III. HAYDOVChILARNING UMUMIY MAJBURIYATLARI
3.1. Mexanik transport vositasi haydovchisi quyidagi hujjatlarni yonida olib yurishga majbur:
— tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma va uning taloni;
— transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida hujjat;
— yo‘l yoki yo‘nalish varaqasi (xususiy transport vositalari egalaridan tashqari), tashilayotgan yukning hujjatlari;
— transport vositasining egasi yonida bo‘lmaganida, transport vositasidan foydalanish huquqini beruvchi qonuniy rasmiylashtirilgan ishonch qog‘ozi, shartnoma yoki umumiy egalik huquqi to‘g‘risidagi guvohnomasi bo‘lishi lozim. Haydovchilar mazkur hujjatlarni DAN va militsiya xodimlari talab etganda berishlari lozim.
3.2. Haydovchi (shaxsiy transport vositalarining egalaridan tashqari) umum foydalanadigan transport vositalarini tekshiruv-taftish xizmati xodimlariga to‘xtashi va yo‘l varaqasi, yuk hujjatlarini tekshirish uchun berishi shart.
3.3. Shaxsiy transport vositasining egasi yoki ishonch qog‘oziga ega shaxs tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan boshqa shaxsga o‘zining transport vositasini vaqtincha boshqarishga ruxsat etishi mumkin. Ammo o‘zi yonida bo‘lishi kerak.
3.4. Transport vositasida O‘zbekistonga kelayotgan yoki xorijga ketayotgan haydovchida:
— transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqida hujjat (oldi-sotdi shartnomasi, notarial tasdiqlangan ishonch qog‘ozi, bojxona guvohnomasi);
— 1968-yilgi “Yo‘llarda harakatlanish haqidagi Konvensiya” talabiga muvofiq haydovchilik guvohnomasi;
— transport vositasida u tark etayotgan davlatning raqam va farqlovchi belgisi bo‘lishi shart.
3.5. Haydovchining majburiyatlari :
— harakatlanishdan oldin transport vositasining sozligini, tozaligini va to‘liq jihozlanganligini tekshirish;
— transport vositasining texnik holatini kuzatib borish;
— mototsikl, motoroller, mopedni maxsus bosh kiyimda boshqarish, yo‘lovchilarni ham maxsus bosh kiyim bilan ta’minlash;
— harakatlanishdan oldin yo‘lovchilarning transport vositasiga to‘liq chiqib, joylarini egallagan bo‘lishlariga, odam tashish uchun maxsus jihozlangan yuk tashuvchi transport vositalarida odam tashiyotganda yo‘lovchilarni mazkur qoidaning 7.5 bandi talablarini bajarganliklariga ishonch hosil qilgan bo‘lishi, transport vositasining eshiklarini yopishi shart.
— haydovchi o‘z harakatida piyoda, xususan bolalar, nogiron va qariyalarga, velosipedchilarga nisbatan nihoyatda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi lozim;
— haydovchi yo‘llardan foydalanuvchilarga, uning chekkasida yashovchi kishilarga yuqori darajada shovqin solib, suv sachratib va chang ko‘tarib, noqulayliklar tug‘dirmaslikka harakat qilishi lozim.
3.6. Haydovchi quyidagi hollarda transport xizmati ko‘rsatishi shart:
— xizmat vazifasi bilan bog‘liq hollarda militsiya xodimlariga;
— tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarga;
— yo‘ltransporti hodisasi tufayli shikastlangan transport vositalarini shatakka olib borishda (faqat yuk avtomobillari haydovchilari);
— tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shu yo‘nalishda ketayotgan tibbiyot xodimlariga, shuningdek harakat yo‘nalishidan qat’i nazar, hayoti xavf ostida qolgan bemorni yaqin oradagi davolash muassasasiga olib borishda (maxsus va diplomatik transport vositalari bundan mustasno).
3.7. Militsiya va tibbiyot xodimlari haydovchi talab qilganda o‘z guvohnomalarini ko‘rsatishlari, haydovchining yo‘l varaqasiga yurilgan vaqti, bosib o‘tilgan masofa, o‘z ismi-sharifi, mansabi, tashkilotning nomini yozib berishlari lozim.
3.8. Nogiron taniqli belgisi bilan belgilangan, nogironlar boshqarayotgan transport vositalar va kajavali yoki kajavasiz mototsikllar 3.2., 3.3 va 3.28 belgilari talablaridan chetga chiqishlari mumkin. Qo‘shimcha 7.18 belgisi bo‘lganda 3.27 belgisining ta’sir chegarasida to‘xtashga ruxsat etiladi.
3.9. Haydovchiga quyidagilar man qilinadi:
— har qanday mastlik (me’yoridan qat’i nazar) yoki giyohvand moddalar ta’sirida betoblik, harakatlanish xavfsizligiga tahdid soladigan darajada charchoqlik, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’siri ostida transport vositasini boshqarish;
— har qanday mastlik yoki giyohvand moddalar, harakatlanishga tahdid soladigan darajada charchagan, e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’siridagi, transport vositasini boshqarish huquqini beradigan tegishli toifadagi guvohnomasi bo‘lmagan yoki bo‘lsada, yo‘l varaqasida ismi-sharifi ko‘rsatilmagan shaxslarga transportni boshqarish uchun topshirish;
— texnik nosoz transport vositalarini boshqarish;
— moped, motoroller va mototsikllarni ovoz o‘chirgich (glushitel)siz boshqarish yoki uni olib qo‘yib yurish;
— tegishli ruxsatsiz transport vositalariga maxsus texnik jihozlari (ratsiya, sirena va h. k.)ni o‘rnatish.
Do'stlaringiz bilan baham: |