3. Flektiv (ingl. Inflexional – “o‘zgaradigan”, “turlanadigan” degani) tillar grammatik ma’nolar o‘zak ichidagi tovush almashinuvlari asosida yasaladigan tillardir. Flektiv tillarga hind-yevropa, semit, xamit tillari kiradi. Bu tillarning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1) o‘zakdagi tovush o‘zgarishlari yangi grammatik ma’noning yasalishiga olib keladi. Arab tilidagi quyidagi so‘zlarga e’tibor bering: naqsh, naqqosh; xalq, xaloyiq kabi.
2) bir grammatik ko‘rsatkich (qo‘shimcha) birdan ortiq grammatik ma’noni ifodalaydi: rus tilidagi kniga so‘zi tarkibidagi –a qo‘shimchasi jinsni (jenskiy rod), bosh kelishikni, birlik sonni bildirib kelgan.
3) bir grammatik ma’no turli shakllardagi ko‘rsatkichlar bilan ifodalanadi. Rus tilida ko‘plik ma’nosi -i, -a, ы, ya qo‘shimchalari orqali ifodalanishi mumkin: knigi, goroda, nojы, bratya.
4) o‘zak-negiz mustaqil qo‘llanmasligi mumkin. Rus tilidagi idu, idya, idti, idyom so‘zlarida id– qismi o‘zak hisoblanadi va u mustaqil ishlatilmaydi.
4. Mujassamlantiruvchi (polisintetik)20 tillarning xususiyati shundan iboratki, ularda butun bir gap bir so‘z holida yoziladi va talaffuz qilinadi. Masalan, AQSHning Yuta shtatida yashovchi hindularning payyut tilidan misol keltiramiz: “vii-to-kuchum-punku-ryugani-yugvi-van-tyum” tarzida yoziladigan “so‘z-gap” so‘zma-so‘z quyidagicha tarjima qilinadi: “pichoq-qora-bizon-qo‘lga o‘rgatilgan-bo‘laklamoq-o‘tirmoq”. Ma’nosi: Pichoq bilan qo‘lga o‘rgatilgan qora bizonni bo‘laklab o‘tirishibdi”. Polisintetik tillarga chukot tili, suningdek, Amerikadagi ayrim hindu tillari, Osiyodagi paleoosiyo oilasiga mansub ayrim tillar kiradi. Bunday tillarda bizning tushunchamizdagi so‘z birligi yo‘q, ya’ni so‘zlar gapdan tashqarida mavjud bo‘la olmaydi.
Shuni ta’kidlash lozimki, tillarning morfologik tasnifi nisbiy tabiatga egadir, chunki o‘z xususiyatlari bilan mutlaq tarzda bir guruhga tegishli bo‘lgan til yo‘q. Misol uchun, o‘zbek tili asosiy xususiyatlari bo‘yicha agglyutinativ tillar guruhiga kirsa ham, flektiv tillarga xos belgilardan xoli emas. Masalan, o‘zbek tilida ham so‘z tarkibidagi tovush o‘zgarishi natijasida yasalgan so‘zlar mavjudligi haqida buyuk o‘zbek tilshunosi Ayyub G‘ulomov fikr bildirib o‘tganlar. U kishi bo‘r va bo‘z (gazmol nomi), ko‘r va ko‘z, semir va semiz, qimir va qimiz so‘zlarining o‘zaro aloqadorligini, ya’ni yasalganligini ta’kidlaganlar21. Shuningdek, keldim so‘zidagi –m qo‘shimchasi ham 1-shaxsni, ham birlikni ifodalaydi. Bular o‘zbek tilidagi fleksiyaning izlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |