Muhokama uchun savollar:
1. Inson qalbi nima uchun Ka’baga tenglashtiriladi?
2. Ko‘ngil pokligiga qanday erishmoq mumkin?
3. So‘fiylarning ko‘ngil haqidagi qarashlariga misollar keltiring.
2-asosiy masala bo‘yicha darsning maqsadi: Talabalarga uzlatning mohiyati va ko‘rinishlari xususida ma’lumot berish.
Identiv o‘quv maqsadlari:
1. Uzlatning mohiyati va kelib chiqishi haqida gapiradi.
2. Turli tariqatlardagi uzlat xususidagi talqinlarga baho beradi.
2-asosiy masalaning bayoni:
Tasavvufda uzlat masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Qur’oni karimning “A’rof” surasida shunday deyiladi: “Muso bilan o‘ttiz kechaga va’dalashgan edik, so‘ngra uni yana o‘n kecha bilan to‘ldirdik.. Bas, Parvardigorning (uning uchun belgilangan) vaqti kamol qirq kecha bo‘ldi (Alloh Tur tog‘ida Musoga shuncha muddat tanho ibodat qilishni buyuradi. Alloh taologa munojot qilish uchun ketar ekan) Muso akasi Horunga dedi: “Qavmim ustida mening o‘rinbosarim bo‘lgin va (agar ular yomon amal qilsalar) tuzatgin...”.
Tasavvuf tadqiqotchilari xilvat va uzlat Qur’onning ana shu oyati zaminida yuzaga kelganligini ta’kidlashadi. Shuningdek, islom so‘fiylari uchun, ayniqsa, Muhammad alayhissalomning Hiro tog‘ida o‘tkazgan uzlatidagi hayoti ibrat va namuna bo‘lgan edi. Hazrati payg‘ambar vahiy kelgunga qadar har yil bir oy davomida odamlardan ajralib, Makka yaqinidagi o‘sha tog‘dagi g‘orda faqat Alloh mushohadasiga berilar va ibodat qilar ekanlar. Payg‘ambarimizning uzlatdagi bu ibodatlarini ba’zi ulamo “ibodati tafakkur” desalar, ayrimlari “ztkrulloh” edi deyishgan. Tasavvuf ahli uchun esa xilvatdan bosh maqsad – zikrulloh hisoblanadi.
Xilvat – xoli joy, tanholik, hech nimaga bog‘lanmaslik, dunyoning xilma-xil narsalaridan forig‘lik demakdir. Tasavvufda esa shayx rahnamoligi va ko‘rsatmalariga binoan muridning maxsus bir go‘shada bekinib ibodat va zikp ila Alloh bilan aloqa bog‘lashi anglashiladi. Kamida qirq kun davom etadigan bu jarayonga “chilla” yoki “arbain chiqarmoq” deyilgan. Uzlat – hayotdan qochish, turmushdan ajralish, odamlardan bezish ehtiyojimas, balki ma’lum muddat “kasbi kamol va sayri jamol” aylagandan so‘ng ruhiy kamolot bilan yana faoliyatda bo‘lmoqdir.
Xilvat insonga tuban va chirkin qiliq hamda haraktlaridan xalos bo‘lmoq uchun keng imkoniyat yaratadi. Xilvatga chekinmoq – til va dilni ofatlardan asramoq, ko‘ngilga ziynat, vujudga osoyish bermoq, tafakkur va muroqaba chegaralarini behad kengaytirmoq demak.
Tasavvufda xilvat ikkiga ajratilgan: birinchisi – shariat xilvati, ikkinchisi – tariqat xilvati. Shariat ayb va nuqson sanalmish barcha gunoh va yomonliklardan tavba qilishga asoslanadi. Bu xilvatning shartlari va odob-qoidalari to‘liq ado etilmasdan tariqat xilvatiga yuz burib bo‘lmaydi.
Naqshbandiylikda ham ikki turli xilvat bo‘lgan: zohiriy va botiniy xilvat. Bu tariqatga mansub soliklar haqiqat sirlarining idroki uchun botiniy xilvat yo‘lini tanlaganlar. “Botiniy xilvat – haqiqiy xilvat bo‘lib, Haq taoloning sirlarini mushohada etmoqdan iborat. Bu xilvat naqshbandiyaga xosdir”, deydi shayx Jamoliddin. Botiniy xilvat zohiran, ya’ni jism va jasadda xalq bilan, botinda – ruh va ko‘ngulda Alloh ila bo‘lmoq holidir.
Xullas, xilvat holati qalbga favqulodda sokinlik, xotirjamlik bag‘ishlaydigan bir holat. Xilvat – fikr odamini olomonning fikrsizlik g‘avg‘olari, jaholat va axmoqlik illatlaridan muhofaza etadigan daxlsiz bir ibodatgohdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |