Mustaqillik davrida milliy milliy – madaniy markazlarining shakllanishi va rivojlanishi. O‘zbekiston polietnik davlatlar qatoriga kiradi. Asrlar davomida bu erda o‘zbeklar bilan yonma-yon tojiklar, qoraqalpoqlar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar, uyg‘urlar va boshqa ko‘pgina xalqlarning vakillari ahil va inoq yashab kelishgan. Shuni aytish mumkinki, mamlakatimizning ko‘pmillatliligiga xalqimizning ochiqko‘ngilligi va mehmondo‘stligi ham sabab bo‘lgan. Bu mintaqadan o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li esa iqtisodiy, madaniy va ma’naviy aloqalarning kengayishiga xizmat qilgan. Shu o‘rinda ayrim dalillarga murojaat qilamiz:
1897 yilda respublikamizning hozirgi hududida 70 millat vakili yashagan. 1927 yilga kelib 90 millat va elat vakili istiqomat qilgan. 1959 yilda 113 millat vakili ro‘yxatga olingan. Bugun esa 130 dan ortiq millat va elat vakillari bor. Mamlakat aholisi (2015 yil birinchi yarmida): 31 million 022 ming 500 kishi.
Shundan 25 milliondan ortiq (81.8%) kishi o‘zbeklar.
6 millionga yaqin (18.9%) kishi boshqa millatlar vakillari.Ulardan:
Tojiklar – 1,5 millionga yaqin (4.7%)
Ruslar – 1 millionga yaqin (3.3%)
Qozoqlar – 900 ming atrofida (3.1%)
Qoraqalpoqlar – 800 mingdan ko‘proq (2.1%)
Tatarlar – 250 mingga yaqin (0.9%)
Qirg‘izlar – 250 ming (0.9%)
Koreyslar – 150 ming atrofida (0.5%)
Turkmanlar – 165 mingdan ko‘proq (0.6%)
Ukrainlar – 87 ming, ozarbayjonlar – 43 ming, armanlar – 40 ming, beloruslar – 21,5 ming, yahudiylar 11 ming, moldovanlar – 5,5 ming, nemislar - 5 mingdan ortiqroqdirlar.
Hozirgi kunda yurtimizda 140 dan ziyod milliy madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida 1992 yil yanvarda Respublika “Baynalmilal madaniyatlar markazi” tashkil etilgan. U jamiyatimizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, milliy va umumbashariy an’analarni ravnaq toptirish, ularning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishga baholi qudrat o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Tashkil etilayotgan ko‘plab tadbirlar, konsert dasturlari, kechalar, festivallar, ko‘rik-tanlovlar, konferensiyalar Shular jumlasidandir. Masalan, “O‘zbekiston — umumiy uyimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Qudratimiz — birlik va hamjihatlikda” kabi shiorlar ostidagi festivallar ko‘p millatli aholimizning chinakam do‘stlik bayramiga aylanib ulgurgan, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Har yili milliy ayyomlarimiz ham markazimiz boshchiligida milliy madaniy markazlar bilan birgalikda munosib nishonlanmoqda.
Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, bugun O‘zbekiston televidenie va radiosida 10 tilda (o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, tatar, uyg‘ur, ozarbayjon) ko‘rsatuv va eshittirishlar olib boriladi. Gazetalar 10 tilda (o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, koreys, tojik, turkman, ukrain, ingliz), jurnallar esa 8 tilda (o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman) bosiladi. O‘rta va oliy ta’lim 7 tilda: o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |