Muomala mahorati.
Har bir tarbiyachining dunyoqarashi, tarbiyalanganligi, odobliligi uning muomalasida namoyon bo’ladi. Muomalani asosiy vositasi til. Xalqimizda shunday naql bor «Bola shirin so’zning gadoyi», bas shunday ekan tarbiyachi muomalasida tilga juda ehtiyotkor bo’lishi kerak. Tili shirin, xushmuomala o’qituvchi eng obro’lidir. Husayn Voiz Koshifiy shunday degan edilar: «Haq vaqtini so’zlar aytursizlar yaxshi so’zdin bo’lakni aytmangizlar va ko’p so’zlamoq ko’ngilni qaro qilur» yoki «Mumkin ersa yaxshi so’z qil oshkor, yaxshi so’zdin xo’b yo’qdur yodgor»; «Nasihatin shirin so’zu muloyimlik birla ibtido qilgan, chunki bu zamonda yumshoqlik va xushro’ylik ko’rgazmayi nasihat korga kelmas».
Alisher Navoiy muomala qiluvchi shaxsning mahoratida eng avvalo til shirinligi, «Shirin so’z ko’ngillar uchun bamisli asaldir» degan edi.
Kaykovus o’zinipg «Qobusnoma» asarida «Suxandonlik bila baland martabali bo’lmoq» zikrida shunday hikoyatni keltiradi:
Xorun-ar Rashid bir tush ko’rdiki, og’zidan barcha tishlari to’kilmish. Erta tong turib bul tushning ta’birini aytuvchini chaqirib so’radikim, .. bu tushning ta’biri nedur?», «Andog’kim, sendan o’zga hyech kim qolmaguvsidir». Bu so’zni eshitibog’on Xorun ar-Rashid "Mening yuzimga bundoq dardlig va anduqlig’ so’zni aytding.
Mening barcha qarindoshlarim o’lsalar, so’ngra men qandog’ ishga yararman va na yanglig’ ro’zg’or so’rarman?» – dedi va unga yuz tayoq urmoq buyurdi.
So’ngra yana bir ta’birchini chaqirib so’radi.
...Ta’birchi dedi: «Ey amir al mo’min-in, sening umring barcha akrabolarning umridan uzoq bo’lur» Xorun ar-Rashid: dedi: «Barcha aqling yo’li birdur va ikkovingning ta’biring negizi bir yerga borur, ammo bu iborat bila ul iboratning orasida farq bag’oyat ko’pdur». Buyurdi so’nggi ta’birchiga yuz tillo berdilar.
Bir donishmand jamoaga qarab: – bir gapim bor, uni ming so’mga sotaman, istovchilar bo’lsa marhamat! – dedi. Suhbat ishtirokchilari hayron qolishib «qanday gap ekan» – deb so’rabdilar. Shunda donishmand, bu gap: – «o’ylab ish qil»! degani, debdi, donishmandning bu g’oyasidan shuni anglamoq lozimki, o’ylab ish qilgan odam muomalasida qiyofasi bo’lishi (bosh, yuz va xatti-harakatlarini odob yuzasidan boshqarishi) kerak ekan.
Qo’pol, odobsiz gaplarga o’rin qoldirmaslik, bola ishtahasiga tegadigan qo’pol muomala qilish o’qituvchining izzati va obro’siga putur yetkazadi.
Pedagog olim Suxomlinskiy muomala mahoratini kuchi va uning yashirin sirlarini “Bolalarga fido” asarida shunday bayon etgan edi: «... Yuksak tuyg’u madaniyatga ega bo’lgan o’qituvchi bog’chaning kayfiyati noxushligini darhol fahmlaydi. Bu eng avvalo uning ko’zidan bilinadi, ...U bola ko’nglidagi tashvishni sezganini, qanday yo’l bilandur ma’lum qilish yo’lini topadi. ...Keyin bolani tanho topib, surishtirishi ham mumkin.
...Bolaning ahvolini tushunish, unga hamdard bo’lish, madad berish kerak.
Ko’pincha hamdardlik, rahmdillik chin ko’ngildan gaplashish bolaning diliga xush keladigan eng yaqin yordam bo’ladi. Beparvolik, loqaydlik esa bolaning dilini larzaga soladi!»
Bola qalbini nurafshon qiluvchi vosita o’qituvchining jonli so’zi, uning ruhini tushiruvchi ham o’sha so’zning bayonidir. Xalqda «Gapdan gapning farqi bor, o’ttiz ikki narxi bor» deb bejiz aytilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |