Hokimiyat tushunchasi, sub’yekti, ob’yekti va resurslari
Siyosatshunoslikning asosiy masalasi «hokimiyat» bo‘lib, bu atama juda ko‘p ma’nolarga ega. Tabiatshunoslar tabiat ustidan hukmronlik qilish haqida, iqtisodchilar xo‘jalik hokimiyati haqida, faylasuflar jamiyat ob’yektiv qonunlarining hukmronligi haqida, huquqshunoslar davlat hokimiyati haqida, ruhshunoslar insonning o‘z-o‘ziga hukmronlik qilish, pedagoglar esa ota-onalarning bolalar ustidan hukmronligi haqida so‘z yuritadilar.
"Hokimiyat" tushunchasiga aniq ta’rif berish nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ega. Jamiyatda chuqur islohotlar o‘tayotgan bir davrda islohotlarning ko‘lami, sur’ati va samaradorligi hokimiyat sohasidagi o‘zgarishlar ko‘lami, sur’at va samarasiga to‘g‘ri proportsional ekanligini juda ko‘p mamlakatlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Shuning uchun, siyosatda hokimiyatning o‘rnini, vazifalarini va, umuman, bu tushunchaning mazmunini to‘g‘ri anglash, siyosiy jarayonlar to‘g‘risida hukm yuritish, uni to‘g‘ri baholash imkonini beradi.
Ko‘pgina olimlar hokimiyatni siyosatning asosiy masalasi, uning bosh muammosi, deb hisoblaydilar. Hokimiyat siyosatda odamlar faoliyatining alohida bir sohasi sifatida shakllanish imkonini beradi.
Jamiyatda, odamlar o‘rtasidagi munosabat tarzida vujudga keluvchi hokimiyat dastlab siyosiy tabiatga ega bo‘lmagan, chunki u, asosan, mos tushuvchi manfaatlarni tartibga solgan (oqsoqollar, qabila boshliqlari, avliyolarning avtoritetga asoslangan anonim hokimiyati).
Jamiyatning rivojlanishi, uning keyingi murakkablashuvi hokimiyatning samaradorligini oshirish maqsadida markazlashuviga olib keladi. Hokimiyat qabila boshliqlari, beklar, xonlar, guruhlar qo‘lida to‘planadi (individual hokimiyat). Mana shu hokimiyatning mukammal shakllarini topishga intilish, ko‘pgina Sharq mutafakkirlari asarlarida uchraydi. Ammo, ijtimoiy tengsizlikning ortib borishi, ijtimoiy tizimlarning murakkablashishi hokimiyatning institutsional shakllarini keltirib chiqaradi. Hokimiyat boshqaruv, barqarorlik, muvofiqlashtirish vazifalarini bajaruvchi maxsus institutlarga tayana boshlaydi.
Aslida insoniyat tarixini hokimiyatsizlik (tartibsizlik, anarxiya) va hokimiyat mustabidligi (diktatura) o‘rtasida eng ma’qul, o‘rta miyona echimni topishdan iborat, deb aytish to‘g‘ri bo‘ladi.
Siyosiy fikr tarixida hokimiyatga e’tibor juda qadimdan mavjud. Hokimiyat to‘g‘risida fikr-mulohazalarni biz dunyodagi eng qadimgi qo‘lyozma manbalarida uchratamiz. O‘rta asr mutafakkirlari ham hokimiyat haqida ko‘p va ibratli fikrlarni qoldirganlar. Ularning aksariyatini biz, bugungi kun nuqtai nazaridan, me’yoriy yondashuvlar qatoriga kiritamiz, chunki mualliflar, «hokimiyat» tushunchasiga ilmiy kategoriya tarzida qaramaganlar va uni ta’riflashga harakat qilmaganlar.
Hokimiyat tushunchasiga doir datslabki qarashlar qadimgi Yunonistonda shakllandi. Qadimgi yunon tilidagi “arxe” (arche) tushunchasi quyidagicha talqin etiladi: 1) boshlanish, oldin, dastavval; 2) boshchilik, hukumat, hokimiyat, hukmronlik; 3) boshqariladigan. U yana quyidagi ma’nolarni ham anglatgan – kelib chiqish, avvali sabab, bosh, boshlanish, prinsip, asos. Lekin “arxe” tushunchasi ikkita asosiy ahamiyatni anglatgan – boshlanish va hokimiyat. Bunda hokimiyat ikkinchi o’ringa qo’yilgan. Bundan faraz qilish mumkinki, idora etish, boshqarish imkoniyati va qobiliyati boshlash, boshda turish, birinchi bo’lish, bosh bo’lish, tashabbuskor bo’lish, boshlab berish ya’ni boshlang’ich xatti-harakatni amalga oshirish, kuch manbai bo’lish kabilarga nisbatan natijani anglatgan. Idora etish – avvalambor, boshlash, tashabbus ko’rsatish, faollashtirish, qo’zg’ash, yashash uchun chorlash, hayotni berish sifatida idrok etilgan. “Arxe” so’zi o’zagidan quyidagi yunon so’zlari tashkil topgan – manba asos soluvchi, boshlashga xizmat qiluvchi, avval boshi dastlabki qadimgi, bosh, ilk obraz, asllik haqiqiylik. Albatta bunda so’z odamlar o’rtasidagi munosabatlar to’g’risida emas, balki turmushdagi o’ziga xos ahvoli va o’ziga xos mavjudligi aniq ravshan ifodalangan ishtirok, yuqori maqom, betakror rollar, alohida ahamiyat kasb etish, ahamiyatli bo’lish haqida ketmoqda.
Ana shu tushuncha lotin tilida taxminan “Potestas” qabilida ifoda etilib u quyidagi ma’nolarni anglatadi: 1) kuch-qudrat, xatti-harakat, nimanidir qilish kuchi, qandaydir faoliyatni amalga oshirish uchun yetarlicha kuch-qudratga ega bo’lish; 2) hokimiyat, hukmronlik, kimnidir hayoti va o’limini idora etish xuquqi; 3) qobiliyat, imkoniyat.
Ingliz tilida “Power” tushunchasi esa quyidagilarni anglatadi: 1) kuch, qudrat, energiya, unumdorlik; 2) qudratlilik, hokimiyat, ta’sir, quvvat; 3) vakolat; 4) davlat, oliy hokimiyat; 5) qobiliyat, imkoniyat. “Powerful” esa: 1) kuchli, qudratli, quvvatli; 2) qudratli, ta’sirchan; 3) kuchli ta’sir etuvchi; 4) vazmin, salmoqli, ahamiyatli.
Hokimiyat tushunchasi dastlab Aristotel tomonidan chuqur tadqiq etildi. U hokimiyatni nafaqat insonlar o’zaro munosabati sifatida, balki siyosiy hokimiyat sifatida ham teran ta’riflab berildi. Aristotelning ta’kidlashicha, siyosat – bu sotsial “butunlik” va uning alohida “qismlari” o’zaro munosabatlarini uyg’unlashtirish ta’sir kuchi bilan “siyosiylashgan”, qaysiki, albatta muvofiqlashtiruvchi omil yoki hokimiyat mexanizmi ishtirok etadigan odamlar o’zaro munosabatlarini yo’lga solishdir. U o’zining “Siyosat” asarida bu ijtimoiy munosabatlar mexanizmi haqida quyidagi fikrlarni bildiradi: “Ilgari tarqoq bo’lgan yoki biri boshqa biri bilan uzluksiz bog’langan, bir necha qismlardan tuzilgan hamma narsa bir butunlikni tashkil etadi va unda hokimiyat yuritish sababi, buysunish sababi namoyon bo’ladi. Bu tabiatning umumiy qonunidir, shuning uchun ham unga ko’tarinki, ruhiy mohiyat bo’ysundirilgandir.
Lekin shu bilan birga Aristotel “hukmronlik qiluvchi hokimiyat”ning oddiy munosabatlaridan farqli o’laroq jamiyatdagi ijtimoiy hokimiyatni boshqalarga nisbatan mukammalligi va murakkab tuzilmalarga ega ekanligiga muhim ahamiyat beradi. Bunday hokimiyat esa o’zaro irodaviy munosabatlari kechadigan jamiyatga xosdir. Hokimiyat zaruriyatdir deb ta’kidlaydi Aristotel chunki avvalambor barchani yagona irodaga bo’ysundirmay, uning bir butunligi va hamjihatliligini ta’minlamay turib jamiyatni uyushtirish va birlashritish aqlga sig’maydigan bir holdir.
Hokimiyat tabiati va mohiyatini ochib berishda ingliz mutafakkiri Jon Lokkning xizmatlari benihoya kattadir. U birinchilardan bo’lib hokimiyatni insonparvarlashtirish va ma’naviyatga bo’ysundirish g’oyasini ilgari suradi. Uning hokimiyatni farovonlikka erishish vositasi ekanligiga doir quyidagi ta’rifi bu tushunchani chuqur anglashga imkon beradi: “…Siyosiy hokimiyat – bu shunday hokimiyatki, qaysiki har bir odam bunday hokimiyatga tabiiy holatda ega bo’lib, uni jamiyat qo’liga, hukmdorlarga shunchalik holda beradiki, ya’ni jamiyat o’z zimmasiga aniq ifodalangan yoki so’zsiz ishonchli tarzda shuni ta’minlashni o’z zimmasiga oladiki, u bu hokimiyatdan faqat jamiyat a’zolari farovonligi va ularning mulklarini saqlash uchun foydalana olsin. …Shu tariqa, bu hokimiyatning maqsadi va mezoni – hokimiyat tabiiy holatda har bir odamning qo’lida bo’lgan bo’lsa, unga tegishli hamma narsa endi uning jamiyatida, ya’ni butun bir insoniyatda saqlanishi bilan xotimalanadi. Bu hokimiyatning imkoniyati mansabdor shaxs qo’lida bo’lganida hokimiyat jamiyat a’zolarini saqlash, demak, ularning hayoti erkinliklari va mukllarini saqlashdan boshqa hech qanday maqsad va mezonga ega bo’lmaydi. Va, binobarin, bu hokimiyat ularning hayoti va boyliklariga daxl qiladigan despotik va mutlaq bo’lishi mumkin emas, ular imkon qadar saqlanishi lozim; aksincha, bu hokimiyat bir butunlikni saqlashni, undan faqat va faqat buzilgan, bir butunlik va sog’lomlikka xavf soladigan, uningsiz hech qanday shafqatsizlik qonuniy bo’lmagan qismlarni uzib olib tashlashni qo’llab-quvvatlaydigan, qonunlar yaratadigan, uni buzishlarga qarshi jazolashlarni ko’zda tutadigan hokimiyat bo’lishi lozim. Va bu hokimiyat faqat shartnoma va bitimlardan, hamjamiyatni tashkil etuvchilarning o’zaro kelishuvlaridan kelib chiqadi”.
Ko’rinib turibdiki, demak, birinchidan, hokimiyat yuritish – boshlash va boshchilik qilish. Ya’ni, oldindan hozir bo’lish va so’zsiz ustunlik qilish, ustuvor qilish, ustun bo’lish, afzal bo’lish. Ikkinchidan, hokimiyat yuritish – demak, hukmronlik qilish, ya’ni ega bo’lish, tasarruf etish, ushlab turish, o’z mulkiga ega bo’lish. Uchinchidan, hokimiyat yuritish – demak, hukmronlik qilish, idora etish, boshqarish, ega bo’lish, foydalanish, rahbarlik qilish, amru farmon berish, buyruq berish, o’z ixtiyoriga ega bo’lish. Bundan shunday xulosa chiqadiki, hokimiyat fenomeni faqat odamlarga taalluqlidir.
Hokimiyat hayotda ko’pqirrali hodisa sifatida namoyon bo’ladi. Hokimiyat fenomeni va notenglik, ularning odamlar, ijtimoiy guruhlar va davlat institutlari o’rtasida taqsimlanishi uzoq davrlardan boshlab turli sharhlar, asoslashlar va ularga nisbatan shubhalar tug’ilishiga sabab bo’ldi. Bertran Rassel hokimiyatni barcha ijtimoiy fanlarni tushuntirib beradigan tushuncha sifatida talqin etib, uni fizikadagi energiya tushunchasiga o’xshatadi. Hokimiyat fenomeni turli insonlar maqsadlarining o’zaro kelisha olmasligi yoki ularning muvaffaqiyatga erishish vositasi bo’lgani uchun ham paydo bo’ladigan ijtimoiy ixtiloflar vaziyatiga uchraganligi sababli juda murakkab hodisa sifatida namoyon bo’ladi. Ba’zan hokimiyat tushunchasini noxush hujumlarga uchrashi sabablaridan biri – bu uning majburlash zulm qilish, kuch ishlatish yoki adolatsiz hukmronlik qilish sifatida kishilar xotirasida avloddan-avlodga o’tib kelayotganligidir. Lekin aksariyat holatlarda hokimiyat hodisasi ijobiy talqin etiladi, uni qonuniy rahbarlik qilish avtoritet, e’tirof etilgan yyetakchilik, ta’sir qilish, tarbiyalash, manfaatlarni kelishtirish, guruhiy hamkorlik kabi holatlardagi eng zaririy hodisa ekanligi tan olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |