlar asosida hisoblashlar olib borilganligi uchun “empirik usullar” deyiladi. Bundan tashqari, molekulyar mexanika usullari “kuch maydonlari” deb ham yuritiladi. Bunday deyilishining asosiy sababi, avvalo Nyutonning uchinchi (F=-F) qonuni bilan bog’liq, ya’ni kimyoviy bog’ni cho’zish uchun kuch (F) ta’sir qilinsa darhol cho’zilishga qarshi kuch (-F) yuzaga keladi. Yana shuningdek, sistema energiyasi va bog’ uzunligi (valent, torsion burchak) bog’liqligini ifodalovchi potentsiallarning (Morze potentsiali, Lennard-Jons potentsiali va b.) hamda infraqizil spektroskopiyasida guruhlar to’lqin sonini aniqlash formulasidagi bog’ doimiysining (k – force constant) qo’llanilishi bilan bog’liqdir. Molekulyar mexanika nazariyalari o’tgan asrning 60-chi yillarida T. Xill va A.I. Kitaygorodskiylar tomonidan yaratilgan. Molekulyar mexanika termini 1958 yilda L. Bartell tomonidan taklif qilingan. Ammo, molekulalarni mexanik sistema ko’rinishida qarash va ularning energiyalarini klassik mexanika nuqtai nazaridan hisoblash takliflari 1930-yillardan boshlangan. 1960-yillarga kelib birikmalarning kristall tuzilishlari, infraqizil (IQ) spektrlari va boshqa usullarda aniqlangan tajriba ma’lumotlari hisoblash usullarining aniqligini baholash bilan birgalikda yangi nazariy usullar yaratilishida salmoqli o’rin tutdi. Shuningdek, ushbu davrga kelib sikloalkanlarning konformatsiyasi ko’pchilik olimlar 19 muhokamasida edi. Yarim empirik va noempirik usullar kompyuter imkoniyatlarining cheklanganligi sababli sikloalkanlarning konformatsiyasi haqida xulosa qilish imkonini bermasdi. Birinchi molekulyar mexanika tipidagi hisoblashlar Hendrikson (J.B. Hendrickson) tomonian 1961 va 1964 yillarda sikloalkanlarning (C5 - C8) konformatsiyalarini o’rganish uchun bajarilgan. Undan keyin, K.B. Viberg (K.B. Wiberg) tomonidan 1965 yilda MM tipidagi hisoblashlar amalga oshirilgan. Keyinchalik bir nechta guruh olimlar tomonidan MM tipidagi hisoblashlar olib borilgan. Ancha mukammal empirik hisoblash usuli - MM1 1973 yilda N.L. Ellinjer (N.L. Allinger) tomonidan taklif qilingan. U yaratgan MM1 usuli sikloalkanlar hisobi uchun atigi 1-2 minut sarflagan. U 1977 yilda MM1 usulini yanayam mukammallashtirgan holda MM2, 1989 yilda MM3 va 2004 yilda esa MM4 usullarini taklif qildi. Shuning uchun ham empirik hisoblashlar sohasida Ellinjer o’rni katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |