YeOII va «gollandcha kasallik» belgilari
YeOIIga qo‘shilish O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun gollandcha kasallik (Dutch disease) xavfini kuchaytirishi mumkin. Bunda xomashyo eksporti va xizmatlardan keladigan valuta tushumi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirishga to‘siq bo‘lib qoladi.YeOIIga kirish O‘zbekiston investitsiya-xomashyo vektorining ishlab chiqarish sanoatiga bosimini kuchaytiradi, xolos. Ta'sir to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshadi: xomashyo sektoriga investitsiyalarning oshishi resurslarni xomashyo va xizmat ko‘rsatish sektorlariga yo‘naltiradi. Bundan tashqari bilvosita ta'sir ham kuzatiladi: importga bo‘lgan talabning oshishi eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish sanoati o‘sishini susaytiradi.Gollandcha kasallikni faqatgina neft mahsulotlari eksporti bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Tarkibiy muvozanatlashmagan iqtisodiyotdagi «yaxshi» yangiliklar makroiqtisodiy va sanoat sohalarining samarasizligiga olib kelishi mumkin.Masalan, valuta bozori va tashqi savdo liberallashuviga qadar O‘zbekiston iqtisodiyoti xomashyo (oltin, energiya) eksportiga, yaqin xorijdagi mehnat muhojirlarining katta miqdordagi pul oqimlariga bog‘lanib qolgan edi. 2018 yilda oltin, energiya va neft mahsulotlari, qora va rangli metallar hamda paxtaning eksportdagi ulushi 60 foizdan ko‘proqni tashkil etdi. Liberallashtirish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xizmatlar (turizm) eksporti orqali xorijiy valuta oqimini oshirdi va kengaytirdi.Shuni ham taxmin qilish mumkinki, O‘zbekiston YeOIIga kiradigan bo‘lsa, Rossiyadan milliy sanoatdagi xarajatlar va yo‘qotishlar o‘rnini qoplay olishi mumkin bo‘lgan imtiyozli moliyaviy sharoitlarni so‘raydi.
O‘zbek modelida, eksportning xomashyo kanallari/tarmoqlaridan olinadigan daromad mehnat resurslarining quyidagi yo‘nalishlarda ko‘chishi va jamlanishiga yordam beradi: tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, malakasiz mehnat migratsiyasi, turizm.Bunda, ularning valuta tushumlari ko‘payishi savdo qilinmaydigan (mamlakatlar o‘rtasida ko‘chib o‘tmaydigan) tovarlar va xizmatlarga (masalan, umumiy ovqatlanish, qurilish, ta'lim, tibbiy xizmat va boshqalar) bo‘lgan talabning oshishiga ko‘maklashadi.Bunday xizmatlar sektori o‘sib bormoqda va bu real almashuv kursining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish sanoati tarmoqlari talab yetishmovchiligiga duch kelyapti. Natijada real almashuv kursining o‘sishi va ichki bozorda ishlab chiqarish sanoati mahsulotlarining taqchilligi importga nisbatan bosimni yuzaga keltirib, joriy to‘lov balansining beqarorlashuviga olib kelmoqda.O‘zbekistonda iqtisodiyot strukturasidagi makroiqtisodiy nomutanosiblik saqlanib qolmoqda va ichki bozorning YeOII uchun ochilishi buni yanada kuchaytiradi. Mamlakat xomashyo eksporti iskanjasidan chiqib ketishga harakat qilib, buning uchun eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirmoqda. Biroq yuqori darajadagi real almashuv kursi sharoitida uy xo‘jaliklariga YeOII mamlakatlaridagi arzon tovarlarga erkin yo‘l berish O‘zbekistondagi sotilayotgan tovarlar (ishlab chiqarish sanoati mahsulotlari) sektoriga yanada ko‘proq zarar keltiradi. Mahalliy tovarlarga nisbatan import tovarlarga bo‘lgan talab yanada kuchayadi.Shunday qilib, iqtisodiyot joriy to‘lov balansining surunkali tanqisligiga duch kelishi mumkin. Ya'ni iqtisodiyot ortiqcha milliy xarajatlarni (iste'mol va investitsiyaviy) tashqi qarzlar va chet el investitsiyalari hisobiga moliyalashtirishni boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |