YeOIIga qanaqa iqtisodiy meros bilan kirmoqchimiz?
O‘zbekiston, agar qaror qabul qilgan taqdirda, qanaqangi institutsional, struktur, sohaviy va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan YeOIIga kirishiga aniq baho berilishi kerak. Yangi ittifoq mamlakatning tovar, mehnat va pul bozorlariga yanada qat'iy shartlar hamda bozordagi qo‘shimcha mavhumliklarni olib keladi. O‘yinning murakkab qoidalariga qarshi tura olish va munosib javob berish uchun davlat iqtisodiy siyosatining barcha sohalari yangi bosqichga ko‘tarilishi lozim.
Hozircha so‘nggi 20 yil davomida chuqur davlatlashgan O‘zbekiston iqtisodiyotida prinsipial yoki tizimli o‘zgarish yuz bermaganligini ko‘rmoqdamiz. O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi oqibatlariga baho berish uchun mavjud bozor, makroiqtisodiy va sanoat siyosatining modellariga nazar tashlash kerak bo‘ladi. Ular iqtisodiyotning raqobatbardoshligi shakllanadigan asosiy bozorlarda qanday natijalar berganini ko‘rib chiqish lozim.Iqtisodiy siyosat yo‘nalishlarini amalga oshirishda yuqori inflyatsion kutilmalar hamda siyosatchilar orasidagi muvofiqlashuvning sustligi turli sabablarga ko‘ra saqlanib qolmoqda. Xarajatlar va talab inflatsiyasi u yoki bu darajada budjet xarajatlarining ekspansion siyosati, qat'iy soliq siyosati, valuta kursining sakrovchi devalvatsiyasi, tashqi ssudalar hisobiga davlat sektori korxonalarini kreditlashning kuchayishi va budjet sektori xodimlarining ish haqini oshirish, kommunal to‘lovlarning oshishi, energiya narxining o‘sishini shakllantirmoqda.
Konvertatsiyaning joriy etilishi va valuta bozori liberallashtirilganiga qaramay, iqtisodiyotning dollarlashuv darajasi o‘smagan bo‘lsa-da, hamon yuqoriligicha qolmoqda.Mehnat bozori tarkibiy ishsizlikni boshdan kechirmoqda va talabdan ortiqcha taklif etilayotgan ishchi kuchi xorijiy mamlakatlarga ketmoqda. Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar muhitida mavhumlik saqlanmoqda. Iqtisodiyotning valuta oqimi kanallari — oltin va mineral mahsulotlar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari, xorijiy kreditlar va investitsiyalarga bog‘lanib qolganligi tufayli «gollandcha kasallik» xavfi shakllanmoqda.
EOIIga a'zo bo‘linsa, davlat boshqaruvi sifati va byurokratiya muammosi integratsiya jarayonlarini boshqarishdagi keskin institutsional chorlov bo‘lib qoladi.Korporativ sektordagi davlat tadbirkorligining samaradorligi bilan bog‘liq vaziyat mavhumligicha qolmoqda. Ushbu sektor ichki resurslarni ham, tashqi qarzlarni ham «yemoqda». O‘zbekiston Markaziy bankining ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat xususiy tashqi qarzining 75 foizi neft-gaz va energetika sohalariga yo‘naltirilgan.gar bunday meros bilan YeOIIga kiriladigan bo‘lsa, biznes va milliy iqtisodiyot bozorning yanada keskin shartlariga qanday javob qaytara oladi? Ayrim ekspertlar «liberallashtirish omili» deb atayotgan ichki bozorda saqlanib qolgan keskinlik narxlar, foiz stavkalari va valuta kurslarining mavhumligi va o‘zgaruvchanligi uchun qo‘shimcha omillarga ega bo‘ladi. Hukumatning iqtisodiy ishlardagi ulushi yuqori bo‘lgan hollarda tahlil, muvofiqlashtirish va qarorlarni qabul qilishning makroiqtisodiy tizimi aniq va mukammal bo‘lmaydi.Aslida, YeOIIga a'zo davlatlar makroiqtisodiy va sanoat siyosati, yumshoq kuch siyosati, institutsional va tarkibiy islohotlardan foydalangan holda yagona iqtisodiy makonda raqobatlashadi. Ya'ni, davlatdagi makroiqtisodiy va sanoat siyosatining samaradorligini mehnat bozorlari, mahsulotlar va pullarning raqobatbardoshlik darajasi bilan baholash mumkin.
YeOIIga kirishdan ushbu siyosatlar yaxshi tashkil etilgan, bandlik, daromad va omonatlarni oshirayotgan, inflyatsion kutilmalar va noaniqliklarni samaraliroq boshqarayotgan, milliy eksport bazasini muvaffaqiyatli mustahkamlayotgan, inson kapitaliga ko‘proq sarmoyalar kiritayotgan, mehnat resurslaridan yaxshi foydalanayotgan davlatlar ko‘proq yutadi.
Kamroq muvaffaqiyatga erishgan mamlakatda makroiqtisodiy va sanoat siyosati ichki bandlik, ishlab chiqarishni rivojlantirish, eksport bazasi va mehnat unumdorligini oshirishni rag‘batlantiruvchi tizimli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlamaydi. Shunday qilib, YeOIIga a'zo bo‘lish rivojlangan ishtirokchi davlatga unchalik rivojlanmagan a'zo davlatlarning daromad va jamg‘armalari hisobiga o‘z iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantirish imkonini beradi.Bugungi kunda O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi tovar, kapital, texnologiya va mehnat oqimi, albatta, har ikki yo‘nalishda ham mavjud. Davlatning tarif va notarif to‘siqlari, ko‘plab qoidalar, jarayon va cheklovlar iqtisodiyotni o‘rab turish yoki iqtisodiyotga nisbatan ta'sirni kamaytirishga «yordam bermoqda» – ular YeOIIning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri yo‘nalishi va miqyosini kamaytiradi va nazorat qiladi. Ammo integratsion platformaga ehtimoliy kirish bilan YeOIIning ta'siri sezilarli darajada oshadi. Shunga mos ravishda, O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining turli yo‘nalishlardagi mustaqilligi va boshqaruv qobiliyati sezilarli darajada kamayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |