Moliyaviy hisobotni tuzish oldidan amalga oshiriladigan hisob-kitoblar
Moliyaviy hisobotni tuzishdan oldin uning ko’rsatkichlari aniqligini ta’minlash maqsadida maxsus hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Balans va hisobotda aks ettiriladigan ko’rsatkichlarning aniqligini ta’minlash, o’g’irlik va nobudgarlikchiliklarga qarshi kurash olib borish uchun material, pul mablag’larining hammasi va hisob-kitoblar yilda kamida bir marta inventarizatsiya qilinadi.
Inventarizatsiyaning to’la va qisman turlari mavjud. Korxonaga tegishli mol-mulkning hammasini inventarizatsiya qilish to’la inventarizatsiya, mol-mulkning bir qismini inventarizatsiya qilish esa qisman inventarizatsiya deyiladi.
Inventarizatsiya yana rejali va to’satdan qilinadigan inventarizatsiya turlariga ham bo’linadi. Rejali inventarizatsiya yillik hisobot tuzishdan avval o’tkaziladigan, oylik va choraklik tugallanmagan ishlab chiqarish inventarizatsiyasi va boshqa inventarizatsiyalardir. Тo’satdan qilinadigan inventarizatsiyalar korxona rahbarlariga yoki yuqori tashkilot va organlarga tegishli ob’yektdagi javobgar shaxsning nojo’ya harakatlari haqida biror xabar tushganda, korxona faoliyati taftish qilinishi davrida, o’t olish, suv toshishi va boshqa sabablarga ko’ra amalga oshiriladi.
Inventarizatsiya o’tkazish bo’yicha javobgarlik xo’jalik yurituvchi su’yekt rahbari va bosh buxgalteri zimmasiga yuklatiladi. Inventarizatsiya o’tkazish xo’jalik yurituvchi su’yekt rahbarining buyrug’i bilan amalga oshiriladi. Buyruqda inventarizatsiya o’tkazish komissiyasining a’zolari ro’yxati, uni o’tkazish muddati, nimalarni inventarizatsiya qilish ko’rsatiladi. Inventarizatsiya o’tkazish komissiyasiga rahbar yoki uning o’rinbosari raislik qiladi. Komissiya a’zolari ichida bosh buxgalter bo’lishi shart.
Inventarizatsiya ro’yxati hamma komissiya a’zolari hamda moddiy javobgar shaxs tomonidan imzolanishi shart. Yana moddiy javobgar shaxs «Ushbu inventarizatsiya ro’yxatida ko’rsatilgan moddiy boyliklar mening ko’z oldimda hisoblab chiqilgan va shu moddiy boyliklarni o’z shaxsiy javobgarligimga qabul qildim hamda inventarizatsiya komissiyasiga mening hech qanday da’vom yo’q» degan mazmunda tilxat beradi.
Inventarizatsiya qaydnomasi shakli inventarizatsiya qilinayotgan mablag’lar xususiyatlariga ko’p jihatdan bog’liqdir. Lekin qaydnomada mablag’ning nomi, o’lchov birligi, bahosi, hisob va inventarizatsiya ma’lumotlariga ko’ra qoldig’i, inventarizatsiya natijasi-kamomad va ortiqchalik son va pul ko’rinishida aks ettirilishi lozim. Amalda ko’pchilik hollarda inventarizatsiya ro’yxatiga farqi aniqlangan mablag’lar nomigina kiritiladi. Bu esa ishni birmuncha qisqartiradi. Aniqlangan hamma kamomad va ortiqchalik yuzasidan moddiy javobgar shaxs yozma tushuntirish beradi. Shundan keyin inventarizatsiya komissiyasi inventarizatsiya natijalari bo’yicha tegishli qaror qabul qiladi va bu qaror korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Qarorga muvofiq, ortiqcha chiqqan boyliklar qabul qilinadi. Kamomadlar esa «Boyliklarning buzilishidan keladigan nobudgarchilik va kamomad» nomli schyotda hisob qilinadi. So’ngra bu schyotdan me’yor chegarasidagi tabiiy kamayish, ishlab chiqarish xarajatlari schyotlariga, me’yordan ortiqcha kamomad aybdor shaxs hisobiga yoziladi.
Хo’jalik yurituvchi su’yektlar inventarizatsiya o’tkazishda O’zR Adliya vazirligining 833-sonli buyrug’i bilan 1999-yil 2-noyabrda ro’yxatdan o’tkazilgan 19-sonli buxgalteriya hisobi milliy standarti «Inventarizatsiyani tashkil etish va o’tkazish»ga to’liq amal qiladilar.
Quyidagi hollarda inventarizatsiya o’tkazilishi shart:
- mulk ijaraga berilganda, sotib olinganda, sotilganda, shuningdek davlat korxonasi qayta tashkil etilganda (davlat tasarrufidan chiqarilganda):
-moliyaviy hisobot tuzishdan oldin, lekin hisobot yilining 1-oktabridan keyin inventarizatsiya qilingan mulk bundan mustasnodir.
Buxgalteriya hisobi milliy standartining 4-sonli «Тovar-moddiy zaxiralari»ga binoan tovar-moddiy zaxiralar inventarizatsiyasi kamida bir yilda kamida bir marta o’tkaziladi. Buxgalteriya hisobi milliy standartining 5-soni «Asosiy vositalar»ga binoan asosiy vositalar inventarizatsiyasi kamida ikki yilda bir marta o’tkaziladi, kutubxona fondi esa besh yilda bir marta inventarizatsiya qilinadi.
Pul mablag’lari, pullik hujjatlar, qimmatliklar va qat’iy hisobot blankalari bir oyda bir marta, yonilg’i va moylash materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari har chorakda inventarizatsiya qilinadi. Qimmatli metallar tarmoq yo’riqnomalarida ko’rsatilgan muddatlarda inventarizatsiya qilinadi.
Bundan tashqari, quyidagi hollarda ham moddiy qimmatliklar inventarizatsiya qilinadi:
-asosiy vositalar va tovar moddiy qimmatliklarni qaytadan baholash;
-moddiy javobgar shaxslar almashganda (ishlarni qabul qilish-topshirish kuniga);
-o’g’irlik va boshqa nopok voqealar, shuningdek qimmatliklarning buzilishi sodir bo’lgan;
-tabiiy ofat, yong’in, avariya yoki hodisalar bilan bog’liq bo’lgan boshqa favqulodda holatlarda;
-xo’jalik yurtuvchi su’yektlari tugatilgan (qayta tashkil etilgan)da tugatish (bo’lish) balansini tuzishdan oldin va qonunchilik bilan nazarda tutilgan boshqa hollar.
Inventarizatsiya o’tkazish uchun xo’jalik yurituchi su’yektlarda quyidagi tartibda doimiy harakatdagi inventarizatsiya komissiyasi tashkil etiladi:
Korxona rahbari yoki uning yordamchisi (komissiya raisi).
Bosh buxgalter.
Boshqa mutaxassislar (muhandis, iqtisodchi va sh .k.).
Ichki audit vakili.
Agar ish hajmi ko’p bo’lsa, mulklar va moliyaviy majburiyatlar inventarizitsiyasini bir vaqtning o’zida o’tkazish uchun korxona rahbarlarining buyrug’i bilan quyidagi tartibda ishchi inventarizatsiya komissiyasi tashkil etiladi:
Inventarizatsiya o’tkazishni tayinlangan xo’jalik yurituvchi su’yektning vakili (komissiya raisi);
Mutaxassislar; tovarshunos, muhandis, texnolog, mexanik, ish yurituvchi, iqtisodchi, buxgalteriya xodimi va boshqalar.
Doimiy harakatdagi komissiya quyidagi vazifalarni bajaradi:
-qimmatliklar butligini ta’minlash bo’yicha profilaktika ishlarini olib boradi;
-inventarizatsiya o’tkazishni tashkil etadi, ishchi inventarizatsiya komissiya a’zolariga maslahatlar beradi;
- inventarizatsiya natijalarining to’g’riligini tekshiradi;
- kamomad va nobudgarchilikka, shuningdek boshqa kamchiliklarga yo’l qo’ygan shaxslardan olingan tushintirish xatlarini ko’rib chiqadi va aniqlangan kamomad va nobudgarchiliklari to’g’risida takliflar beradi.
Xulosa
«Moliyaviy hisobot» kursi «Buxglteriya hisobi nazariyasi», «Moliyaviy hisob», «Boshqaruv hisobi», «Moliyaviy tahlil», «Moliya va kredit», «Soliq va soliqqa tortish», «Menejment», «Marketing», «Statistika» kabi fanlar uzviy bog’liqlikda o’rganiladi.
«Moliyaviy hisobot» fanini o’qitishda quyidagi ilg’or pedagogik va axborot texnologiyasidan: aqliy hujum, bumerang, insert, veer, prezentatsiya, slaydlar tayyorlash va ulardan samarali foydalanish; testlar tayyorlash, Internet tizimidan keng foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |