Sitokimyoviy tadqiqot usullari. Yuqorida aytib o'tilganidek, hozirgi mikroskoplar yordamida tirik yoki fiksatsiya qilingan (qotirilgan) ob'yektlarning nozik morfologik tuzilmalari har tomonlama o'rganilsa ham, ammo ularning sifat va miqdoriy tarkibi to'la ochilmay qolaveradi. Buni, odatda, alohida sitokimyoviy tadqiqot usullari yordamida o'rganiladi. Sifatiy sitokimyoviy usullar. Bu usullar sitologik va kimyoviy tekshirish usullarini birga qo'llash natijasida kelib chiqqan. Binobarin, sifatiy sitokimyoviy tekshirish usullari yordamida organ, to'qima va hujayralarning kimyoviy tuzilishi, ularda boradigan kimyoviy jarayonlar o'rganiladi. Ular yordamida hujayralarda sodir bo'lib turadigan moddalar almashinuvi jarayonlari haqida aniq tasavvurga ega bo'lish mumkin. Hozirda sitokimyoviy usullar qo'llab, hujayralar tarkibidagi aminokislotalar, oqsillar, nuklein kislotalar, uglevodlar va lipidlar hamda fermentlar faolligini aniqlash mumkin. Masalan, gallosianin RNKni binafsha rangga bo'yaydi va hokazo. Miqdoriy sitokimyoviy usullar. Sitologik usullar uzluksiz takomillashib, murakkablashib bormoqda. Endilikda shunday sitokimyoviy tekshirish usullari yaratildiki, ular yordamida faqat hujayralar takibidagi moddalar, ya'ni elementlarning sifati emas, balki ularning miqdorini ham aniqdash mumkin. Bunday usullar sitologiyada miqdoriy sitokimyoviy tadqiqot usullari deb nom oldi. Ular yordamida odatda, muayyan to'qima va hujayralar tuzilmasi aniqlanadi. Radioavtografiya usuli. Bu usul yangi zamonaviy usul bo'lib uning yordamida hujayra va to'qimalardagi moddalar almashinuvi o'rganiladi. Buning uchun hayvon organizmiga ovqat hazm qilish sistemasi orqali yoki in'yeksiya yo'li bilan har xil radioaktiv elementlar yoki nishonlangan birikmalar yuboriladi. Radioaktiv fosfor-P, uglerod-C, oltingugurt-S, vodorod-H yoki har xil izotop, chunonchi, radioaktiv izotop kabilalar shular jumlasidandir. Mazkur moddalardan birortasi eksperemintal hayvon organizmiga u yoki bu yo'l bilan kiritilgach, har xil muddatlarda ajratib olingan a'zolardan bo'lakchalardan sitologik preparatlar tayyorlanadi. Preparat tayyorlash odatdagi sitologik usul bilan deyarli bir xil. Lekin farqi shundaki mikrotom yordamida olingan kesmalar alohida fotoemulsiyaga solib qo'yiladi (bu ishlar albatta, qorong’i joyda bajariladi). Bu vaqtda radioaktiv moddalar nuri hujayralarga fotoemulsiya orqali o'tib, kumush bromid donachalarni sensibilizatsiyalab (sezib) qabul qiladi. Har xil muddatlardan so'ng shu qorong’i joyda ularni xuddi fotografiya qog’ozlarini tayyorlagandek qilib yuzaga chiqaruvchi (proyavitel) va boshqa eritmalarga solib ishlov beriladi. Shunda to'qimada radioaktiv to'plangan joyida kumush donachalari ko'plab yig’ilib ko'rinadi. Binobarin, ana shu kumush moddalarning yig’ilgan miqdoriga qarab, a'zodagi moddalar almashinuvi tez yoki sekin borayotgani haqida xulosa chiqarish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |