Xullas, tilning tovushlar tizimi, lug‘at tarkibi, grammatik qurilishi til tizimini tashkil etadi.
8-§. Til taraqqiy qilib, o‘zgarib boruvchi hodisa
Tarixdan ma’lumki, yuqori va quyi paleolit davrida odamlar urug‘-urug‘ bo‘lib yashashgan. Buning sababi shuki, birgalashib ov qilish yolg‘iz faoliyat ko‘rsatishdan afzalroq hisoblangan. Demak, bu davrda urug‘ tili mavjud bo‘lgan va bu til urug‘ a’zolari uchun umumiy til hisoblangan. Ibtidoiy jamoa tuzumi davriga kelib odamlar qabilalarga birlasha boshlaganlar va natijada qabila tili shakllangan. Qabila tili shu qabila tarkibiga kiruvchi barcha urug‘ a’zolari uchun umumiy til hisoblangan. Odamlar o‘rtasidagi tenglik yo‘qola borishi natijasida, ya’ni ibtidoiy jamoa tuzumining yemirish davrida qabila ittifoqlari paydo bo‘lgan, natijada endi qabila ittifoqi tili paydo bo‘lgan. Keyinchalik ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi, qabilalar o‘rtasidagi aloqalarning yo‘qolib, hududiy aloqalarning yuzaga kelishi natijasida xalqlar paydo bo‘lgan. Natijada endi xalq tili shakllanadi, qabila tillari xalq tili tarkibida shevalar ko‘rinishida saqlanib qoladi. Xalqlar yagona hudud, yagona til, yagona madaniyat va yagona ma’naviy birlikka erishgandan keyin millat sifatida shakllanadilar va buning natijasida millat tili paydo bo‘ladi. Bu jarayonni quyidagi chizmada aks ettirish mumkin:
Milliy til
Xalq tili
Qabila ittifoqi tili
Qabila tili
Urug` tili
Ko‘rinyaptiki, til to‘xtovsiz ravishda o‘zgarib, rivojlanib boruvchi ijtimoiy hodisa ekan. Til taraqqiyoti jamiyat taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq. Tildagi o‘zgarishlar birinchi navbatda uning lug‘at tarkibida aks etadi. Kishilar hayotidagi o‘zgarishlar, ilm-fan, madaniyat hamda iqtisodning rivojlanishi tilning lug‘at tarkibini boyitib boradi. Tilning tovushlar tizimi va grammatik qurilishi esa juda sekinlik bilan o‘zgaradi. Buni til tarixini o‘rganish orqaligina sezish mumkin. Tilning muntazam tarzda taraqqiy qilib borishini ona tilimiz bo‘lgan o‘zbek tili misolida ko‘rib chiqamiz.
O‘zbek tili ijtimoiy vazifasining kengayishi natijasida uning lug‘at tarkibida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Tilimiz lug‘at tarkibining ichki imkoniyatlar vositasida yangi yasalgan so‘zlar va boshqa tillardan qabul qilingan so‘zlar hisobiga boyib borishi ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, aqldosh, telemahmadana, muzlatgich, purkagich kabi yangidan yasalgan so‘zlar, broker, diler, makler, komputer, menejer, fermer, biznes kabi boshqa tillardan olingan so‘zlar bunga misol bo‘la oladi. Ayrim o‘zbekcha so‘zlarning ma’nosida o‘zgarishlar yuz berib, ular boshqa ma’nolarda qo‘llana boshladi. Masalan, ishbilarmon va tadbirkor so‘zlari ilgari sifat turkumiga mansub bo‘lib, belgi ifodalagan bo‘lsa, hozirgi paytda bu so‘zlar ot turkumiga ko‘chib o‘tdi va shaxs ma’nosini ifodalaydigan bo‘lib qoldi.
O‘zbek tilining fonetik tizimida, nisbatan kam bo‘lsa ham, ayrim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Jumladan, o‘zlashma so‘zlarda bo‘g‘inning o‘zbek tiliga xos bo‘lmagan yangi turlari (so‘z boshida va so‘z oxirida ikki yoki undan ortiq undoshning qator kelishi) paydo bo‘ldi: sport, stol, traktor, shkaf, magistr, kongress kabi. Shuningdek, o‘zlashma so‘zlarda ikkita har xil unlining o‘zbek tili uchun xos bo‘lmagan ketma-ket kelish holatlari kuzatiladi: aeroport, poema, geologiya, teatr, bionika kabi (arabcha doim, inshoot, maorif, taassurot, shuur, tabiiy kabi so‘zlar ilgaridan mavjud edi).
Ona tilimizning grammatik qurilishida ham juz’iy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Masalan, morfologik o‘zgarishlarga -lar ko‘plik qo‘shimchasi ma’nolari kengayishini (hurmat, kinoya, jamlash, ayirish, noaniqlik, kuchaytirish), egalik qo‘shimchasi ma’nosidagi umumdan ajralganlik (Bobur bog‘i, Navoiy ko‘chasi) kabi ma’noning paydo bo‘lishi kiriritilsa, sintaktik o‘zgarishlarga boshqa tillarning ta’sirida yangicha tarkibdagi to‘liqsiz gaplarning (Tug‘ilgan kuningiz bilan, Bayramlar bilan va h.) yuzaga kelganligini, qo‘shma gaplar tasnifidagi o‘zgarishlarni misol qilib keltirish mumkin.
Ona tilimizning bundan keyingi taraqqiyoti leksikaning yana ham boyishi, grammatik qurilishning ichki qonuniyatlar asosida takomillasha borishi bilan bog‘liq ravishda davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |