Tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini boshqarish.
Tuproqning umumiy fizik xossalari va fizik-mexanik xossalari ekinlarni o‘stirish texnologiyasida e‘tiborga olinishi kerak. Bu maqbul sharoitlar ma‘lum darajada tuproqning biologik va kimyoviy xossalarini yaxshilashga qaratilgan agrotexnika tadbirlarini qo‘llanish natijasida yuzaga keltiriladi. Qishloq xo‘jalik ekinlarini o‘stirish va ularning talabiga javob beradigan texnologiyadan samarali foydalanishda, agronom tuproqning yuqorida qarab chiqilgan fizik va fizikmexanik xossalari ko‘rsatkichlarining maqbul parametrlarini yaxshi bilishi kerak. Tuproqning umumiy fizik va fizik-mexanik xossalarini tuproqning unumdorligini baholashda va qishloq xo‘jalik ekinlarini parvarish qilish texnologiyasida e‘tiborga olish zarur. Ularning hammasi tuproqga ta‘sir etishning agrotexnikaviy, biologik va kimyoviy usullari orqali u yoki bu darajada tartibga solinadi. Tuproqning mexanik va mineralogik tarkibi, strukturasi, namligi, almashinadigan kationlar tarkibi, gumusli holati, dalalarda foydalaniladigan texnikalar va qishloq xo‘jalik ekinlarini o‘stirish texnologiyalari tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalariga ta‘sir etuvchi eng muhim omillar hisoblanadi.
Tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini tartibga solishda o‘simliklar talabiga binoan va ularni yetishtirishda samarali texnologiyalarni tanlashda ushbu xossalarning yuqorida sanab o‘tilgan parametrlarini baholashni hamda ularning shakllanishida ko‘rsatilgan omillarning rolini bilish zarur.
Tuproqlardan dehqonchilikda foydalanishda uning mexanik va mineralogik tarkiblarining o‘zgarishi qiyin bo‘lganligi sababli, ularning ahamiyatini tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini boshqarish usullarini tanlashda (turli mexanik tarkibdagi tuproqlarni ularning namligiga ko‘ra ishlov berishning optimal muddatlarini tanlashda, og‘ir tuproqlarda haydov osti gorizontlarini yumshatishda va boshqa) asosan ularning ahamiyatini hisobga olish zarur. Tuproqning namligi, strukturasi, gumuslanish darajasi va almashinadigan kationlar tarkibi kabi turli darajada tartibga solinadigan omillar fizikaviy va fizik-mexanik xossalarning barcha kompleksiga har tomonlama ijobiy ta‘sir etadi. Tuproqning namlik holatiga ko‘ra unga ishlov berish muddati va usullarini tanlash, tuproq struktura holatini yaxshilashda amalga oshiriladigan tadbirlar (ko‘p yillik o‘tlar ekish, ishlov berishni minimallashtirish, organik o‘g‘itlar berish, siderat ekinlar ekish va boshqalar) ni amalga oshirish, tuproq gumusini oshirish tuproqning fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini eng yaxshi parametrlarini yaratishga imkon tug‘diradi.
Nordon tuproqlarni ohaklash va ishqorli tuproqlarni gipslash, singdirilgan asoslar tarkibini o‘zgartirish bilan birga fizik va fizik-mexanik xossalarning butun kompleksining o‘zgarishiga ham sabab bo‘ladi. Tuproqning fizik xossalari, eng avvalo, zichligi, g‘ovakligi, solishtirma qarshiligi kabi xossalarining shakllanishida tuproqqa qishloq xo‘jalik texnikasining ta‘siri alohida ahamiyatga ega. Og‘ir texnika (og‘ir traktor, kombayn va boshqa mashinalar), tuproqning 50-80 sm va undan ham ko‘proq chuqurlikgacha va ayniqsa haydov va haydov osti qatlamlarining kuchli zichlanishiga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun tuproq zichlanishiga ta‘sir etishi jihatidan mashina-traktor parklari tarkibiga qattiq talab qo‘yish, dehqonchilikda ishlov berishni minimallashtiradigan texnologiyalarni joriy etish, tuproq zichlanishiga qarshi kurashda faol usullardan foydalanish (chuqur yumshatish va boshqalar) tuproqning qulay fizikaviy va fizik-mexanik xossalarini vujudga keltirishda muhim ahamiyatga ega.
XULOSA
Tuproqning mexanik tarkibi va struktura holati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan fizikaviy xossalari hamda unda kechadigan fizikaviy jarayonlar tuproqning suv, havo va issiqlik rejimlari, shuningdek o‘simliklarning o‘sib rivojlanishida juda katta ahamiyatga ega. Tuproqning fizikaviy xossalariga, uning strukturasi, suv, havo, issiqlik, umumiy fizikaviy va fizik-mexanikaviy xossalari kiradi. Tuproqning fizikaviy xossalari ko‘plab omillarga, jumladan, tuproqning qattiq, suyuq, gazsimon qismi va tirik fazalari tarkibi, ular nisbati va o‘zaro ta‘siri hamda dinamikasi singarilar bilan bevosita bog‘liqdir.
Tuproq qoplami va o‘simliklar ajralmas birlik - jahon tuproq – ekologik sistemasini tashkil etadi, qaysiki unda o‘simlik va tuproq birgalikda yashaydi. Bundan million yillar oldin quruqlikda o‘simliklar paydo bo‘lgan. O‘sha paytdayoq, bizning planetamizdagi barcha tirik organizmlar tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan, juda murakkab tarixni bosib o‘tgan, tuproq paydo bo‘lish jarayoni yuzaga kelgan.
Tuproq qoplami biosferada yana bir eng muhim vazifani bajaradi. U jaxon okeani singari, - planetamizni tozalovchi (purifikator) muhitdir. Ko‘pchilik organik va organik – mineral birikmalar parchalanishi tuproqda tugallanadi. Tuproq xo‘jalik va yashash faoliyatining turli xildagi chiqindilarini qabul qiluvchidir. Tuproqlarda hayot kechiruvchi organizmlarning juda zichligi tufayli barcha tirik organizmlar chiqindilarining parchalanishi sodir bo‘ladi. Tuproqning tozalovchi qobiliyati ba‘zi shaharlarda kanalizasiyalar va sanoatlardan chiqqan suvlarni tozalashda foydalaniladi. Sug‘oriladigan maxsus dalalar barpo etilib, ularga oqova suvlar to‘planadi va tuproqda biologik tozalanish samarali o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |