Mana shu asboblarni boshingga qo‘yib hushyorroq yotasan, mabodo, ho‘kiz yomonlab qolguday bo‘lsa, borib darrov bo‘g‘ziga pichoq tortib yuborasan-da, meni chaqirasan. Ehtiyot bo‘l, tag‘in uxlab qolib, harom o‘ldirib qo‘yma. – Xo‘p, taqsir, – dedim. – Choy-poy yo‘qmi? – Nima-nima, nimchorak choy bir miri-ku, sen choy ichasanmi, suv ariqda oqib yotibdi, erinsang, ana obdastada ham bor, ichaver...
Domla buyurgan ishning oson ko‘chganligini bilib sevindim, domla ichkariga kirib ketdi. Domla chiqarib bergan ko‘rpachaga cho‘zildim. Allavaqtlargacha ko‘kka qarab, termilib yotdim. Qo‘rg‘onchaning atrofida har bir qoraygan ko‘lanka vahima solib, meni qo‘rqitar edi. Uxlay olmadim. Yarim kechadan og‘ib, tong yaqinlashib qolganda, ko‘zimni g‘ira-shira uyqu bosgan bo‘lsa ham, xayolim uyg‘oq edi. Og‘ilxona tarafda bir nimaning «gurs» etib yerga yiqilib, xirillay boshlagani eshitildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |