MAVZU: O’LKAMIZ HUDUDLARIDA ILK DAVLAT UYuSHMALARINING PAYDO BO’LISHI
ReʻJA:
1. Ilk davlatlar paydo bo’lishining asosiy omillari.
2. O’lkamiz hududlarida dastlabki shaharsozlik madaniyati.
3. Eng qadimgi davlatlar. Ulardagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot.
4. Antik davr davlatlari va ularning madaniyati.
1-masala
Nafaqat O’zbekiston, balki dunyo tarixida ilk davlatchilikning paydo bo’lishi masalalari hozirgi kunda tadqiqotchilar orasida eng dolzarb bo’lib turgan muammolardan biri hisoblanadi. Masalani o’rganib, unga aniqlik kiritishdan oldin davlatchilikning ildizlari va paydo bo’lish shart-sharoitlariga diqqat- e’tiborni qaratmog’imiz lozim. Yangi tosh asriga (neolit) kelib O’rta Osiyo hududlarida dehqonchilikning paydo bo’lishi jamiyat hayotida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot jarayonlarini yanada tezlashtirdi. Bronza davriga kelib esa dehqonchilikdan chorvachilikning ajralib chiqishi, ixtisoslashgan hunarmandchilik xo’jaliklarining rivojlanishi natijasida ishlab chiqarish hajmi ko’payib, mehnat qurollari yanada takomillashib bordi. Jamiyatda ishlab chiqaruvchi xo’jalikning paydo bo’lishi va jadallik bilan rivojlanishi o’z navbatida ijtimoiy hayotdagi o’zgarishlarga sabab bo’ldi. Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilik O’rta Osiyo xo’jaligining asosi hisoblanib, bu jarayon janubiy Turkmaniston, Tojikiston va O’zbekistonning janubida bronza (mil. avv. III-II yilliklar) davrida, Toshkent vohasi va uning atroflarida esa ilk temir (VIII-IV asrlar) davrida shakllanib rivojlandi. O’rta Osiyoda ilk davlat uyushmalari sun’iy sug’orish birmuncha qulay bo’lgan Amudaryo (yuqori, quyi, o’rta) oqimlari bo’ylarida, Murg’ob vohasida, Zarafshon va Qashqadaryo vohalarida shakllanib rivojlanadi. Bunday holatni dunyo tarixidagi dastlabki davlatlar-Misr (Nil) va Mesopotamiya (Dajla va Frot) misolida ham kuzatish mumkin. Hozirgi kunga kelib, O’rta Osiyoning juda ko’plab bronza va ilk temir davriga oid yodgorliklaridan (Sopolli, Jarqo’ton, Anov, Qiziltepa, Ko’zaliqir, Afrosiyob, CHust, Dalvarzin, Daratepa va boshq.) ishlab chiqaruvchi xo’jalik bilan bevosita bog’liq bo’lgan metall qurollar topib o’rganilgan. Metall qurollarining mehnat qurollari sifatida jamiyat hayotiga keng yoyilishi mehnat unumdorligining yanada yuksalishi uchun ulkan imkoniyatlar yaratib, bu jarayon davlatchilik paydo bo’lishini yanada tezlashtirdi. So’nggi bronza davriga kelib kulolchilik charxining ishlatila boshlanishi natijasida Sopolli, Oltintepa, Gonur, Jarqo’ton kabilarda kulolchilik mahallalari paydo bo’ladi. SHuningdek, hunarmandchilikning toshga, metallga, yog’ochga, suyakka ishlov berish turlari ham keng tarqaladi. O’unarmandchi-likning ixtisoslashuvi, alohida xo’jalik tarmog’i sifatida shakllanib rivojlanishi jamiyatdagi iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim ahamiyatga ega bo’lib, davlatchilik paydo bo’lishi uchun muhim bo’lgan qo’shimcha mahsulot ko’payishiga turtki bo’ldi. O’rta Osiyo hududlarida yashagan aholi qadimgi davrlardan boshlab o’zaro munosabatlarni rivojlantirib kelganlar. Bronza davriga kelib shimoldagi ko’chmanchi chorvador qabilalar va janubdagi o’troq dehqonchilik aholisi o’rtasida o’zaro mol ayirboshlash va madaniy aloqalar yanada jadallashdi. Bu o’rinda o’sha davrda shakllanib keyinchalik yanada rivojlangan qadimgi yo’llarning ahamiyati beqiyos bo’ldi. Bu yo’llar orqali O’rta Osiyo qadimgi aholisi mintaqadan tashqari qo’shni davlatlar Mesopotamiya, Misr, Hindiston, Eron, Afg’oniston kabilar bilan turli aloqalarni rivojlantirganlar. Xullas, Bronza davriga kelib aholi ishlab chiqarishning ma’lum bir sohalariga — dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikka ixtisoslashib bordi. Bu jarayon ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi va ularning bir yerga to’planishi uchun zamin yaratdi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi o’z nav- batida mahsulot hajmining o’sib, qo’shimcha mahsulot paydo bo’lishiga sabab bo’ldi. Demak, qadimgi xo’jaliklarning ixtisoslashuvi, suQorma dehqonchilikning rivojlanishi, metallning hayotga jadallik bilan kirib kelishi va yoyilishi, hunarmandchilikda turli tarmoqlarning rivojlanishi, o’zaro ayirboshlash va savdo- sotiq taraqqiy etishi natijasida jamiyat hayotida ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish kuzatiladi. Bu yuksalish ilk davlatchilikning asosiy poydevori hisoblanadi.