Pedagogika fanini o`qitishda ta`lim tamoyillari
Reja:
Ta`lim tamoyillari haqida tushuncha
Ta`limda onglilik va faollik tamoyili
Ta`limda ko`rgazmalilik tamoyili
Mustahkam bilimlar berish tamoyili
Ta`limning tizimli bo`lishi tamoyili
Ta`lim va tarbiyaning birligi tamoyili
Ta`limda nazariya bilan amaliyotning uzviyligi tamoyili
Ta`lim tamoyillari - o’quv jarayonining umumiy maqsad va qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda uning mazmuni, tashkiliy shakllari va usullarini belgilovchi asosiy holatlardir. Ular nazariya va amaliyotda asosiy rol o`ynaydi.
Hozirgi pedagogika fanida ta`lim tamoyillari turli jihatdan, ya`ni psixologik, ijtimoiy, metodologik, tarixiy-pedagogik, kibernetik va boshqa nuqtai nazarlardan ta`riflanishi mumkin.
An`anaviy ta`lim tamoyillari psixologik-pedagogik tadqiqotlarda, masalan, ta`lim va rivojlanishning o`zaro nisbati, aqliy harakatlarning shakllanish nazariyasi, ta`limning tajriba tizimining hozirgi talqinlarida ancha jiddiy asoslanmoqda. Odamlar o`rtasidagi shaxsiy munosabatlarni, kichik guruhlar va jamoaning tashkil topish sharoitlarini ochib beruvchi aniq sotsiologik tadqiqotlar, shaxsning shakllanishiga, bolalarning o`qishga munosabatiga, ularning faolligiga ta`limning tarbiyalovchilik ta`sirini yaxshiroq tushunib olish imkoniyatini beradi. Kibernetik nuqtai nazar o`qitish ishini ham yaxlit holda, ham uning ayrim tomonlarini boshqarish tamoyillarini qo`llanish uchun sharoit yaratadi.
Ta`lim bilish faoliyatining bir turi sifatida insonning tevarak-atrofdagi dunyoni bilishining umumiy qonunlari asosida sodir bo`ladi. Ta`lim tamoyillarining metodologik asoslanishi ta`lim jarayonining shu tomonini ochib beradi.
Olimlarning ta`lim tamoyillar soni va nomi to`g’risidagi fikrlari bir-biridan farq qilsa ham, ammo ularning mazmuni va o`qitish qonuniyatlarini tushunish an`anasi asosan bir xildir. Binobarin, quyidagi ta`lim tamoyillari tizimini taklif qilish mumkin: ta`limning tarbiyalovchilik xarakteri; ta`limning ilmiyligi; ta`limning tizimliligi; ta`limning tushunarliligi; ta`limning ko`rsatmaliligi; ta`limda onglilik va faollik; o`rganiladigan bilimlar va hosil qilinadigan malaka va ko`nikmalarning mustahkamligi; ta`limni individuallashtirish.
Ta`limning ilmiyligi va tizimliligi tamoyillarini ba`zan bitta tamoyil deb ta`riflaydilar. Ta`limning tushunarli bo`lishi tamoyilini ham darslarda ko`rgazmali qurollardan foydalanish bilan yoki o`quvchining ongliligi va faolligi tamoyili bilan birlashtirish mumkin, bu narsa ta`lim tamoyillari sonini kamaytiradi. Shuning uchun ham ta`lim tamoyillarining soni adabiyotlarda har xil ko`rsatiladi.
Didaktik tamoyillar tizimida o`quv materialini o`rganish va o`zlashtirishning asosiy yo`llari umumiy ravishda bayon qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |