Plevritning etiologiyasi, klinikasi, diagnostikasi, asoratlari
Ko‘pincha quruq plevrit ekssudatli plevrit rivojlanishidan oldin paydo bo‘ladi. Kasallik birdan qattiq og‘riq bilan boshlanishi mumkin. Og‘riq pariyetal plevraning qovurg‘a sohasi shikastlanganda ko‘krak qafasining yallig‘lanish rivojlangan joyida paydo bo‘ladi. Plevraning boshqa qism¬lari yallig‘langanda og‘riq yelka mushaklarida, o‘ng qovurg‘a ostida, to‘sh suyagining orqasida va qo‘lda bo‘ladi. Og‘riq nafas olish cho‘qqisida, yo‘talganda, so‘zlashganda, qarama-qarshi tomonga egilganda kuchayadi, kasal tomonini bosib yotganda esa kamayadi. Eng kuchli og‘riq kasallikning boshlanishida bo‘ladi. Visseral plevra yallig‘lansa og‘riq kuchli bo‘lmaydi. Ekssudat paydo bo‘lganda og‘riq kamayishi va yo‘qolishi mumkin. Quruq yo‘tal bo‘lib, tana harorati ko‘tarilmasligi, gohida subfebril bo‘lishi kuzatiladi. Nafas olganda ko‘krak qafasining yallig‘langan tomonidagi harakat sog‘ tomoniga nisbatan sustroq bo‘ladi. Ko‘krak qafasining yallig‘lanish joylashgan yeri qo‘l bilan yengil bosilsa og‘riydi, mushaklar qattiqlashgani aniqlanadi. Kaft orqali plevraning ishqalanish shovqini seziladi. Shuningdek, kasallik 1-3 hafta davom etib tuzalishi yoki ekssudatli plevrit rivojlanishi mumkin. Uzoq davom etadigan quruq plevrit o‘pka yoki limfa tugunchalarida faol sil kasalligi mavjudligidan dalolat beradi. Quruq plevritni davolash choralari asosiy kasalliklarni (sil, zotiljam va boshqalar) davolashdan iborat bo‘ladi. Analgetiklar, yo‘talga qarshi dorilar beriladi.
Ekssudatli plevritplevra pardalarining plevra bo‘shlig‘ida yallig‘lanish suyuqligi – ekssudat paydo bo‘lish bilan kechadigan kasallikdir. Ekssudat sifatiga ko‘ra seroz, fibrinoz, gemorragik, yiringli, xilyoz va aralash bo‘ladi. Plevra pardalari yallig‘lanib, ulardagi tomirlar devorining o‘tkazuvchanligi oshib, plevra bo‘shlig‘ining pastki yonboshlarida manfiy bosim ta’sirida ekssudat to‘planadi. Ekssudat ko‘paya borgan sari o‘pkadagi havoni siqib chiqarib, uni zichlaydi, ko‘ks oralig‘idagi a’zolarni sog‘ tomonga suradi. Natijada o‘pka va yurak ishi yomonlashadi. Kasallik ba’zi hollarda asta-sekin, bazida birdan boshlanadi. Tana harorati 39-40oS gacha ko‘tarilishi, ko‘krak qafasida sanchiqli og‘riq bo‘lishi, qiynaydigan yo‘tal bezovta qila boshlaydi. Bemor majburiy holatda o‘tirishi (ekssudat ko‘p bo‘lganda), ba’zan kasallangan yonboshida yotganligi ko‘riladi. Hansirash, ko‘karish, terlash, et junjikishi, behollik, ishtahasizlik, zaharlanish belgilari kuzatiladi. Ko‘krak qafasining kasallangan tomoni nafas olishda sust qatnashadi yoki ishtirok etmay, biroz ko‘tariladi. Ekssudat ko‘p bo‘lganda yurak sog‘ tomonga suriladi, faoliyati yomonlashib, tez uradi va qon bosimi pasayadi. EKGda miokarddagi o‘zgarishlarga xos belgilar qayd qilinadi.
Quruq va ekssudatli plevritlarni diagnostika qilish uchun shifokor maxsus usullar bilan tekshirib ko‘radi. Rentgen usuli bilan tekshirganda, qon, siydik tahlillarida o‘ziga xos va asosiy sababiga ko‘ra o‘zgarishlar topiladi.
Ekssudatli plevrit asosiy kasallikka bog‘liq ravishda 1,5-2 oy davom etadi, ba’zida plevra pardalari bir-biriga yopishib qoladi. Ekssudat juda ko‘p bo‘lganda (2,5-3 l) o‘tkir o‘pka-yurak va qon tomirlar yetishmovchiligi rivojlanib, bemor ahvoli keskin yomonlashadi. Ayrim hollarda plevritlar cheklangan, xaltalangan (diafragmal-ko‘ks-kostal) bo‘lib, chandiqlar hosil qilishi mumkin. Yiringli plevritlar juda og‘ir kechadi. Plevra bo‘shlig‘ini punksiya qilib, suyuqlik (ekssudat)ni olib tekshirib, kasallik sababini aniqlash kerak. Ekssudatli plevrit asosiy kasallikka qarab davolanadi. Muntazam ravishda ekssudatni punk¬siya yo‘li bilan olib, o‘rniga kerakli dorilar yuboriladi.
Bundan tashqari, kasallik qo‘zg‘atgan sababdan qat’i nazar yallig‘lanishiga qarshi, og‘riqni qoldiruvchi, sensibilizatsiyani kamaytiruvchi va yo‘talga qarshi dorilar qo‘llaniladi. Suyuqlik so‘rila borgan sari nafas olish gimnastikasi, massaj qo‘llaniladi. Umumiy quvvatlantiruvchi, simptomatik, zaharlanishnikamaytiruvchi dorilar, biostimulyatorlar beriladi. Yallig‘lanish jarayoni to‘xtagandan so‘ng mahalliy va maxsus kasalxonalarda davolash mumkin. Kasallik oqibati va mehnatga layoqat plevritlarga sabab bo‘lgan asosiy kasallikka, bemorning yoshiga, nafas olish va yurak-tomirlar a’zolarining ish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi. Bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat etib, to‘liq davolanib, tavsiya qilingan muolajalarga rioya qilsa, kasallikdan butunlay forig‘ bo‘ladi.
O‘tkir plevrit, ko‘pincha, ko‘krak kafasida og‘riq bilan boshlanib, yo‘talganda, chuqur nafas olganda zo‘rayadi, bemor darmonsizlanib, harorati ko‘tariladi. Og‘riq yallig‘langan, notekis plevra pardalarining nafas olish vaqtida bir-biriga ishkalanishi natijasida yuzaga keladi. Plevritda bemor ko‘proq kasal tarafida yonboshlab yotadi.
Plevra bo‘shlig‘ida ko‘p suyuqlik to‘planishi oqibatida nafas olish qiyinlashadi, bemorning rangi oqaradi, lab, yonoklari ko‘kardi va yuzaki nafas ola boshlaydi.
Plevritning kechishi va davom etishi asosiy kasallikning tabiatiga bog‘lik. Quruq plevrit bir necha kundan so‘ng tuzalib ketadi. Ekssudatli plevrit esa 2-3 hafta davom etishi mumkin. Kasallikning juda og‘ir o‘tadigan turlaridan biri yiringli shaklidir. Bunda bemorning harorati ko‘tariladi, ertalabki va kechki harorati o‘rtasida katta farq bo‘ladi, u terlaydi, darmonsizlanadi, nafasi qisadi, yo‘taladi.
Kasallikning o‘tkir, boshlang‘ich davrida bemor qimirlamasdan yotishi kerak. Uning ovqatlari yuqori kaloriyali, vitaminlarga boy bo‘lishi lozim.
Plevritning oldini olishda sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish, organizmni chiniktirib borish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |