Mavzu:Sinfdan tashqari o’qishning noa’naviy usullaridan foydalanish
Reja:
Sinfdan tashqari o’qishning maqsad va vazifalari
Sinfdan tashqari o’qish bosqichlari
Sinfdan tashqari o’qish uchun kitob tanlash tamoyillari
Sinfdan tashqari o’qishga rahbarlik qilish shakllari
Sinfdan tashqari o’qishning maqsad va vazifalari
Sinfdan tashqari o’qish bolalarning darsda olgan bilimini boyitadi, ta’lim- tarbiya tamoyili sifatida badiiy adabiyotlarni o’qishga qiziqish uyg’otadi, ularda asar orqali ko’p narsani bilish, kitob ustida mustaqil fikr yuritish malakalarini takomillashtiradi.
Amaldagi o’quv dasturi sinfdan tashqari o’qish borasida o’quvchilar o’zlashtirishi lozim bo’lgan bilim, malaka va ko’nikmalarni belgilab, boshlang’ich ta’limning har bir bosqichi uchun alohida-alohida ko’rsatmalar beradi.
1-sinfda:
--o’quvchilarning o’qish malakasini oshirish;
--badiiy kitob orqali mustaqil o’qish ko’nikmasini hosil qilish;
--ona Vatan, uning tabiati, mamlakatimizning bugungi hayoti va sayr-sayohatlardan olgan taassurotlarni so’zlash, rasmda ifodalash, kichik hajmli matn tuzish;
--mustaqil ravishda asar mutolaasiga o’rganish, qahramonlar nomini yozish, ularni tasvirlab ijodiy rasm chizish, fikr yakuniga mos maqollar topish va yod olish;
--tanish kitoblar nomini, muallifini aytish, o’zlari kitobni tanlash.
2-sinfda:
--8 - 30 betli bolalarbop badiiy kitoblar;
-- ovozsiz mustaqil o’qish va tanlab ovoz chiqarib o’qish uchun 1-5 bet hajmli she’r, ertak va hikoyalar.
O’qish mavzulari:
--ona Vatan mehri, ajdodlar jasorati haqidagi asarlar;
--o’simliklar, qushlar va hayvonlar to’g’risidagi asarlar.
O’quvchilarning kitob ustida ishlashlari, “ Kim yoki nima haqida o’qidingiz?” savoliga javob berishlari, kitob mazmunini aniqlash va obrazlarning xatti-harakatini, xulqini, sarguzashtlarini mustaqil baholay olishlari lozim deb uqtiriladi. Sinf o’qituvchisi mustaqil o’qishda bolalarning kitobga ijobiy munosabatini tiklashi, sinf kutubxonasini tartibga solishi, adabiy o’yinlar tashkil etishi, o’qilgan asar voqealari asosida sahna ko’rinishlari qilishi haqida ko’rsatmalar beriladi.
3-sinfda:
Sinfdan tashqari o’qish doirasi kengayib, o’zbek va jahon adabiyoti namunalarida, o’qituvchi tanlovi bilan bolalar jurnallari va ertak kitoblarda kichik kitobxon uchun berilgan asarlarni o’qish tavsiya etiladi. O’quv materiallari kichik yoshdagi bolalarga mo’ljallangan 15-18 bet hajmdagi badiiy, qiziqarli asarlar, ertaklar bo’lishi lozimligi aytiladi. O’qish mavzulari rang-barang bo’lishi talab etiladi. O’quv yilining 1-yarmida 2 haftada bir 10-12 betli va 2-yarim yillikda hajmi 20-25 betli asarni o’qish, mazmunini savol-javob asosida yoritib bera olish o’quvchilar zimmasiga yuklatiladi.
4-sinfda:
Sinfdan tashqari o’qish o’quv dasturi bilan uzviy bog’lanib, unda ko’zda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi. O’quvchilarda kitobxonlik madaniyati tarkib topadi. Ular oddiy kitobxondan ijodkor kitobxon darajasiga ko’tarilish uchun intiladilar. O’quvchilar o’z xohishlari asosida o’zlariga maqbul bo’lgan ijodkorning asarlarini tanlab o’qishga erishadilar. Sinfdan tashqari o’qish programmasi kutubxona bilan hamkorlikda, o’quvchilarni individual jalb etish orqali bajariladi. Sinfdan tashqari o’qish hozirgi kunning amaliy dasturiga muvofiq boshlang’ich ta’limning hamma bosqichlarida ikki haftada bir marta o’tkaziladi. Metodik tavsiyalarga ko’ra, 1-sinfda mazkur mashg’ulot uchun o’qish darsining ikkinchi qismidan 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi, ovoz chiqarib o’qishga e’tibor qaratilib, rangli rasmlar ishlangan ertak, hikoya va she’riy matnlar tanlanadi. Asar tili qanchalik ravon, tushunarli, o’quvchi hissiyotiga ta’sir qiladigan bo’lsa, uning ta’lim va tarbiyadagi qimmati shuncha baland bo’ladi. Shunday ekan, sinfdan tashqari o’qish uchun kitob tanlashda har qanday tasodiflardan xoli bo’lgan, kichik maktab yoshidagi bolalar iqtidoriga mos keluvchi kitoblar tanlanishi zarur. Kitob tanlashda o’quvchilarning shaxsiy qiziqishlari, qaysi janrdagi asarni o’qishga moyilligi o’rganiladi. Sinfdan tashqari o’qish mashg’uloti sinfda o’qish darslari bilan chambarchas bog’liqlikda uyushtiriladi. Sinfdan tashqari o’qish darsi o’ziga xosligi jihatidan erkin dars hisoblanadi. Unga o’qituvchi va o’quvchi hamkorligi asos bo’ladi. Bunda noan’anaviy dars usullaridan foydalanish orqali o’quvchilarning faolligi oshadi, o’rganilgan asar muhokamasi uchun o’qituvchi fikr almashish imkoniyatini yaratadi. Har bir darsda o’quvchilar o’zlari o’qigan yangi-yangi asarlardan parcha keltiradilar, ertak, hikoya mazmunini aytib, o’z munosabatlarini bildiradilar, she’r, hadis, hikmatli so’z, xalq maqollaridan yodlaganlarini ifodali o’qiydilar.
Sinfdan tashqari o’qish darslarida asosan ijodiy faoliyat hukmron bo’ladi. Unda hikoyani qayta qisqartirib hikoyalash, tanlab hikoya qilish, ijodiy qayta hikoyalash, asar mazmuniga mos ravishda rasm chizish kabi ish usullari namoyish etiladi. Har darsda 5-6 o’quvchi o’qigan asari yuzasidan suhbatga tortiladi. Suhbat mazmuni asosida qiziqarli, ixcham tadbirlar uyushtiriladi. Bular:
--adabiy savol-javob o’yini;
--eng yaxshi ertak qahramoni rasmini chizish;
--ertak to’qib aytish;
--“O’yla, izla, top” didaktik o’yinini tashkil qilish va boshqalar.
Sinfdan tashqari o’qish darslarining rejasini oldindan belgilash, uni yarim yillik yoki butun o’quv yili uchun tuzib, darslar tizimini aniqlab qo’yish tavsiya etiladi. Shunday qilib, sinfdan tashqari o’qish darslari kichik maktab yoshidagi o’quvchilarga katta ma’naviy oziq beradi. Ularni mustaqil fikrlashga undaydi, badiiy asarlardagi voqea-hodisalardan hayotiy xulosalar chiqarish va undan ibrat olish hissiyotini tarbiyalaydi, badiiy asarlardan estetik zavq olishga o’rgatadi.
Maktab o’quvchini o’qish malakasi bilan qurollantirish bilan bir qatorda kitobni mustaqil o’qiy oladigan, uni tushunadigan, ma’lum bir mavzuga oid kitoblarni tanlay oladigan, gazeta va jurnallarni ham mustaqil o’qiydigan faol kitobxonni tarbiyalaydi. SHu jihatdan sinfdan tashqari o’qish (STO’) tarbiyaning asosiy quroli sifatida xizmat qiladi, ko’p narsani bilishga havasni orttiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |