SO`Z BIRIKMALARI TASNIFI
So`z birikmalari hokim so`zning ifodalanishiga ko`ra otli so`z birikmalari va fe’lli so`z birikmalariga bo`linadi.
Otli birikmalarda - hokim so`z ot va otlashgan so`zlar, harakat nomi bilan ifodalanadi. Otli birikmalarda hokim so`zning ifodalanishi:
ot bilan – go`zal o`lka, shahar ko`chalari, maktab bolalari, fakul’tet o`qituvchilari.
sifat bilan - asalning shirini, talabalarning a’lochisi, hammadan katta
olmosh bilan – qizlarning har biri, o`tirganlarning hammasi, shularning barchasi.
son bilan – olmaning yarmi, topshiriqning uchdan biri, talabalarning uchtasi...
taqlid so`z bilan – shamolning g`uv-g`uvi, mashinaning pat-pati, yulduzning yalt-yulti
harakat nomi bilan: maktabda o`qish, piyoda yurish, ko`chada sayr qilish
Fe’lli birikmada – hokim so`z fe’lning vazifadosh shakllari (sof fe’l, sifatdosh, ravishdosh) shakllari bilan ifodalanadi:
Sof fe’l bilan – daftarga yozmoq, stulda o`tirmoq, o`rnidan turmoq
Ravishdosh shakli bilan – tez-tez yurib, darsdan qaytguncha, ko`chada yura-yura
Sifatdosh shakli bilan – mehnatda sinalgan, oftobda toblangan, umid bilan yashayotgan
SO`Z BIRIKMASI VA UNGA YONDOSH HOLATLAR
Quyida berilgan birliklarni so`z birikmalaridan farqlash lozim.
Qo`shma so`zlardan: Yangiyo`l, Navro`z bayrami, Amerika Qo`shma Shtatlari, Buyuk Britaniya , O`zbekiston Respublikasi, G`arbiy Yevropa, Birlashgan Arab Amirligi, havorang. So`z birikmasi va qo`shma so`zda qismlar birikuvi shakliy jihatdan o`xshash bo`ladi. Lekin so`z birikmasidagi qismlar ma’no mustaqilligini saqlagan bo`ladi. Qo`shma so`z qismlari esa ma’no mustaqilligini saqlamaydi, bitta umumiy lug`aviy ma’no anglatadi. So`z birikmasidagi qismlar orasida grammatik aloqa sezilib turadi, qo`shma so`z qismlari orasida esa grammatik aloqa bo`lmaydi, bita urg`u bilan aytiladi. Qiyos qiling: Yangiyo`l (qayer?) – yangi (qanday?) yo`l; bilakuzuk (nima) – xatni (nimani) oldim.
Iboralardan: kapalagini uchirmoq, tarvuzi qo`ltig`idan tushmoq, qulog`iga quymoq, boshiga yetmoq.So`z birikmasi qismlari o`zaro erkin bog`langan bo`ladi – tushuncha anglatadi; iboralar esa turg`un bog`lanmalar bo`lib, ular yaxlit bitta lug`aviy ma’no anglatadi. Masalan: Bola qushlarga qarata tosh otdi. – Yutuqlarini ko`rolmasdan do`stiga ham tosh otdi.
So`z birikmasi va turg`un bog`lanma gapda ayni shaklda qo`llanishi mumkin: boshiga yetmoq, yaxshi ko`rmoq, qulog`iga quymoq, o`z yog`ida qovurmoq, po`stagini qoqmoq, to`nini teskari kiymoq, bo`yniga qo`ymoq, tarvuzi qo`ltig`idan tushmoq, kapalagi uchib ketmoq kabi birliklar erkin birikma bo`lganda tushuncha, turg`un bog`lanma bo`lganda bitta lug`aviy ma’no anglatadi.
Ko`makchili qurilmalardan: mehnatiga yarasha, hunari tufayli, ko`cha bo`ylab, yorug`lik tomon, uyga qarab, qilmishiga yarasha. Bu birliklarning ikkinchi qismi vazifadosh ko`makchilardan tashkil topgan bo`lib, so`z birikmasi ikkita mustaqil so`zning birikuvidan tuzilishi lozim.
Gaplardan: Atrof go`zal. Kitob qiziqarli. Bolalar uchta. So`z birikmasi ham, gap ham so`zlarning grammatik aloqaga kirishuvidan yuzaga keladi. So`z birikmasi narsa-buyum, belgi, ish-harakatni aniqlashtirgan holda ifodalab, so`z kabi gap tuzish, uni kengaytirish uchun xizmat qiladi: baland bino, tez yurmoq. Gap esa ma’lum fikr ifodalab, tugallangan ohang bilan aytiladi: Bino baland. Mashina tez yuradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |