Ta`limda onglilik va faollik tamoyili
Onglilik va faollik tamoyili ta`limning ko`proq psixologik tomonlarini ifodalaydi. Asosiy vazifa o`quvchining bilimlarni qanday o`zlashtirayotganini, o`qishga munosabati qandayligini va o`quv materialini o`rganish jarayonidagi faolligini bilishdir.
O`z ichki xususiyatiga ko`ra bilimlar ma`lum mantiqiy asoslarga, yo`nalishga ega, qismlari o`zaro aloqador bo`ladi. Ilmiy bilimlar mantiqi ularni o`rganish mantiqini ham belgilaydi. Ilmiy bilimlarda nazariya qancha qat`iy bayon qilingan bo`lsa, o`quvchining fikr yuritishi ham shunchalik aniq bo`ladi. O`quvchining o`quv materialini ongli o`zlashtirish darajasi oshadi, chunki tushunchalarni o`zlashtirish uchun zarur bo`lgan fikrlash jarayonlarini boshqarish osonroqdir.
Nazariy qoidalarni o`zlashtirish sifati darsdagi mashqlarga ko`p jihatdan bog’liq. Bir qoidaning o`zini o`zlashtirish uchun mashqlarning turli tiplarini tanlash mumkin, bu ongli o`zlashtirishga yordam beradi.
Ongli o`zlashtirish darsdagi nazariy va fakt materialning o`zaro nisbati bilan belgilanadi. Agar o`quvchi darsda nazariy qoidalarni ajratib, ularni tushunishga intilsa, albatta, u bu qoidalarning to`g’riligini tasdiqlovchi faktlar, dalil va isbotlarni izlaydi. Faktlar, misollar, izohlar uning uchun yagona maqsad bo`lmay, balki nazariyani o`zlashtirish vositasi bo`lib qoladi.
Bilim olish istagi o`quvchilarga ta`lim berishning muvaffaqiyatini ko`p jihatdan belgilaydi.
Hozirgi sharoitda o`quvchining mustaqil fikr yuritishi, mustaqil suratda bilim olishi tobora ko`proq talab qilinadi. Bilimlarni o`zlashtirish jarayoni ijodiy tus oladi. O`quvchining mashg’ulotlarga bo`lgan munosabatiga, mashg’ulotlarda o`zini qanday tutishiga tobora ko`proq e`tibor qilinadi. O’quvchi o`qishni xoxlasa, o`quv materialini oson o`zlashtiradi. O’qishga salbiy munosabatda bo`lsa yoki befarq qarasa, uning fikrlash faoliyatiga rahbarlik qilish murakkablashadi. Natijada u bilimlarni ko`p kuch sarflab, qiyinlik bilan o`zlashtiradi. O`qish istagi - o`quv jarayoni mantiqining zarur qismidir. Ta`limning samaradorligi o`qituvchining o`z amaliy ishida bolalarni o`qishga izchil va muntazam qiziqtirib borish usullariga juda ham bog’liqdir.
Bilishga qaratilgan psixik jarayonlar etarli darajada faollashgan va psixik holat faol bo`lgan vaqtdagina o`quv materialini o`zlashtirish mumkin. Psixika voqelikning oynaviy aksi emas, balki faol ifodasidir. Psixikaning faol in`ikosi tashqi omillar ta`sirida paydo bo`ladi, o`z mohiyatiga ko`ra u o`quvchi ichki holatining, o`quvchidagi bilish kuchlari va shaxsiy xislatlarning ifodasidir. O`qituvchining vazifasi- o`quvchining bilim olishga bo`lgan intilishidan foydalanish, unda bilishga qiziqishni shakllantirish va mustahkamlashdir. O`quvchi o`quv materialini o`zlashtirishda shaxs sifatida namoyon bo`ladi. O`quv materiali va o`quvchining bilish faoliyati o`quvchi uchun shaxsan qanday ahamiyatga molik ekanini bilish muhimdir. Faollik doim shaxsning ma`lum tomonga intilishini, o`quvchining o`zi ahamiyatli deb bilgan ob`ektlarga diqqat-e`tiborini to`plashini bildiradi. O`qituvchi bolaning bilish faolligini o`quv vazifalarini bajarishga qaratish uchun harakat qiladi. Ammo o`quvchilarning o`quv materialini o`zlashtirishdagi faolligi har xil bo`lishi va o`qituvchining talabiga mos kelmasligi mumkin. O`qituvchi o`quvchining e`tiborini fikrlashdagi mantiqiy operatsiyalarga qaratadi, o`quvchi esa misollar va ta`rif-tavsiflar to`g’risida faol fikr yuritadi. O`quvchiga qoidadan ko`ra misolni esda saqlab qolish osonroq va muhimroq bo`lib ko`rinadi. Yoki, buning aksicha, o`qituvchi qoidani o`zgargan faktik sharoitlarda qo`llana bilish malakasini shakllantirish niyatida o`quvchining bilish faolligini fakt materialga qaratishga intiladi, bolalar esa hadeb qoida va tushunchalar to`g’risida gapiradilar, lekin bu qoida va tushunchalarni o`zlari mustaqil ravishda misollar keltirib tushuntirib bera olmaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |