MAVZU: O’zbek adabiy tanqidiy vakillar
Adabiy tanqid hayotning badiiy o’zlashtirish jarayonini o’rganuvchi va shu jarayonda faol ishtirok etuvchi, undagi oqimlarga ta’sir ko’rsatuvchi ilm, o’ziga xos ijod turidir.Bu esa uning o’ziga xos talablari, xususiyatlari qonuniyatlari hamda ma’naviyatga, badiyatga, hayotga ta’sir etuvchi kuchi borligidan dalolat beradi. Adabiy tanqid mohiyatidagi ana shu xosliklarni aniqlamay turib, badiiy asar haqida chuqur ilmiy-estetik fikr yuritish mumkin emas.
Adabiy jarayonda tanqidning roli haqida V.Belinskiyning quyidagi fikri e’tiborga molik:”Adabiyot va san’at tanqid bilan qo’l ushlashib boradi va bir-biriga o’zaro ta’sir ko’rsatadi”. Darhaqiqat, biron bir xalq va muayyan bir davrning adabiy-tarixiy jarayonini, adabiy tanqidning ishtirokisiztasavvur etish mumkin emas. Hatto adabiy tanqidda yangi fikrlar aytish, yangi xulosalar chiqarish uchun unga, aslida badiiy asarlar asos bo’lsa-da, ba’zi xalqlarda ayrim tarixiy davrlarda, adabiy tanqidning yutuqlari adabiyot va san’atning yutuqlaridan ham salmoqliroq bo’lib, umumiy jarayondan bir qadar ilgarilagan va hatto adabiyot va san’atning yangi-yangi yutuqlari uchun nazariy zamin hozirlashga xizmat qilgan.
Masalan, V.G.Belinskiy “Tanqid haqida nutq” maqolasida aytgandek, XVIIII-XIX asr nemis adabiyotida tanqidiy fikrning rivoji ko’p jihatdan badiiy adabiyot va san’atning taraqqiyot yo’llarini avvaldan belgilab bergan. I.S.Turgenevning haqqoniy e’tiroficha, XIX asr rus adabiyoti taraqqiyotida tanqidchi V.G.Belinskiyning ayricha o’rni bor va u shu adabiyotning eng ko’zga ko’ringan vakillari qatorida katta ro’l o’ynaydi. “Ijtimoiy hayot va adabiy jarayonning shakllanishida adabiy tanqidning tutadigan mavqeyi-uning insoniylik pozitsiyasi barqaror xususiyatlaridan hisoblanadi. Tanqid muhokamalari, xulosalari, ijtimoiy ongga, adabiy taraqqiyotga muayyan shaklda, muayyan yo’nalishda hamisha ta’sir o’tkazadi. Bunga eng qadimgi va eng yangi tarixdan, o’tmishdan va bugundan istagancha misollar keltirish mumkin. Basharti tarixda bir qator badiiy yodgorliklar tanqid tufayli adabiy yashab qoldi, desak, mubolag’a bo’lmaydi”. Aytaylik, Alisher Navoiyning “Majolisun nafois” asarida zamonasining shoirlari, o’z ustozlari va izdoshlari to’g’risida ma’lumot berar ekan, ularning ijodiy o’ziga xosliklariga alohida to’xtaladi, ayrim asarlardagi muayyan badiiy nuqsonlar xususida tanqidiy mulohazalarni aytadi, ayni vaqtda mualliflar hayoti va ijodining muhim nuqtalarini yoritadi. Shu bois, “Majolisun nafois” o’z davrida ham, bugun ham ahamiyatini yo’qotmay kelayotir.Yaratilganiga besh asr bo’lgan bu asar o’zbek mumtoz u yoki bu davrini tadqiq etish, o’rganishda hamon nodir manba sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Yana bir misol: Hamzaning bizgacha yetib kelmagan “Qahramon O’g’uz” dramasi haqida 1922-yilda “Qizil bayroq” gazetasida paydo bo’lgan qisqagina taqriz orqaligina ma’lumotga egamiz. Yoki o’z vaqtida O.Sharofiddinovning Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” dramasi haqidagi maqolasi mafkura zug’umiga qaramay, o’zbek tanqidchiligida adolat prinsipining qaror topa borishida katta ta’sir ko’rsatadi. Vaqtida aytilgan bitta salmoqli fikr ayrim hajmdor kitoblarga qaraganda ko’proq ish qila olishi shundan namoyon turibdi. Behbudiy, Cho’lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Aniy, Hamza, H.Olimjon ijodi, o’tgan asrning 20-30-yillarida bildirilgan ayrim siyosiy aybnomalarga qaramay, Vadud Mahmud, Otajon Hoshim, Olim Sharofiddinov, Oybek, H.Yoqubov, M.Shayxzoda kabi tanqidchilar tomonidan “o’z vaqtida aytilgan so’z”lar adabiyotimiz tarixidagi o’rinlarini belgilashda muhim ro’l o’ynadi.
Ayrim hollarda mafkurabozlikka berilib, adabiyot ravnaqiga va adiblar qismatiga, hatto mudhish ta’sir o’tkazib bo’lsa-da, yuqoridagi misollar asosidagi tanqidning bu ijobiy roli adabiyot tarixining har bir bosqichiga oid talay misollar bilan qayta-qayta tasdiq etilishi mumkin. Adabiy tanqid san’atkor mahoratining takomillashuviga, kitobxon estetik didining kamol topishiga ko’maklashadi. U estetika an’analarini rivojlantirish bilan birga g’oyaviy-badiiy jihatdan beriladigan bah ova mezonlarning ham teranlashuviga o’z ta’sirini o’tkazmog’i joiz.
Adabiy-badiiy tanqidchilik oldida estetika an’analarini rivojlantirish vazifalari turadi. Demak, tanqid:1)ijtimoiy hayotda ham; 2) ijodkor faoliyatida ham; 3) kitobxon estetik kechinmalarida ham o’z o’rniga ega. U a) ijtimoiy hayotdagi dolzarb masalalarni; b) ijodkor dunyoqarashi va mahoratini; d) kitobxonning estetik talab va badiiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda san’atning o’z-o’zini anglash shakli sifatida ko’rinadi, muayyan davr, xalq va millat estetik tafakkurning umumiy ichki rivojlanish qonuniyatlarini oydinlashtiradi. Zero, Belinskiy ta’kidlaganidek, “adabiyotning vazifasi tanqidning vazifasidir. Hukm qiluvchi tanqid bilan, hukm qilinuvchi adabiyotning mazmuni birdir”.
Do'stlaringiz bilan baham: |