I. Tez aytishlar:
a) Juvarini chumchuq yeb ketdi. Egasi ertaga kelaman deb ketdi. Kelmay ketgur ko'r chumchuq juvarini egasi kelguncha vayron qilib ketdi.
b) To'rt laylak tog'ga chiqib, lakalakalamoqchi bo'libdi. Lakalakalasa ham lakalakalamoqchi bo'libdi.
II; So'z o'yinlari:
Olmaxon olmani ol, ma!
Olmani olmaxondan olma.
Menman sizning olmangiz,
Xomligimda olmangiz,
Nortojiga o'xshab so'ng
Voy qornim deb qolmangiz.
III.Topishmoqlar:
a)Yurar tekis egatdan,
Barmoqlari poiatdan,
Yelkasida qopi bor,
Katta temir savatdan. (Paxta terish mashinasi)
b)Kelsangiz ham,
Ketsangiz ham,
Har zamonda qo'l berishni,
Yo’l berishni,
Qilmas kanda. (Eshik)
d) Tarvuzim bir oyoqli,
Po'sti rangdor bo'yoqli.
Ko'rsatar hamma yoqni,
Ham yaqin, ham yiroqni. (Globus)
IV.Maqollar:
Birlashgan yovni yengar.
Do'st so'zini tashlama, tashlab boshing qashlama.
Avval o'yla, keyin so'yla.
Bir kattaning so'ziga kir, bir kichikning.
Yuqoridagi vazifalarni bajarishda pastki jag'ning erkin tarzda pastga tushishini nazorat qilib turish kerak.
Pastki labning harakatini rivojlantirish uchun mashqlar. Pastki labnmg yetarli darajada harakat qilmasligi sababli ayrim tarbiyachilarda ko'pgina unli va undosh tovushlar aniq, ravshan talaffuz etilmaydi. Har bir tovushni talaffuz etishda artikulatsiya apparatining ma'lum bir a'zosi harakat qiladi. Masalan, „S" tovushini talaffuz etganda artikulatsiya apparati a'zolari quyidagi holatda bo'ladi:
- lablar kulgu holatida, ochiq;
- pastki va ustki tishlar bir-biriga yaqinlashgan, orasi biroz ochiq;
- tilning uchi pastki tishlar orqasida, yuqori qismi esa yuqori tishlar tomon biroz ko'tarilgan.
„Sh" tovushini talaffuz etganda esa artikulatsiya apparati a'zolari quyidagi holatda bo'ladi:
- lablar biroz oldinga naychaga o'xshab cho'zilgan;
- tishlar bir-biriga yaqinlashgan, ammo birikmagan (ular orasidagi masofa 1 mm ga teng);
- tilning uchi yuqorigi tishlar tomon ko'tarilgan.
Mana shu holatlarni hisobga olgan holda tarbiyachilar artikulatsiya apparati a'zolarining harakatini takomillashtirish maqsadida ushbu mashqlarni bajarishlari foydadan xoli emas:
1.Tishlarni biriktirmasdan, lablarni kulgu holatiga keltirib, bir necha daqiqa ushlab turish.
2.Tishlarni bir-biriga yaqinlashtirib, lablarni oldinga naycha holatiga keltirib cho'zish.
3.Og'izni yumib, tishlarni bir-biriga jipslashtirib, lablarni kulgu holatiga keltirish.
4.Lablarni naycha holatiga keltirib oldinga cho'zish bilan lablarni kulgu holatiga keltirish mashqini navbatma-navbat bajarish.
Shunga o'xshash mashqlarni maxsus adabiyotlardan foydalanib bajarish kerak.
Til muskullarini rivojlantirish uchun mashqlar. Til tovushlar hosil bo'lishida faol ishtirok etadi. Uning harakatiga qarab nutq aniq, ravshan bo'ladi. Ayniqsa, undosh tovushlarning birikmasidan iborat bo'lgan so'zlarni talaffuz etishda qiyinchiliklar vujudga keladi, chunki til harakati bir holatdan ikkinchi bir holatga tez o'tishi zarur bo'ladi. Shuning uchun har bir tarbiyachi til muskullari harakatini rivojlantirish va mustahkamlash uchun bir qancha mashqlarni bajarishi lozim. Bular taxminan quyidagi mashqlardir:
1.Tilni chiqarib o'ngga, chapga, yuqoriga, pastga harakatlantirish.
2.Tilni chiqarib chapdan o'ngga, o'ngdan chapga qarab aylanma harakatlantirish.
3.Og'izni ochib, tilni yengil chiqarib, uni keng, tor, kosacha holatga keltirish.
4.Og'izni biroz ochib, til uchi bilan yuqorigi tishlarning tashqari va ichkari tomoniga tekkizish.
Tarbiyachi ushbu mashqlarni bajarishda maxsus adabiyotlardan foydalanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |