XVI. Paleoosiyo tillari oilasi: A. Chukot guruhi: chukot, koryak, kamchadal. B. Sibir guruhi: odul, nivx. D. Ket tili.
XVII. Eskimos tillari oilasi: eskimos, aleut.
XVIII. Shimoliy Amerika tillari oilasi: algonkin tillari, irokez tillari, siu tillari, naetchz -muskok tillari, atabask, mossk tillari, penuti , xoka tillari.
XIX. Markaziy Amerika tillari oilasi: uto-astek tillari, mayya tillari va b.
XX. Janubiy Amerika tillari oilasi: tupi-guarani, kechua, aravak, aruakan, chon, alakaluf, pano, je va b.
XXI. Uzoq Sharq tillari oilasi: yapon, ryukyuk, koreys, ayn.
XXII. Avstraosiyo tillari oilasi: munda, santali, mundari, xo, bxumadji.
XXIII. Bask tili (birorta ham oilaga kirmaydi).
XXIV. Burjask tili (birorta ham oilaga kirmaydi).
Morfologik tasnif
Avvalo, bu tasnif nomidagi ”morfologik” so‘ziga e’tiboringizni qaratamiz. Bu so‘z orqali muayyan tildagi so‘zlarning tarkibiga ishora qilingan, chunki morfologiya bo‘limi so‘zlarning o‘zgarishi haqidagi qoidalar yig‘indisidan iboratdir. Demak, bu tasnifda dunyo tillari tarkibidagi so‘zlarning tuzilishi asos qilib olinadi.
Bu tasnifga ko‘ra tillar quyidagi 4 guruhga bo‘linadi:
1. Amorf (ing. amorphous – “shaklsiz” degani) tillar tarkibidagi so‘zlar hech qanday so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri birikib, bog‘lanib keladi. So‘zlar o‘rtasidagi grammatik munosabatlar so‘z tartibi, urg‘u va ohang orqali amalga oshiriladi. Bu guruh yana o‘zak tillar, ajratuvchi tillar, o‘zak ajratuvchi tillar degan nomlar bilan ham ataladi. Bu tillarga xitoy, tibet, birma, vetnam va xitoy-tibet oilasiga mansub bo‘lgan boshqa tillar misol bo‘la oladi.
2. Agglyutinativ (ing. agglutinative – “yelimlangan”, “yopishtirilgan” degani) tillarda qo‘shimchalar o‘zgarmas asosga qo‘shilib keladi va shu tariqa so‘zlar o‘zaro bir birlariga bog‘lanadi.
Agglyutinativ tillarga turkiy tillar, shu jumladan, o‘zbek tili, fin-ugor tillari, dravid, indonez, hindu tillari va boshqalar, shuningdek, alohida tillar hisoblanmish yapon va koreys tillari kiradi.
Agglyutinativ tillarning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1) qo‘shimchalar asosdan keyin qo‘shiladi: kitob-lar-ning.
2) har bir qo‘shimcha asosan bitta grammatik ma’noni ifodalaydi: maktablarga so‘z shakli tarkibidagi –lar qo‘shimchasi ko‘plik ma’nosini, -ga affiksi yo‘nalish ma’nosini ifodalaydi.
3) o‘zak va qo‘shimchaning chegarasi aniq bilinib turadi, ya’ni ular qo‘shilib ketmaydi.
4) qo‘shimchalarning qo‘shilishida ham o‘ziga xos tartib mavjud: oldin so‘z yasovchi, keyin shakl yasovchi, undan keyin so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimcha qo‘shiladi: gul-zor-lar-dan.
Do'stlaringiz bilan baham: |