Interferentsion mikroskopda ko'rish. Mazkur mikroskopda ko'rish usuli fazali kontrast mikroskopda ko'rishga o'xshasada, unga nisbatan ko'proq imkoniyatga ega. Masalan, uning yordamida bo'yalmagan tirik hujayralarning aniq tasvirini va ularning quruq vaznini aniqlash mumkin. Bundan tashqari, bu usul yordamida hujayralarning qalinligi, tarkibidagi quruq moddalarning zichligini, shuningdek suv, nuklein kislotalar, oqsil va fermentlarning miqdorini bilish mumkin. Interferentsion usulda bo'yalgan preparatlarda hujayraning yadrosi, odatda qizilga, sitoplazmasi esa zangori rangga bo'yaladi. Lyuminestsent (yoki flyuorestsent) mikroskopda ko'rish. Lyuminestsentsiyada qator moddalarning atomlari (molekulalari) qisqa to'lqinli nurlanish yutar ekan, u qo'zg’algan holatga keladi. Ularning qo'zg’algan holatdan normal holatga o'tishi esa yorug’likni katta to'lqin uzunligida tarqatib yuborish hisobiga bo'ladi. Binobarin, preparat unga nur ta'sir qilish vaqtida hosil bo'lgan energiya hisobiga nurlanadi, ya'ni flyuorestsentsiyalanadi. Ultrabinafsha nurli mikroskopda ko'rish. Bu mikroskop linzalari kvarsdan yasalgan bo'lib, u faqat ultrabinafsha nurlarini o'tkazadi. Bu mikroskopda kvartsdan yasalgan buyum oynasi va qoplagich oynachalar ishlatiladi. Ultrabinafsha nurli mikroskopda ko'rish hujayrani chuqurroq o'rganishga imkon beradi. Polyarizatsion mikroskopda ko'rish. Bu usul hujayra va to'qimalarning anizatrop yoki ikki xil nur sindiruvchi tuzilmalarini o'rganish uchun ishlatiladi. Bu mikroskop bilan tuzilmalardagi molekulalarning joylanishini o'rganish mumkin va hujayralar tuzilmasi aniqlanadi. Bu mikroskop hujayra bo'linishi, xromosomalar va organoid tuzilishini o’rganishda xam qo'l keladi. Elektron mikroskopda ko'rish. Sitologik preparatlarni elektron mikroskopda o'rganish hozirgi vaqtda keng tarqalgan usul bo'lib, uning yordamida hujayralarning nozik tuzilmalari, organoid va hujayra kiritmalarining tuzilishi hamda ularda sodir bo'ladigan nozik o’zgarishlar kuzatiladi. Elektron mikroskop buyumlarni 1000000 marta kattalashtirish imkoniga ega. Chunki elektron mikroskopda yorug’lik mikroskopidagi singari uzun to'lqinli nurdan emas, balki qisqa to'lqinli elektronlar nuridan foydalaniladi. Kuzatmoqchi bo'lgan ob'ekt tasviri elektron nuri yordamida ko'rsatilsa, bunday asbob elektron mikroskop deyiladi. Oddiy mikroskopda hayvonlar to'qimasining mikroskopik tuzilishini o'rganish uchun kesmalarning (preparatlarning) qalinligi taxminan 3-5 mikron (mk) bo'lishi kerak. Bundan qalin bo'lsa hujayralar qavati ortib ketib, ob'yektning tasviri ko'rinmaydi. Elektron mikroskopning afzalligi shundaki, to'qimalardan olinadigan kesma ancha yupqa (0,02mk) bo'ladi. Oddiy mikroskopda ob'yektning qalinligi, ya'ni hujayra va uning tuzilmalari o'lchami, diametri "mikron"da o'lchansa, elektron mikroskopda "nanometr" bilan, aksari hollarda esa "angstrem" bilan o'lchanadi. Hozirgi vaqtda elektron mikroskopining yangi turlari yaratilmoqda. Masalan, hajmiy (rastalovchi) elektron mikroskop shular jumlasidandir. Uning yordamida preparatlarning hajmiy tuzilishi o'rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |