BERNARD SHOU
(1856-1950-y.)
XIX—XX asrlar chegarasi va XX asrning dastlabki o'n yilliklarida ingliz teatri
ko'p jihatdan Bernard Shouning ijodiy merosi ta'siri ostida rivojlandi. Shouning
badiiy va ijtimoiy faoliyati o'ta ko'lamdorligi bilan ko'zga tashlangan edi. U musiqa
va teatr tanqidchiligi sohasidagi ko'pdan-ko'p maqolalari, publitsistikasi bilan keng
tanilgan edi.
Shou Dublinda tavallud topdi, uning bolalik, o'smirlik yillari ham shu yerda
o'tgan. «AngIiya Irlandiyani zabt etdi, menga Angliyani zabt etishdan o'zga nima
ham qolgan edi», deb yozdi kinoya bilan Londonga yo’l olarkan.
Bernard Shou G'arb dramaturgiyasida butkul yangicha tasvir usuli, ya'ni
paradoks ifoda usuliga asoslangan yangi drama turini yaratdi va shu bilan tafakkur
teatrining shakllanishiga asos soldi. Dramaturg tomoshabinlar ongini tarbiyalashni
bosh vazifa deb bilib, zamondoshlarini aql-idrokli bo'lishga chorladi. Ularni
hayotning ijtimoiy qonunlarini anglashga, burjuacha axloqqa nisbatan murosasiz
bo'lishga undadi. Ayni paytda u insoniyat aql-idrokining olamni o'zgartirishdagi
cheksiz kuch-qudratiga komil ishonch bilan qaradi.
B. Shou zamonaviy voqelikni tadqiq etishda umum tomonidan e'tirof etilgan,
lekin har kimga ham botavermaydigan jumboqli paradoks ifoda usulini o'z ijodi
uchun asos qilib oldi. Turkum asarlarini ham u g'alati nomlar bilan ataydi.
Xususan, «Bo'ydoq uylari» (1892), «Ko'ngil o'g'risi» (1893), «Uorren xonimning
kasb-kori» (1894) degan uch asarini «yoqimsiz pyesalar» deb atagan. Bu asarlarda
burjua jamiyatining turli axloqiy muammolari olg'a surilgan. «Bo'ydoq uylari»
pyesasidagi chayqovchi Sartorius, uning gumashtasi Likchiz va zodagon naslining
arzandasi Trench o'zaro kelishib, tashlandiq kulbalarda yashovchi kishilar mablag'i
hisobiga
boyishni o'zlariga kasb qilib olgan kishilar tarzida ko'rinadi.
Ijtimoiy adolatsizlik masalasi «Uorren xonimning kasb-kori» asarida yana ham
keskin qo'yilgan. Unda Uorren xonim fohishaga aylanib, Ovro'poda qator
ishratxonalar ochadi. Muallif bu uchun unigina qoralamaydi, shuhday harakatga
yo'l qo'ygan barcha fuqarolarni qoralaydi.
B. Shou «yoqimli pyesalar» deb atalgan «Inson va qurol» (1894), «Kandida»
(1895), «Taqdir xohishi» (1895) va «Omon bo'lsak ko'ramiz» (1896) turkum
pyesalarida muallif zamondoshlarining insoniylikka daxlsiz o'y-intilishlari ustidan
kuladi. «Shaytonning shogirdi» (1897) hamda «Sezar va Kleopatra» (1898) tarixiy
dramalarida yuqoridagi asarlarda ko'tarilgan muammolarni davom ettirib,
mustamlakachilik siyosatini fosh etadi.
Shou yangi asrni hajman ulkan «Inson va o'ta qudratli odam» (1903) degan
falsafiy komediyasi bilan kutib oldi. Uning nazarida o'ta qudratli inson kelajak
kishisi bo'lib, yomonlikdan yiroq, g'ayrat-intilishlari buzishga emas, balki
yaratishga qaratilgan insondir.
Jahon urushi arafasida Shou o'zining keng tarqalgan asarlaridan biri
«Pigmalion» (1913) pyesasini yaratadi. Bu «Sohibjamol Galateya» yaratib, unga
ishqi tushib, shu ishqi tufayli unga jon kiritgan haykaltarosh Pigmalipn haqidagi
rivoyatning zamonaviy nusxasi edi. «Sohibjamol Galateya»ga aylangan londonlik
gulchi qiz Eliza va uning otasi Alfred haqidagi bu asarga avval drama teatrlari,
keyin musiqiy teatrlar (kompozitor F. Lou tomonidan «Mening dilbar
sohibjamolim» musiqali komediyasi yaratilgan) uzoq sahnaviy umr ato etdi.
1894-yildan Shou o'zi yozgan aksariyat asarlaridan o'zi sahnaga qo'ya
boshlaydi. U aktyorlardan qahramonlar ruhiyatiga to'liq kirish asosida
mubolag'aviy, g'aroyib ifodaviy usullarni qo'llanishini talab etardi. 1914-yili u
«Pigmalion» asarini ham «Alo hazratlari teatri»da sahnaga qo'yadi.
Birinchi jahon urushining jarohatli oqibatlarini dramaturg eng sara «Qalblar
vayron bo'lgan xonadon” (1913—1919) va «Parivash Ioanna» (1923) asarlarida
umumlashtirgan. Kinoyachi, hajvgo'y, zid fikr ustasi Shou mazkur asarlarda sajiya
va voqealarni fojiaviy ruhda talqin etuvchi ruhshunos sifatida ko'rinadi. «Qalblar
vayron bo'lgan xonadon» asarida zukko, nozik ta'b, lekin birinchi jahon urushiga
yo'l qo'ygan ovro'polik ziyolilar hajv ostiga olinadi. «Mazkur nom faqat pyesaning
nomigina emas, balki, ushbu «vayron bo'lgan xonadon» urush arafasidagi butun
madaniy va beg'am Ovro'poning o'zi hamdir», degan edi muallif.
Shou «Parivash Ioanna» asarini bu shaxsga murojaat etgan o'z salaflaridan
Shekspir va Shiller, Volter va Mark Tvenlarga nisbatan munozara tarzida yozgan.
Uning Jannasi mutaassibona dindorlikdan holi ravishda olamga tiyran ko'z bilan
qarovchi qahramon. U tarix jarayonini anglab, uning istiqbolini ko'rib harakat
qiluvcha xalq aql-idrokini o'zida mujassam etgan qahramon qiz tarzida namoyon
bo'lgan.
Shouning 1930—40-yillardagi ijodida uning diqqati ko'proq siyosiy dolzarb
masalalarga qaratildi. U shu yillari yozilgan «O1ma yuklangan arava» (1929),
«Achchiq, lekin haqiqat» (1931) va «Jeneva» (1938) degan uch siyosiy
komediyasini “siyosiy g'aroyibotlar” deb ataydi.
«Olma yuklangan arava» pyesasida Shou fashizm qarshisida uni o'chib qolgan
beqaror demokratiyani beshavqat fosh etadi. Angliyaning AQSHga iqtisodiy
qaramligini ko'rsatadi. «Jeneva» pyesasida Batler, Bombardoni, Flando degan
to'qima nomlar bilan murdor fashist siyosatchilari ustidan xalqaro sud jarayonini
boshlaydi, tajovuskorlar yurishiga to'siq qo'yolmagan davlat rahnamolarini hajv
ostiga oladi.
Shouning «Umidsizlik orollarining g'ofil bandasi” (1931) pyesasi-oxirida ham
sud sahnasi bor. Bu safar u butun insoniyatni «qiyomat qoyim» azobi doirasiga
tortadi. Pyesa janriga ko'ra «qiyomat qoyim bilan yuzma-yuz» deb atalgan.
Momaqaldiroq gumburi eshitilmaydi, chaqmoq chaqini ko'rinmaydi, osmon ham
ostin-ustun bo'lmaydi. Biroq odamlar guruh-guruh bo'lib yoki bitta-bitta g'oyib
bo'laveradi. London birjasi yopiq, jamoalar palatasida zog' ham yo'q. professor
o'qituvchilar ma'ruza o'qiyotib misoli parlangandek yo'qlikka aylanar edi. Lekin
Shou «mahshar kuni»ni olamning oxiri deb emas, balki haqiqiy insoniy
«mas'ullikning bo'shlanish kuni», degan xulosa chiqaradi. Jamiyatga nail teguvchi,
turmush farovonligi uchun kurashuvchi kishilar yashash huquqini oladilar.
Jahonga taniqli adib o'zining so'nggi «Uzoq kelajak haqida masal» — pyesasida
uchinchi jahon urushi vasvasalariga qarshi maydonga chiqdi. U avlodlarga tinchlik
uchun kurashish lozimligini vasiyat qilib qoldirdi. «Yoshlar urush qurboniga
aylanmasunlar», degan so'zlar uning so'nggi so'zlari bo'lib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |